3-bob. Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish 33. Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshiriladi hamda ikkita bosqich bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.
Oldingi tahrirga qarang. 34. Birinchi bosqichda pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi ta’lim tashkilotining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan o‘rganiladi hamda mazkur Nizomga 5-ilovaga muvofiq baholash mezonlari asosida 20 ballik tizimda baholanadi.
Pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi har bir attestatsiya uchun alohida baholanadi. Bunda oldingi attestatsiya jarayonida baholash obyekti bo‘lgan ko‘rsatkichlar keyingi attestatsiyaning pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash bosqichida hisobga olinmaydi.
Manfaatdor vazirliklar va idoralar pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini mazkur Nizomga 5-ilovaga muvofiq baholash mezonlari asosida o‘rganish va baholash uchun o‘z tizimidagi muassasalarni yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishga ixtisoslashgan boshqa tashkilotlarni, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilishlari mumkin.
Pedagog kadrlarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash natijalari ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakldagi ma’lumotnomaga kiritilib, ta’lim tashkiloti rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda, Ta’lim inspeksiyasiga topshirish uchun pedagog kadrlarga taqdim etiladi.
Pedagog kadrlar pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash natijalari yuzasidan ma’lumotnomada necha ball ko‘rsatilganidan qat’i nazar, attestatsiyaning keyingi bosqichida ishtirok etishlari mumkin.
Pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikni baholash natijalari yuzasidan ma’lumotnoma attestatsiyadan o‘tish uchun hujjat topshirish boshlangan sanaga qadar ko‘pi bilan to‘rt oy muddat ichida berilgan bo‘lishi lozim.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son) 35. Ikkinchi bosqichda pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari o‘tkaziladi.
Malaka sinovlari quyidagi shakllardan biri bo‘yicha o‘tkaziladi:
test sinovlari;
ijodiy;
nazariy (og‘zaki, yozma);
nazariy (og‘zaki, yozma) va amaliy.
36. Test sinovlari har yili mart — may hamda oktyabr-noyabr oylarida Ta’lim inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
Test sinovlari sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi.
Test sinovlari 40 ta savoldan iborat bo‘ladi, har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanib, test sinovlari uchun jami 80 ball beriladi.
Oldingi tahrirga qarang. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega chet (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) tili fani o‘qituvchilariga navbatdagi majburiy attestatsiyada o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan maksimal 80 ball beriladi hamda ular ushbu malaka sinovidan ozod etiladi.
(36-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son) 37. O‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari:
madaniyat va san’atga (tasviriy va amaliy san’at, dizayn, musiqa, teatr, sirk va xoreografiyaga) ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun — ijodiy sinovlar shaklida;
jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari uchun — nazariy (og‘zaki, yozma) sinovlar shaklida;
ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun — nazariy (og‘zaki, yozma) va amaliy sinovlar shaklida o‘tkaziladi.
O‘quv (maxsus) fani bo‘yicha malaka sinovlari madaniyat va san’atga, jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari hamda ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun test sinovlari shaklida ham tashkil etilishi mumkin.