Ijodkor nazmga sig'magan dardlarini nasrga to'kadi. Shoir Iqbol Mirzoning ''Bonu'' romanini ikkinchi marta o'qib chiqdim. Asar 2016-yilda yozib tugallangan. Roman epistolyar uslubda. Unda Bonuning ko'rgan-kechirganlari maktublar, yozishmalar shaklida bayon qilingan.
Vaqealar rivoji quyidagicha: Asarda Buxorolik yosh qiz Bonuning hayoti yoritilgan. Mir Arab madrasasi tuprog'ini, 10 yil yalab ilmi komil bo'lgan mo'min boboning o'gitlari, adabiyot muallimi bo'lgan otasidan, kutubxonachi onadan tarbiya olgan Bonu yoshligidan ko'chada o'ynab-quvnab o'sgan tengdoshlaridan farqli o'laroq, xontaxtada tirsak sanchib, Allohning kalomini va hadisi sharifni tinglab, goho Xo'jamnazar Huvaydo g'azallarini o'qib yodlab ularning sehri-jozibasi bilan ulg'ayadi. Hayotining mazmuni mutolaaga aylanadi. Ammo bobosing vafoti unga ilk zarba bo'ldi... Yillar o'tdi u talabalar safiga qo'shildi. Olmos bilan tanishdi. Olmosning she'riyatga ixlosmandligi ularni yaqinlashtirdi. Orada ko'rinmas rishtalar bog'landi. Bu rishtalar muhabbatga aylandi. Ne ajabki bu orada Bonu taqdirning ikkinchi zarbasiga uchradi. Jonidan ortiq ko'rgani otasidan judo bo'ldi. Dard kelsa qo'sha-qo'sha keladi deganlaridek, tanasini oq dog'lar o'rab oldi. Bu orada Olmos boshqa qizga uylandi. Hayot Bonuga ko'plab zarbalar yubordi. Lekin Bonu hayot zabralari bilan birma-bir kurashga o'zida kuch topdi. Asarni o'qib o'ylanib qolasan. Oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa o'n beshi yorug' bo'ladi, deyishadi. Lekin qani o'sha Bonuga atalgan yorug'lik?!
Nega Olmos uning sof muhabbatini oyoqosti qildi, nega Bonuning hayotini o'yin qildi?! (Men ham Bonuga qo'shilib unga ishonibmana. Uni baxtli qiladi deb o'ylabmana. Buni chin dildan xohlabmana! Ha yigit, yigit, ahvolingizni ko'ring! Nafs nimalar qilmadiya sizni?!)
Akasi Mirxond nega uni shuncha azoblarga tashlab qo'ydi? Barchasini chetdan jim kuzatdi? Axir, aka otadan keyingi otaku?!!
Yusuf esa u o'z muhabbatiga yomon yo'llar bilan erishmoqchi bo'ldi. Agar buni muhabbat deb atash mumkin bo'lsa. Uni deb Bonu qancha malomatlarga qoldi.
Asardagi eng salbiy obrazlardan biri - Dilbar. Uning uchun ayollik sha'nining ikki chaqalik qiymati yo'q. Suvrati inson, siyrati shayton. O'zining qilmishi yetmaganidek Bonuni ham nopok yo'llarga boshlamoqchi bo'ldi.
Yo'q, Hayotda yaxshi insonlar ko'p, juda ko'p!
Shunday insonlardan biri Shoira opa. Uni qanday ta'riflashni bilmayapman. U farishtaning o'zi. Hamma Bonudan yuz burib ketganda unga suyanch bo'ldi. Qotgan non yeb bo'lsa ham farzandlariga halol luqma yedirdi. U tufayli Bonu o'zida yashashga kuch topdi.