457-modda. Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va o‘tkazishni rasmiylashtirish Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilish va o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi xodimni masofadan turib ishlashga nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasiga ko‘ra qabul qilish haqidagi ish beruvchining buyrug‘i e’lon qilinishi uchun asosdir. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan cheklovlarga amal qilgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv doimiy ravishda masofadan turib ishlashga o‘tish to‘g‘risida buyruqni e’lon qilish uchun asos bo‘ladi.
Xodimning vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishi haqida buyruqni e’lon qilish uchun xodimning masofadan turib ishlashga o‘tishga va ishni masofadan turib bajarish rejimi shartlariga roziligini aks ettiradigan arizasi asos bo‘ladi.
458-modda. Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga yoki masofadan ishlashga o‘tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo‘lgan xodimlarning toifalari Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchida tegishli texnik va tashkiliy imkoniyatlar mavjud bo‘lganda vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquq beriladigan xodimlarning toifalari quyidagilardan iborat:
homilador ayollar;
o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari, vasiylari;
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
yoshga doir pensionerlar;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor a’zolarini parvarishlayotgan xodimlar.
Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki hujjatda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarning boshqa toifalari ham vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘lishi mumkin.