-modda. O‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olishni qo‘llashdagi cheklovlar
480-modda. O‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olishni qo‘llashdagi cheklovlar O‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olishni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
481-modda. Noqulay mehnat sharoitlaridagi ish uchun yillik qo‘shimcha ta’til Noqulay mehnat sharoitlarida band bo‘lgan xodimlar yillik qo‘shimcha ta’til olish huquqiga ega.
Qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan ishlar, kasblar va lavozimlar ro‘yxati, ta’tillarning davomiyligi, ularni berish tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
Noqulay mehnat sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarga beriladigan yillik qo‘shimcha ta’tilning eng qisqa davomiyligi, shuningdek noqulay mehnat sharoitlaridagi ish uchun yillik qo‘shimcha ta’tillarni berish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
482-modda. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida xodimlar uchun xuddi ish vaqtining normal davomiyligida bo‘lgani kabi miqdorda amalga oshiriladi.
Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash oshirilgan miqdorda belgilanadi.
Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar mehnatiga to‘lanadigan haqni oshirishning eng kam miqdori normal mehnat sharoitlaridagi har xil turdagi ishlar uchun belgilangan tarif stavkasining (maoshning) to‘rt foizini tashkil etadi.
Mehnat haqini oshirishning aniq miqdorlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.