XOMASHYO VA ENERGIYA TANQISLIGI Ma’lumki, Yer yuzida tabiiy resurslar miqdori cheklangan bo‘lib, ular nihoyat
darajada notekis taqsimlangan. Natijada, million yillar davomida to‘plangan yer osti
boyliklari insoniyatning XX—XXI asrlardagi ikki yuz yillik iqtisodiy faoliyati tufayli
tugatilishi mumkin. Asosiy energiya manbalari hisoblanmish neft, gaz va ko‘mir
zaxiralari XXI asrdayoq tugashi taxmin qilinmoqda. Agar XXI asrda boshqa energiya
manbalari kashf qilinmasa, insoniyat og‘ir iqtisodiy tanglikka duch kelishi mumkin.
IQTISODIY RIVOJLANISHNING NOTEKISLIGI Dunyo bo‘yicha har yili yaratilayotgan iqtisodiy boylik, moddiy ne’matlarning
85 foizi Yer yuzi aholisining 17 foizi istiqomat qilayotgan 25 ta davlat aholisi
tomonidan iste’mol qilinmoqda. Davlatlar iqtisodiy rivojlanish darajasi o‘rtasidagi
farq kun sayin kattalashmoqda. Bu holat jahon iqtisodiyotining globallashuvi
natijasida yanada keskinlashmoqda. Dunyo o‘ta boy va kambag‘al davlatlardan
tashkil topgan ikki qutbga ajralib bormoqda. Bu o‘z navbatida, kelajakda dunyo
miqyosidagi ijtimoiy nizo, siyosiy va iqtisodiy tanglikni keltirib chiqarishi mumkin.
OZIQ-OVQAT TANQISLIGI VA OCHLIK Yer yuzidagi tabiiy noz-ne’matlar ko‘pi bilan bir milliard kishini boqishga yetar
ekan. Hozirning o‘zida Yer yuzida 7 milliarddan ortiq aholi istiqomat qilayapti.
Natijada, dunyo aholisining katta qismi och-nahor kun kechirishga majbur
bo‘lmoqda. Yaqin 100 yillikda insoniyat yoppasiga oziq-ovqat tanqisligi va ochlik
muammosiga duch kelishi mumkin. Yuqorida sanalgan jahon miqyosidagi iqtisodiy
muammolarni barcha davlatlar hamjihat bo‘lib birlashib, jahon iqtisodiyotini
oqilona boshqargan taqdirdagina hal qilish mumkin.
JAHON IQTISODIYOTINING TURLI INQIROZLARGA MOYILLIGI Jahon iqtisodiyoti bozor iqtisodiyoti sharoitida turli inqirozlarga duchor
bo‘lib turadi. Bu holat bozor iqtisodiyotining bu xil illatlarning oldini olishga
nochorligidan kelib chiqadi. Bozor iqtisodiyotining bu nuqsoni oqibatida vaqti-
vaqti bilan turli mamlakatlarda har xil inqirozlar bo‘lib turadi. Bu inqirozlar
chuqurlashib ketib, boshqa davlatlarga ham o‘tib, dunyo miqyosiga ko‘chsa, jahon
inqirozi ro‘y beradi. Jahon inqiroziga 2008- yilda boshlangan moliyaviy-iqtisodiy
inqirozini misol qilib keltirish mumkin. Bu haqda keyingi mavzuda atroflicha
to‘xtalamiz.
Bilasizmi? Ingliz ruhoniysi Robert Maltus o‘zining jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti
haqidagi qora bashoratlari bilan dunyoga tanilgan. Uning fikricha, Yer yuzi
aholisi geometrik, oziq-ovqat yetishtirish esa arifmetik progressiya tarzida o‘sadi.
Geometrik progressiya arifmetik progressiyaga qaraganda, ancha tez o‘sganligi
uchun, odamzod nima qilmasin baribir ochlik balosiga giriftor bo‘ladi. Bu fikrdan
kelib chiqib, Maltus dunyo bo‘yicha o‘lim darajasining oshishiga olib keladigan
omillarni, urushlar va epidemiyalarni insonning kelajagini ta’minlovchi ijobiy
omillar deb baholagan.
•
Jahon iqtisodiyotining borgan sari rivojlanib borishi insoniyat oldida
talaygina muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda.
•
Bu muammolarni dunyo hamjamiyati hal qilmas ekan, kelajakda insoniyat
og‘ir iqtisodiy tanglikka duch kelishi mumkin.
•
Bu muammolarni barcha mamlakatlar hamjihatlikda yechishlari zarur.