559-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish huquqi Quyidagilar yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega:
1) xodim yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi;
2) Davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari;
3) ish beruvchi, u mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qaroridan norozi bo‘lganda, shuningdek o‘ziga xodim tomonidan yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash haqidagi nizolar bo‘yicha;
4) qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari;
5) prokuror.
560-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish muddatlari Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;
boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.
Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.
561-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi va boshqa ishga o‘tkazish haqidagi nizolar bo‘yicha qarorlar qabul qilish Mehnat shartnomasi qonuniy asossiz bekor qilingan, g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan, mehnat shartlari o‘zgartirilgan yoxud ishdan chetlashtirilgan hollarda yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi organ xodimni avvalgi ishiga tiklaydi, shuningdek avvalgi mehnat shartlarini tiklaydi.
Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishning qonuniyligi to‘g‘risidagi masalani hal qilayotganda sud xodim bilan mehnat munosabatlarini tugatishning asosliligiga baho beradi.
Yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiqayotgan sud xodimga majburiy progulning butun vaqti uchun o‘rtacha ish haqini yoki kam ish haqi to‘lanadigan ishni bajargan butun vaqti uchun ish haqidagi farqni to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
G‘ayriqonuniy ravishda hukm qilinganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoxud g‘ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan ishdan (lavozimidan) chetlashtirilgan xodimga avvalgi ishi (lavozimi) berilishi kerak, agar buning imkoni bo‘lmasa (tashkilotning (uning alohida bo‘linmasining) tugatilishi, qisqartirishga olib kelgan shtatlar o‘zgarishi yoki ishiga (lavozimiga) tiklanishiga to‘sqinlik qiluvchi qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda), avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi kerak.
Tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan hollarda yoki ishga (lavozimga) tiklashga monelik qiladigan, qonunda nazarda tutilgan o‘zga asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, boshqa teng ish berish mahalliy mehnat organlari tomonidan amalga oshiriladi.