(431-4310-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son) 44. Ikkita bosqich natijalariga ko‘ra:
a) oliy malaka toifali yoki bosh o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
80 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
80 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, birinchi malaka toifasiga (yetakchi o‘qituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
b) birinchi malaka toifali yoki yetakchi o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
80 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
70 balldan 79 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
70 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, ikkinchi malaka toifasiga (katta o‘qituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
v) ikkinchi malaka toifali yoki katta o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
70 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
60 balldan 69 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
60 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
g) mutaxassis yoki oliy ma’lumotli o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
60 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
55 balldan 59 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi saqlangan;
55 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.
Navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ularning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi.
Mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang. 441. Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ko‘pi bilan uch marta jalb etiladi. Bunda uch martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli bekor qilinadi.
(441-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 612-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.10.2022-y., 09/22/612/0949-son) 45. Pedagog kadrlar attestatsiyaning biror bosqichida uzrli sababga (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslarga) ko‘ra kelmagan bo‘lsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chiriladi.
46. Pedagog kadr uzrsiz sababga ko‘ra attestatsiyada ishtirok etmagan bo‘lsa, u attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi hamda uning tegishli malaka toifasi (lavozimi) bir pog‘ona tushiriladi.
Uzrsiz sababga ko‘ra attestatsiyada ishtirok etmagan mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi hamda ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
47. Attestatsiya yakunlanganidan so‘ng bir oy muddatda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan attestatsiya natijalariga ko‘ra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari hamda bosh, yetakchi va katta o‘qituvchi lavozimlari berilgan pedagog kadrlarning ro‘yxati tasdiqlanadi hamda ro‘yxatga asosan pedagog kadrlarga mazkur Nizomga 9-ilovaga muvofiq shakldagi QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikatlar (keyingi o‘rinlarda — sertifikat) Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali onlayn generatsiya qilinadi.
Navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan, shuningdek, navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi (lavozimi) tushirilgan pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlari hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilinadi.
Pedagog kadrlar davlat xizmatlari markaziga borish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida joylashgan shaxsiy kabinetiga kirish orqali elektron shakldagi sertifikatni yuklab olishi mumkin.
48. Pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi hamda ularning ish haqlari sertifikat generatsiya qilingan kundan boshlab qayta hisoblanadi.
49. Attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugagan va navbatdagi majburiy attestatsiyadan ozod etilmagan pedagog kadrlarga mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi bo‘yicha haq to‘lanadi.
50. Attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugab, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi bo‘yicha haq to‘lanayotgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga oxirgi olgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha jalb qilinadi.