71-modda. Jamoa shartnomasining kuchga kirishi va amal qilish muddati Jamoa shartnomasi imzolangan kundan e’tiboran yoki jamoa shartnomasida belgilangan kundan e’tiboran kuchga kiradi va shartnomada nazarda tutilgan muddat ichida, biroq ko‘pi bilan uch yil amal qiladi. Mazkur muddat tugagach, jamoa shartnomasi taraflar yangi shartnoma tuzguniga yoki amaldagi jamoa shartnomasini o‘zgartirguniga, to‘ldirguniga qadar amal qiladi. Taraflar jamoa shartnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar uni uzaytirishi mumkin.
72-modda. Jamoa shartnomasi amal qilishining shaxslar doirasi bo‘yicha tatbiq etilishi Jamoa shartnomasining amal qilishi ish beruvchiga va tashkilotning barcha xodimlariga, yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan, tashkilotning alohida bo‘linmasida tuzilgan jamoa shartnomasining amal qilishi esa tegishli bo‘linmaning barcha xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Jamoa shartnomasining amal qilishi jamoa shartnomasi kuchga kirganidan keyin ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
73-modda. Tashkilot qayta tashkil etilgan taqdirda jamoa shartnomasi amal qilishining saqlanib qolishi Tashkilot qayta tashkil etilayotganda shu qayta tashkil qilish davrida jamoa shartnomasi o‘zining amal qilishini saqlab qoladi.
Tashkilotni qayta tashkil etish yakunlangan paytdan e’tiboran bir oy ichida jamoaviy muzokaralarning istalgan tarafi amaldagi jamoa shartnomasini qayta ko‘rib chiqish yoki o‘z kuchida saqlab qolish to‘g‘risida taklif kiritishga haqli.
74-modda. Tashkilotning mulkdori o‘zgarganda jamoa shartnomasi amal qilishining saqlanib qolishi Tashkilotning mulkdori o‘zgarganda jamoa shartnomasining amal qilishi olti oy mobaynida saqlab qolinadi. Bu davrda taraflarning yangi jamoa shartnomasini tuzish yoxud amaldagisini saqlab qolish, unga o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish haqida muzokaralar boshlashga haqli.
Jamoa shartnomasini qayta ko‘rib chiqish chog‘ida avvalgi jamoa shartnomasida xodimlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlarni saqlab qolish mumkinligi haqidagi va boshqa shartlarni bajarish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.