Buyumning iste’mol qiymatishundan iboratki, u kishilar uchun foydali, naflidir. U shaxsiy iste’mol buyumi yoki ishlab chiqarish vositalari sifatida kishilarning biron–bir ehtiyojini qondiradi.
Ijtimoiy zaruriy naflilik deb talab miqdoriga mos keladigan miqdordagi naflilikka aytiladi. Har bir tovar ma’lum bir naflilikka ega, lekin bu naflilik uni yaratuvchining o‘z ehtiyojlarini emas, balki ayirboshlash orqali boshqa kishilar talabini qondiradi, ya’ni tovarning ijtimoiy nafliligi hisoblanadi.
Тovarning almashuv qiymati – bu biror turdagi naflilikning boshqa turdagi naflilikka ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbatidir. Masalan, bitta bolta 20 kg donga ayirbosh qilinadi. Ayirbosh qilinadigan tovarlarning bu miqdoriy nisbatida ularning almashuv qiymati ifodalanadi. Bunda tovarlar qiymatining umumiy asosi – ularga sarflanadigan ijtimoiy-zaruriy mehnatdir.
Тovarning ikki xil xususiyatga ega bo‘lishiga sabab tovar ishlab chiqaruvchi mehnati tabiatining ikki tomonlamaligidadir. Bir tomondan, bu – muayyan turdagi aniq mehnatdir. Shuning uchun, iste’mol qiymatni yaratgan mehnat aniq mehnat deb nom olgan.
Ikkinchi tomondan, mehnat – aniq shakldan qat’iy nazar, umuman sarflangan inson ishchi kuchidir, jami ijtimoiy mehnatning bir qismidir. U o‘zining shu sifatida abstrakt (mavhum) mehnat deb ataladi. Bu mehnat esa tovar qiymatini yaratadi. Umuman, mehnat va ijtimoiy mehnat jamiyat taraqqiyotining hamma bosqichlarida mavjud bo‘lgan.
Qiymatning asosida odamlar bir-birlari uchun mehnat qilishlarini bildiruvchi ijtimoiy mehnat yotadi. Biroq, alohidalashgan tovar ishlab chiqaruvchilar mehnati o‘zining ijtimoiy xususiyatini faqat mehnat mahsullarini ayirboshlash orqali ko‘rsatadi.
Тovarlar qiymatining miqdori mehnat unumdorligiga qarab o‘zgaradi. Mehnat unumdorligi ma’lum ish vaqti birligi mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotning miqdori yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarflangan ish vaqti bilan o‘lchanadi. Mehnat unumdorligining o‘zgarishi tovar birligi qiymatining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Mehnat unumdorligi o‘ssa, tovar birligining qiymati kamayadi yoki aksincha, mehnat unumdorligi pasaysa, tovar birligining qiymati oshadi.
Mehnat unumdorligiga bir qator omillar ta’sir qiladi. Bu omillar mehnat qurollarining rivojlanishi darajasi va samaradorligi, ishchining malaka darajasi, fan va texnikaning taraqqiyoti darajasi, fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish darajasi, ishlab chiqarishning to‘planuv darajasi, tabiiy sharoitlardir.