O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA KOREYA RESPUBLIKASINING IQTISODIY MUNOSABATLARI O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy
munosabatlarni muvaffaqiyatli xalqaro iqtisodiy munosabatlarga namuna qilib
ko‘rsatsa bo‘ladi. Janubiy Koreya O‘zbekistonning eng yirik xalqaro savdo
hamkorlaridan biridir.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi yil sayin ortib bormoqda.
2013- yil natijasi bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi 2,121 mlrd AQSH dollarini
tashkil qildi. Janubiy Koreya bilan iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib
yangi va modernizatsiya qilinayotgan korxonalarga zamonaviy texnologiyalarni
jalb qilish hisoblanadi.
Hozirgi davrda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida
200 dan ortiq kelishuvlar imzolangan.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik investorlaridan biridir. So‘nggi
yillarda Davlat investitsion dasturi doirasida 1,5 mlrd AQSH dollariga teng
investitsiyalar o‘zlashtirildi.
O‘zbekistonda 418 ta Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi korxona faol ish
olib bormoqda. Shundan 70 tasi yuz foizlik Janubiy Koreya kapitaliga asoslangan
korxonalardir. Bu korxonalar, asosan, yengil, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, oziq-
ovqat sanoati, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, savdo-sotiq, uy-joy kommunal
xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi strategik hamkorlardir va
har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat
beradilar. Ushbu maqsadda mamlakatlar istiqbolda avtomobilsozlik, qishloq
xo‘jaligi mashinasozligi, elektrotexnika sanoati sohalarida hamkorlikni kuchaytirish
harakatidalar.
1. Mamlakatlar tashqi savdoni nima sababdan cheklashga majbur bo‘ladilar?
2. Tashqi savdoni qanday usullar bilan cheklash mumkin?
3. Tashqi savdoni cheklashga qaratilgan har bir chora-tadbirning ijobiy va salbiy
tomonlarini tahlil qiling.
4. Tashqi savdoni cheklashdan kim zarar va kim foyda ko‘radi?