356-modda. Mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarni ta’minlash kafolatlari Davlat xodimlarga mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarda mehnat qilish huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi.
Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelishi kerak.
Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilganligi tufayli ish beruvchining faoliyati to‘xtatilgan vaqtda xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi. Bu vaqtda xodim bajarayotgan ishi bo‘yicha mehnatiga haq to‘langan holda, lekin avvalgi ish bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘langan holda o‘z roziligi bilan ish beruvchi tomonidan boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin.
Xodim o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf yuzaga kelganda ishni bajarishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bunday xavf bartaraf etilguniga qadar xodimga boshqa ish berishi shart.
Agar xodimga obyektiv sabablarga ko‘ra boshqa ish berishning imkoni bo‘lmasa, xodimning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf bartaraf etilguniga qadar bekor turib qolgan vaqti uchun ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq to‘lanadi.
Xodim belgilangan normalarga muvofiq shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlanmagan taqdirda, ish beruvchi xodimdan mehnat majburiyatlarini bajarishni talab qilishga haqli emas va shu sababdan ishda yuzaga kelgan bekor turib qolganlik uchun ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq to‘lashi shart.
Xodimning mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi oqibatida o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelgan taqdirda yoxud mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlarni bajarishni rad etishi uni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lmaydi.
Xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan hayotiga va sog‘lig‘iga ziyon yetkazilgan taqdirda, ushbu ziyonning o‘rnini qoplash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida davlat mazkur talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi tashkil etilishini hamda amalga oshirilishini ta’minlaydi va ish beruvchi hamda uning mansabdor shaxslarining mazkur talablarni buzganlik uchun javobgarligini belgilaydi.