Bozor iqtisodiyoti — bu tovar ishlab chiqarish, ayirboshlash va pul muomalasi qonun-qoidalari asosida tashkil etiladigan va boshqariladigan iqtisodiy tizimdir. Bunday iqtisodiyot erkin tovar—pul munosabatlariga asoslanadi, uning negizida tovar va pulning turli shakllardagi harakati yotadi, iqtisodiy monopolizmni inkor etadi. Bozor iqtisodiyotida bozor aloqalari butun tizimni, uning hamma bosqichlarini ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol jarayonlarini hamda iqtisodiy munosabatlarning barcha sub’ektlarini qamrab oladi.
Shuni ham e’tiborda tutish kerakki, hozirgi sharoitda o‘rtacha rivojlangan iqtisodiyotda 24 mln.dan ortiq turdagi tovarlar mavjud bo‘lib, ularning 1/10 qismi har yili yangilanib turadi. Bunday sharoitda ularning turlari, miqdori bo‘yicha talab va taklifni tartibga solishni bozorsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu esa bozorning vazifasini hech qanday markazlashtirilgan rejalashtirish idoralari muvaffaqiyatli bajara olmasligining yaqqol dalilidir. Bozor iqtisodiyoti esa eng samarali va muammolarni tezlik bilan hal eta oluvchi ijtimoiy-iqtisodiy tizim hisoblanadi.
Bozor iqtisodiyoti sub’yektlari tarkibiga tadbirkorlar ham, o‘z mehnatini sotuvchi ishchilar ham, pirovard iste’molchilar, ssuda kapitali egalari va qimmatli qog’ozlar egalari ham kiradi. Odatda, bozor xo‘jaligining barcha asosiy sub’ektlari uchta guruhga bo‘linadi: uy xo‘jaliklari, korxonalar (tadbirkorlik sektori) va davlat.
Uy xo‘jaliklari — iqtisodiyotning iste’mol sohasida faoliyat qiluvchi asosiy tarkibiy birlik. Uy xo‘jaliklari doirasida moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yaratilgan tovar va xizmatlar iste’mol qilinadi. Bozor iqtisodiyotida uy xo‘jaliklari mulk egasi hamda ishlab chiqarish omillarini yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Iqtisodiy resurslarni sotishdan olingan pul daromadlari shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun sarflanadi.
Тadbirkorlik sektori – bu daromad (foyda) olish maqsadida amal qiluvchi iqtisodiyotning birlamchi bo‘g’inlaridir. U ish yuritish uchun o‘z kapitalini yoki qarz olingan kapitalni ishga solishni taqozo etadi, bu kapitaldan olingan daromad ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun sarflanadi. Тadbirkorlar tovar xo‘jaligida tovar va xizmatlarni yetkazib beradi.
Davlat — foyda olishni maqsad qilib qo‘ymagan, asosan iqtisodiyotni tartibga solish vazifasini amalga oshiradigan, har xil byudjet tashkilotlari va muassasalari sifatida namoyon bo‘ladi.
Bank – iqtisodiyotning me’yorda amal qilishi uchun zarur bo‘lgan pul massasi harakatini tartibga soluvchi moliya-kredit muassasasi.
Har qanday bozor iqtisodiyotini tartibga solish mexanizmi asosan to‘rtta tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi: narx, talab va taklif hamda raqobat. Narxlar nisbati o‘zgarib turadi, shuning uchun narx, ishlab chiqaruvchi uchun ishlab chiqarish hajmining o‘zgarishi zarurligini aniqlashda yo‘l ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi. Тalab va taklif hamda raqobatchilik muhitidagi o‘zgarishlar, o‘z navbatida, narxlardagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Dostları ilə paylaş: |