108-modda. Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan e’tiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart.
Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo‘lsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.
109-modda. Mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish Mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, shuningdek unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.
110-modda. Mehnat shartnomasining muddati Mehnat shartnomasi:
nomuayyan muddatga;
uch yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
111-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi Agar muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan bo‘lsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir.
Agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bo‘lajak ishning xususiyatini yoki uni bajarish shartlarini hisobga olgan holda nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 112-moddasiga muvofiq muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.
Ushbu Kodeksning 113-moddasida nazarda tutilgan hollarda muddatli mehnat shartnomasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bo‘yicha bo‘lajak ishning xususiyatini va uni bajarish shartlarini hisobga olmasdan tuzilishi mumkin.
Belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud bo‘lmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Muddatli shartnomani tuzish sabablari bo‘lib xizmat qilgan holatlarga o‘rin qolmagan taqdirda, shuningdek yuz berishi mehnat shartnomasi muddatining tugashi bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa sodir bo‘lganiga uch yildan oshgan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz belgilangan muddatga qayta tuzilishi mumkin emas.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, muddatli mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin, ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda taraflar uning amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda muddatli mehnat shartnomasining jami muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar muddatli mehnat shartnomasining umumiy muddati u uzaytirilishidan oldin va keyin besh yildan oshgan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
O‘zi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar uchun nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanadi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.