68-modda. Jamoa shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi Jamoa shartnomasida quyidagi shartlar bo‘lmasligi kerak:
xodimlarning holatini mazkur xodimlarga tatbiq etiladigan qonunchilikka yoki jamoa kelishuvlariga nisbatan yomonlashtiradigan;
mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
ichki darajada hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalardan tashqariga chiqadigan.
Agar jamoa shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bo‘lsa, bunday shartlar haqiqiy emasdir. Jamoa shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi jamoa shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.
69-modda. Jamoa shartnomasining loyihasini muhokama qilish Jamoa shartnomasining loyihasi tashkilotning bo‘linmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinishi lozim hamda kelib tushgan takliflar va mulohazalar hisobga olingan holda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan maromiga yetkaziladi.
Jamoa shartnomasining loyihasi jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish uchun tegishli kasaba uyushmalariga, ularning birlashmalariga, bo‘linmalarga va kasaba uyushmalari qo‘mitalariga taqdim etilishi mumkin.
Jamoa shartnomasining maromiga yetkazilgan loyihasi mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishiga (konferensiyasiga) ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
70-modda. Jamoa shartnomasini tuzish tartibi Jamoa shartnomasi, agar mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) hozir bo‘lganlarning ellik foizidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, ma’qullangan hisoblanadi. Agar jamoa shartnomasining loyihasi ma’qullanmasa, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya uni umumiy yig‘ilishning (konferensiyaning) takliflari va mulohazalariga muvofiq maromiga yetkazadi hamda o‘n besh kun ichida umumiy yig‘ilishda (konferensiyada) ko‘rib chiqish uchun takroran taqdim etadi.
Taraflar jamoa shartnomasi loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida hal qila olmagan ixtiloflarni hal etish bo‘yicha nizolar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Jamoa shartnomasi mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) ma’qullanganidan keyin taraflarning vakillari uch kun ichida jamoa shartnomasini imzolaydi.