474-modda. Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish Mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish asosida aniqlanadigan, mehnat sharoitlari xodimning mehnat qobiliyatiga va sog‘lig‘iga nomaqbul ta’sir ko‘rsatadigan ish o‘rinlarida band bo‘lgan xodimlar mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlardir.
Mehnat sharoitlarini, ish o‘rinlaridagi mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfini baholash, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash, shuningdek mehnat sharoitlarini, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlar majmui ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishdir.
Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
475-modda. Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarga qo‘shimcha kafolatlar Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarga mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar, mehnatga haq to‘lash, shuningdek boshqa mehnat sharoitlari borasida qo‘shimcha kafolatlar beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga kafolatlarning eng past darajasi qonunchilikda belgilanadi. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan boshqa ichki hujjatlarda mazkur toifadagi xodimlarga qo‘shimcha kafolatlar berish nazarda tutilishi mumkin.
476-modda. Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish Ish beruvchi noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini tashkil etishi shart.
Bajarilishi chog‘ida dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladigan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxati hamda majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.