Investitsiya va innovatsiya Ma\'ruza materiallari (1)
Birinchidan, iqtisodiy vazifa sifatida mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani amalga oshirish uchun o‘tkazilayotgan demokratik va iqtisodiy islohotlarning umumiy maqsadlari bilan birlashgan qatnashchi davlatlar rahbarlarining yagona siyosiy idorasi zarur;
ikkinchidan, xususiy biznesga va xorijiy investorlarga ishonch sharti sifatida barqaror makroiqtisodiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat integratsiya ittifoqi a‘zosi bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiyoti integratsiyasi muvaffaqiyatli qadam tashlashining muhim sharti hisoblanadi. O‘tish iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlar uchun ularga xos bo‘lgan oldingi ijtimoiy tuzilmalarni o‘zgartirish qiyinchiliklari bilan bog‘liq erkin savdo zonasini, keyinchalik esa yagona iqtisodiy makonini barpo etish birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi. U boshqa islohotlar (tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, xususiylashtirish, davlatning iqtisodiyotga aralashishini bekor qilish, narxlarni erkinlashtirish va boshqalar) bilan uzviy uyg‘un bo‘lishi kerak;
uchinchidan mintaqaviy integratsiya erkin savdo zonasini, so‘ngra bojxona, to‘lov va valyuta ittifoqini tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar sifatida asta-sekin, izchil amalga oshiriladigan jarayon ekanligini esda tutish zarur, bunda har bir bosqichda qatnashchilardan har birining manfaatlari va xulosalari kelishilishi kerak;
to‟rtinchidan, rivojlangan infratuzilmasi (transport, aloqa, gaz, neft quvurlari, oziq-ovqat tashish va boshqa kommunikatsiyalar) mavjudligi mintaqaviy integratsiyaning hal qiluvchi sharti hisoblanadi, ulardan integratsiya hamdo‘stligi barcha a‘zolarining manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish zarur.
Iqtisodiy integratsiyaning asosiy shakllari quyidagilardan iboratdir:
Erkin savdo hududi. uning doirasida qatnashuvchi mamlakatlar o‘zaro savdo to‘siqlarini bekor qiladilar, lekin ularning har ikkalasi uchinchi mamlakatlarga nisbatan savdo to‘siqlarini buzmaydi. Bunday hududda qatnashuvchi mamlakatlar chegaralaridagi bojxona nazorati saqlab qolinishi kerak. Uning maqsadi - qo‘shni qatnashchi mamlakatlarning sustroq bojxona to‘sig‘i orqali uchinchi mamlakatlardan hududga kirib keluvchi import mollar uchun soliq undirish yoki uni ta‘kiklashdan iborat (bu qoida uchinchi mamlakatlarga mol eksport qilishga ham taalluqlidir). Bunga 1960 yillarda tashkil topgan Evropa erkin savdo uyushmasi (EESU) misol bo‘la oladi. Unga 6 mamlakat birlashgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi davlatlararo erkin savdoni yuritishdan iboratdir.
EESU integratsiyaning quyi shakli bo‘lib hisoblanadi, chunki u muntazam kooperatsion aloqalarni bildirmaydi. MDH mamlakatlari o‘rtasidagi bitim erkin savdo zonasiga ikkinchi bir misoldir. O‘zbekiston erkin savdo o‘rtasida Ozarbayjon, Armaniston, Belarussiya, Qozog‘iston, Moldaviya, Rossiya va Ukraina bilan shartnomalar tuzgan. Bu shartnomalarga binoan tomonlar mazkur mamlakatlardan chiqariladigan va ular hududiga olib kiritiladigan tovarlardan bojxona to‘lovi olmaslik majburiyatini qabul qilgan. Shu asosida O‘zbekiston shartnoma tuzilgan davlatlardan chiqariladigan va respublika hududiga olib kiriladigan tovarlardan boj olmaydi.
Bojxonalar ittifoqi. Bunda qatnashchi mamlakatlar o‘zaro savdoda barcha cheklanishlarni bartaraf etibgina qolmay, tashqi savdo to‘siqlarining yagona tizimini ta‘sis etadilar. Bu bilan ichki chegaralarda bojxona xizmatini saqlash zaruriyatini soqit qiladilar. Evropa ittifoqi (EI) bojxona ittifoqiga misoldir. Evropa ittifoqiga 1958 yilda asos solingan bo‘lib, 1993 yilga kelib u G‘arbiy Evropadagi 12 mamlakatni birlashtirdi. Bu uyushmaninig asosiy vazifasi ishtirokchi mamlakatlar doirasida resurslar, tovarlar va xizmatlar xarakatini milliy chegaradan xoli ravishda erkin ko‘chib yurishini ta‘minlash, umummiy bozorni vujudga keltirish, bozor vositasida tovarlarni davlatlararo taqsimlab, aholi talab-ehtiyojini qondirishdir. EI tarzida G‘arbiy Evropa bojxona ittifoqining tuzilishi savdo integratsiyasi natijalarini amaliy baholash imkonini tug‘diradi. Dunyodagi eng atoqli iqtisodchilarning fikricha, EI doirasida bojxona ittifoqi natijasida savdoning o‘sishi ko‘proq bo‘ladi.
Umumiy bozor. Uning doirasidagi qatnashchilar savdodan tashqari ishlab chiqarish omillarining barchasini bemalol ko‘chirish (ishchi kuchi va sarmoya migratsiyasi) erkinligiga ham ega bo‘ldilar. Bunga yana o‘sha Evropa iqtisodiy ittifoqi yoki Evropa umumiy bozori misol bo‘la oladi. Uning hozirgi rasmiy nomi - Evropa ittifoqidir.
To‘la iqtisodiy ittifoq. Bunda qatnashchi mamlakatlar o‘z iqtisodiy siyosatlarini, shu jumladan, pul, soliq va ijtimoiy siyosatni, shuningdek, savdoga hamda ishchi kuchi va sarmoya oqimiga taalluqli siyosatni bir xillashtiradi.
Dunyoda davlatlarning necha o‘nlab iqtisodiy birlashmalari mavjud. ASEAN (Janubiy Sharqiy Osiyo) mamlakatlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalari faol rivojlanmoqda. MDH mamlakatlari doirasidagi iqtisodiy hamkorlik ayniqsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida tuzilgan Markaziy Osiyo umumiy bozorini tashkil etish haqidagi bitimni ham tilga olib o‘tish kerak. Shimoliy Amerika iqtisodiy ittifoqi (NAFTA) to‘g‘risidagi bitimga katta umid bog‘lanmoqda. Jahonda rivojlanayotgan yosh mamlakatlarga xos, lekin barqaror bo‘lmagan boshqa integratsiya uyushmalari ham bor. Ularning ishtirokchilari o‘tmishdagi mustamlakalar bo‘lib, iqtisodiyoti bir yoqlama, ya‘ni xom ashyo etkazishga asoslangan, shu sababli bir-birini to‘ldirib, yagona kompleksni tashkil eta olmaydi. Integratsion aloqalarning paydo bo‘lishi jahon xo‘jaligiga xos voqelik, ammo ular umumiy tus olish uchun hamma mamlakatlarda sharoit muhayyo bo‘lishi kerak.