360-modda. Majburiy tibbiy ko‘riklar Ish beruvchi quyidagilarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etishi shart:
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni;
umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarni;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni;
mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport vositalarining harakati bilan bog‘liq ishlarda band bo‘lganlarni;
oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band bo‘lganlarni;
umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga ta’lim yoki tarbiya berish bilan band bo‘lgan pedagog xodimlarini va boshqa xodimlarini.
Mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarning hamda bajarilayotganda dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladigan boshqa ishlarning ro‘yxati va ushbu ko‘riklarning o‘tkazilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo‘lmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan erdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.
Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish majburiyati qonunchilikka muvofiq majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shaxslar boshqa ishga o‘tkazilgan taqdirda ham ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
Xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi.
Xodimlar majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishdan bo‘yin tovlashga haqli emas.
Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
Agar xodim sog‘lig‘ining yomonlashishi mehnat sharoitlari bilan bog‘liq deb hisoblasa, u navbatdan tashqari majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilish huquqiga ega.
Majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.