552-modda. Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisining bayonnomasi Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisida bayonnoma yuritiladi, u komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisining bayonnomasida o‘tkazilayotgan majlisning quyidagi butun jarayoni aks ettiriladi:
majlis o‘tkazilayotgan sana;
komissiya tarkibi;
qanday ariza ko‘rilayotganligi;
komissiya majlisini olib borish tartibi;
xodim (uning vakili) hamda ish beruvchining vakili tomonidan keltirilayotgan tushuntirishlar va vajlarning, shuningdek guvohlar ko‘rsatuvlarining, mutaxassislar fikrlarining bayoni;
qarorning mazmuni.
Yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari va mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisining manfaatdor ishtirokchilari majlis bayonnomasi bilan tanishishga haqli hamda ushbu bayonnoma imzolangan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida bayonnomaga nisbatan yozma e’tirozlarini undagi xatolarni, noto‘g‘ri talqinlarni yoki bayonnomaning to‘liq emasligini ko‘rsatgan holda berishi mumkin. Komissiya taraflarning yozma e’tirozlarini majlis bayonnomasiga ilova qilishi kerak.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisining bayonnomasini yuritish komissiya majlisining audio- yoki videoyozuvi orqali elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
553-modda. Xodimning arizasini qabul qilishni rad etish Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya xodimning arizasini qabul qilishni, agar mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning yoki sudning ish yurituvida xuddi shu taraflar o‘rtasidagi nizo bo‘yicha, xuddi shu predmet va xuddi shu asoslar bo‘yicha boshqa ariza mavjud bo‘lsa yoxud ariza xodimning nomidan buning uchun vakolatli bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa yoki ushbu yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiqish komissiyaning vakolatlariga kirmasa, rad etadi.
Avvalgi majlisda tayinlangan mehnat nizolari bo‘yicha komissiya raisi ariza beruvchiga arizani qabul qilishga doir yozma ravishda asoslantirilgan rad javobini uch kunlik muddat ichida beradi.