490-modda. Tashkilotning kollegial ijro etuvchi organi a’zolarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari Qonunchilikda, tashkilotning ta’sis hujjatlarida tashkilot rahbari uchun ushbu paragrafda belgilangan mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari mehnat shartnomasini tuzgan tashkilot kollegial ijro etuvchi organi a’zolariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin.
2-§. Mavsumiy xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari 491-modda. Mavsumiy ishlar Iqlim va boshqa tabiiy sharoitlar tufayli muayyan davr (mavsum) davomida bajariladigan ishlar mavsumiy ishlardir.
Mavsumiy ishlarning davomiyligi, qoida tariqasida, olti oydan oshmasligi kerak.
Mavsumiy ishlarning, shu jumladan olti oydan ortiq davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ayrim mavsumiy ishlarning ro‘yxatlari va mazkur ayrim mavsumiy ishlarning eng ko‘p davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
492-modda. Mavsumiy ishlarni bajarish to‘g‘risida mehnat shartnomasi tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari Ishning mavsumiy xususiyati to‘g‘risidagi shart mehnat shartnomasida ko‘rsatilishi kerak.
Mavsumiy xodimlarni ishga qabul qilish chog‘ida sinov muddati belgilanmaydi.
Mavsumiy xodimlar bilan mehnat shartnomasi mavsumning davomiyligidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
493-modda. Mavsumiy xodimlarning mehnat ta’tili Mavsumiy xodimlar ishning har bir oyi uchun kamida ikki kalendar kun hisobidan haq to‘lanadigan mehnat ta’tili olish huquqiga ega.
Agar mavsumiy xodim to‘liq mavsum ishlagan bo‘lsa, unga keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda haq to‘lanadigan mehnat ta’tili beriladi. Bu holda ta’tilning oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda haq to‘lanadigan mehnat ta’tili o‘rniga mavsumiy xodimga uning xohishiga ko‘ra pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Agar mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mavsum tugagunga qadar muddatidan oldin bekor qilinsa, mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida unga foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda kompensatsiya to‘lanadi.