486-modda. Tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida bo‘linmasining rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzish Tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmasining rahbari bilan tashkilotning ta’sis hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida belgilangan muddatga muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyatining rahbari bilan qonunda belgilangan muddatga muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.
Qonunda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda, tashkilotning ta’sis hujjatlarida tashkilot rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzilishidan oldingi tartib-taomillar (tanlov o‘tkazish, lavozimga saylash yoki tayinlash va hokazo) belgilanishi mumkin.
Tashkilot rahbarini, uning o‘rinbosarlarini, tashkilot bosh buxgalterini va tashkilotning alohida bo‘linmasi rahbarini ishga qabul qilish chog‘ida olti oygacha muddat bilan dastlabki sinov belgilanishi mumkin.
487-modda. Tashkilot rahbarining, uning o‘rinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida bo‘linmasi rahbarining o‘rindoshlik asosida ishlashi Tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmalarining rahbari boshqa ish beruvchida faqat tashkilotning vakolatli organi yoki tashkilot mulkdori yoxud mulkdor vakolat bergan shaxs (organ) ruxsati bilan o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkin.
488-modda. Tashkilot rahbarining, uning o‘rinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida bo‘linmasi rahbarining moddiy javobgarligi Tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmasi rahbari tashkilotga o‘zi bevosita yetkazgan haqiqiy zarar uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini tashkilot mulkdorining (aksiyadorlar, ishtirokchilar, muassislar umumiy yig‘ilishining) yoxud kuzatuv kengashining yoki mulkdor vakolat bergan boshqa organning talabiga binoan qoplaydi. Bunda zararlarni hisob-kitob qilish fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
489-modda. Tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida bo‘linmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari Ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida bo‘linmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
1) tashkilot mulkdori o‘zgarganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra. Mehnat shartnomasini shu asosga ko‘ra bekor qilishga tashkilot mulk qilib olingan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘l qo‘yiladi. Mazkur muddatga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi davrlari, uning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lganligi vaqti, boshqa uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan davrlari kiritilmaydi;
2) mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra.
Quyidagilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini olish talab qilinmaydi:
ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan asoslardan istalgan biriga ko‘ra tashkilot rahbari, shuningdek alohida bo‘linma rahbari bilan;
ushbu modda birinchi qismining 1-bandiga ko‘ra tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, alohida bo‘linma rahbari bilan.
Tashkilot rahbari o‘z tashabbusiga ko‘ra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugashidan oldin muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘lib, bu haqda ish beruvchini ikki oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak.
Rahbarning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, alohida bo‘linmalar rahbarlari o‘z tashabbusiga ko‘ra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugashidan oldin muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘lib, bu haqda ish beruvchini bir oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak.