1.Qiymat va tannarx nazariyasi, ishlab chiqarish sarflarini
kamaytirishning ilmiy asoslari.
Iqtisodiyot nazariyasida qiymat va tannarx masalasi alohida
ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, qiymat tushunchasi borasida bir qator
munozarali fikrlar mavjud. Ayrim iqtisodchi olimlar tovarning qiymatini
uning natijaliligi bilan bog’lasalar, ayrimlari tovar qiymati – tovar ishlab
chiqaruvchilarning tovarda gavdalangan va unda moddiylashgan ijtimoiy
mehnati, deb hisoblaydilar. Boshqalari esa tovarning qiymatini ushbu
tovarga bo’lgan talab va taklif, ya’ni tovarning noyobligi belgilaydi, deb
hisoblaydilar.
Umuman olganda, tovarning qiymati
uning boshqa tovarga
ayirboshlana olish darajasini aniqlash uchun zarurdir. Narx (baho) va
qiymat tushunchalari orasida deyarli farq yo’q. Faqatgina narx (baho) –
bu tovar qiymatining puldagi ifodasidir xolos.
Iqtisodiyotda mahsulot ishlab chiqarish tannarxi kategoriyasidan
ham keng foydalaniladi. Qiymat va ishlab chiqarish tannarxi o’rtasidagi
tafovut ishlab chiqarish subyektining daromadi yoki foydasi hisoblanadi.
Mahsulot ishlab chiqarish tannarxi – mahsulotni
ishlab chiqarish
bilan bevosita bog’liq bo’lgan, ya’ni ishlab chiqarish texnologiyasi bilan
bog’liq bo’lgan xarajatlarning puldagi ifodasidir .
Sanoat oldida turgan asosiy vazifalardan biri – bu mahsulot ishlab
chiqarish tannarxini pasaytirishdir. Bu vazifaning
bajarilishi natijasida
ishlab chiqarishni rivojlantirishga va aholining turmush darajasini
oshirishga imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida
barcha resurslardan bekami-ko’st foydalanish bu ko’rsatkichlarning rolini
oshirish zaruratini taqozo etadi. Shu
sababli tannarx atamasining
mohiyati, ahamiyati, mazmuni va shakllarini yaxshi bilish hamda uni
pasaytirish masalasiga katta e’tibor berish kerak bo’ladi.
Biron-bir mahsulot ishlab chiqarish uchun ma’lum
miqdorda
xomashyo va materiallar, mehnat va boshqa ishlab chiqarish xususiyatiga
ega bo’lgan yuklama xarajatlar sarflanadi. Mahsulot ishlab chiqarish bilan
bevosita bog’liq bo’lgan xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot ishlab
chiqarish tannarxi deb ataladi.
Mahsulot ishlab chiqarish tannarxi ko’rsatkichi ishlab chiqarishni
rivojlantirishda va uni tashkil etishda muhim rol o’ynaydi.
Mahsulot ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish ishlab chiqarish
rentabelligini oshirish, ya’ni foydani ko’paytirishning, mavjud resurslar
bilan ishlab chiqarish hajmini o’stirishning muhim omili hisoblanadi.
Mahsulot ishlab chiqarish tannarxi ko’rsatkichi ishlab chiqarish sifat
ko’rsatkichlari orasida alohida o’rin tutadi.
Ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etish,
texnika va
materiallardan foydalanish, moddiy texnika ta’minotini takomillashtirish,
mahsulot sifatini yaxshilash borasidagi hamma o’zgarishlar xarajatlar
darajasida aks etadi. Shu sababli ham biz mahsulot tannarxi ishlab
chiqarish samaradorligining sifat ko’rsatkichlari tizimida muhim o’rin
egallaydi, deya olamiz.
Binobarin, shuning uchun ham mahsulot ishlab
chiqarish tannarxini hosil qiluvchi xarajatlarni ularning iqtisodiy
mazmuniga ko’ra guruhlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Dostları ilə paylaş: