Iqtisodiy bilim asoslari


Pulning kelib chiqishi va mazmuni. Pulning vazifalari



Yüklə 4,67 Mb.
səhifə35/254
tarix05.12.2023
ölçüsü4,67 Mb.
#173693
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   254
Iqtisodiy bilim asoslari

3.Pulning kelib chiqishi va mazmuni. Pulning vazifalari.

Pul – bu hamma tovarlar va xizmatlarni sotish va sotib olish mumkin bo‘lgan umumiy ekvivalent rolini o‘ynovchi maxsus tovardir.


Pulning vujudga kelishi va mohiyatining turli ilmiy konsepsiyalari mavjud bo‘lib, ular orasida ratsionalistik va evolyutsion konsepsiyalar muhim o‘rin tutadi.
Ratsionalistik konsepsiya pulning kelib chiqishini kishilar o‘rtasidagi bitim, kelishuv natijasi sifatida izohlaydi. Bu holat ularning tovarlarni ayirboshlash chog’ida qiymatlarning harakatlanishi uchun maxsus vositalar zarurligiga amin bo‘lishiga asoslanadi. Pulning o‘zaro kelishuv sifatida amal qilishi to‘g’risidagi mazkur g’oya XVIII asrning oxirlarigacha hukm surdi. Pulning kelib chiqishiga sub’ektiv psixologik yondoshuv ko‘plab hozirgi zamon xorijiy iqtisodchilarning qarashlarida ham uchrab turadi.
Masalan, P.Samuelson pulni sun’iy ijtimoiy shartlilik sifatida belgilaydi. Amerikalik iqtisodchi J.K.Gelbreyt pulning vazifasini qimmatbaho metallar va boshqa predmetlarga biriktirib qo‘yilishi – kishilar o‘rtasidagi kelishuv mahsuli, deb hisoblaydi. Bu qoida ingliz iqtisodchisi J.Хiks tomonidan quyidagi shaklda ta’riflangan: pul – bu pul sifatida foydalaniluvchi barcha narsalardir».8 Shunday qilib, ularning fikricha, pul – kishilar o‘rtasidagi kelishuv mahsulidir.
Bundan ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi olimlarning fikricha, pul kategoriyasi ob’ektiv iqtisodiy kategoriya bo‘lmay, kishilar kelishuviga yoki davlatning xohishiga bog’liq bo‘lgan yuzaki, sub’ektiv kategoriyadir.
Pul kelib chiqishining evolyutsion konsepsiyasiga ko‘ra, ular ijtimoiy mehnat taqsimoti, ayirboshlash, tovar ishlab chiqarishning rivojlanishi natijasida vujudga kelgan. Qiymat shakllari va ayirboshlash rivojlanishining tarixiy jarayonini tadqiq qilish orqali tovarlar umumiy olami ichidan pul rolini bajaruvchi alohida tovarning ajralib chiqishini tushunish mumkin.
Ayirboshlash jarayonining tarixan uzoq davom etgan davri mobaynida ekvivalent rolini o‘ynovchi ko‘plab tovarlar ichidan ba’zi birlari o‘zining barcha tomonidan tan olinishi tufayli ajralib chiqa boshladi. Chunki, ekvivalent rolini o‘ynovchi tovarlarning barchasi ham ayirboshlash jarayonida vositachilik vazifasini bir xilda muvaffaqiyatli bajara olmas edi. Natijada, barcha tovarlarning qiymatini bir xil tovar qiymati orqali taqqoslash mumkin bo‘lgan qiymatning umumiy shakli vujudga keldi.
Keyinchalik umumiy ekvivalent rolini o‘ynovchi tovarlar ichidan maxsus tovar – pul ajralib chiqdi. Dastlabki vaqtda pul rolini o‘zining qator xususiyatlariga ko‘ra mazkur vazifani nisbatan muvaffaqiyatli bajara oluvchi oltin va kumush metallar bajara boshladi. Bu qiymatning pul shakli vujudga kelganini anglatar edi.
XIX asrning oxirida mamlakatlar birin-ketin oltin valyutaga, ya’ni monometall tizimiga o‘ta boshladilar. Bu hol Avstriyada 1892, YAponiyada 1897, Rossiyada 1898, AQSHda esa 1900 yilda sodir bo‘ldi. Angliyada oltin pul tizimi XVII asrning oxirida, Germaniyada 1871 yilda, Gollandiyada 1877 yildayoq joriy etilgan edi.
O‘zbekiston hududida tarixan bundan ham oldinroq kumush va mis tangalar muomalada bo‘lgan. SHayboniyxon Samarqandni zabt etgandan keyin, 1507 yilda pul islohotini o‘tkazgan. Bizgacha SHayboniyxon (1501-1610) va Abdullaxon (1583-1598) zarb etgan tangalar etib kelgan. Abdullaxon davrida tanga (oltin va kumush) zarb qilish davlat poytaxti - Buxoroda markazlashtiriladi. 1695-1709 yillarda oltin tanga zarb qilish muntazam tus oladi. Tanga og‘irligi 4,8 gramm, sifat sofligi juda yuqori - 958 bo‘lgan1.
Umumiy ekvivalent rolining nodir metallarga, jumladan oltinga yuklatilish sabablari quyidagilar orqali izohlanadi:
- sifat jihatdan bir xil o‘lchamga keltirish mumkinligi;
- zanglamasligi va uzoq muddat saqlash mumkinligi;
- bo‘linuvchanligi va bo‘lgandan keyin yana yaxlit holga keltirish mumkinligi;
- bo‘linganda ham o‘z qiymatini saqlab qola olishi;
- tabiatda nisbatan kamyobligi;
- ozgina miqdordagi va og‘irlikdagi nodir metallning qiymati ancha yuqoriligi.
Pulning mohiyatini to‘laroq tushunish uchun uning vazifalarini ko‘rib chiqamiz. Chunki, «zamonaviy iqtisodiy fan uchun pulning mohiyatini uning funksiyalaridan keltirib chiqarishga asoslangan yondoshuv xosdir. Pul ishlab chiqarish va muomala jarayonida bir qator vazifalarni bajaradi: 1) qiymat o‘lchovi; 2) muomala vositasi; 3) boylik to‘plash vositasi; 4) to‘lov vositasi.
Pul vazifalarining rivojlanish darajasi tovar ishlab chiqarishning rivojlanish darajasiga bog‘liq.
1. Pulning birinchi vazifasi qiymat o‘lchovi vazifasidir.
Tovarning almashuv qiymatini ifodalash, uni o‘lchash uchun qo‘lda naqd pulga ega bo‘lish shart emas. Pulning bu vazifasini ideal pul bajaradi. Tovar egasi fikran ideal ravishda shu tovarning almashuv qiymatini pul bilan ifodalaydi. Tovarning narxi talab va taklif muvofiq kelgan taqdirdagina tovarning qiymatiga muvofiq keladi. Agar talab va taklif muvofiq kelmasa, narx qiymatidan farq qiladi. Demak, tovalarning narxi tovarlarning qiymatiga, pulning qiymatiga, talab va taklifning nisbatiga va boshqa omillarga bog‘liq.
Tovar almashuv qiymatining pul bilan ifodalanishi uning narxini anglatadi. Tovarning almashuv qiymatini o‘lchash uchun muayyan miqdordagi pul materialini birlik qilib olish zarur. Bunday birlik narxlar o‘lchovi (masshtabi) deb ataladi. Bir tomondan narxlar o‘lchovi har qanday o‘lchov birligi kabi shartlidir. Ikkinchi tomondan esa, u muayyan mamlakatda hamma tomonidan e’tirof etilgan bo‘lishi kerak. SHuning uchun davlat pul birligi huquqini qonun bilan mustahkamlaydi, bu birlik shu tariqa rasmiy tan olinadi.
Dastlab pul birliklari va ularning nomlari ko‘pincha muayyan og‘irlikda nodir metallar bilan bog‘liq bo‘lgan, valyuta tizimlarining nomlar (funt sterling) ham shundan dalolat beradi. Lekin vaqt o‘tishi bilan, «vazn» nomi pul birligidan nodir metallarning haqiqiy vaznidan tobora ko‘proq farq qila boshlagan. Buning bir qancha sabablari bor, bularning biri shu bilan bog‘liqki, tarixan uncha nodir bo‘lmagan, umumiy ekvivalent rolini o‘ynagan metallar nodirroq, demak, qimmatroq metallar tomonidan siqib chiqarilgan; bunda pul nomlari avvaligicha qolgan. Masalan, funt sterling dastlab bir funt kumushning pul bilan ifodalangan nomi bo‘lgan. Lekin oltin qiymat o‘lchovi sifatidagi kumushni siqib chiqargach, avvalgi nom o‘z qiymati jihatidan bir funt kumushga teng bo‘lgan oltin miqdoriga nisbatan ishlatila boshlagan. Boshqa sabab tangalarni soxtalashtirish, bunda davlat pul zarb qilinayotganda tangaga talab qilingandan ko‘ra kamroq miqdorda pul (oltin) materiallarini sarflaydi.
Tovar ayirboshlash rivojlangan sharoitda mehnat mahsuli bo‘lmagan, ya’ni qiymatga ega bo‘lmagan narsalar (masalan, ishlanmagan er) narxga ega bo‘lishi mumkin. Faqat narsalargina emas, balki hatto evaziga kimdir muayyan miqdorda pul to‘lashga tayyor turgan ma’naviy qadriyatlar (sha’n, vijdon va hokazolar) ham shunday shaklga kiradi. Bunday hollarda narx bo‘lsada, lekin qiymat bo‘lmaydi.
2. Tovar muomalasi jarayonida naqd pul bo‘lishi kerak, chunki tovarlarni oldi-sotdi paytida ularning ramziy narxlari real pulga aylanmog‘i lozim. Bu jarayonda pul muomala vositasi vazifasini bajaradi. Pulning muomala vositasi sifatidagi vazifasi shundan iboratki, u tovarlar muomalasi jarayonida vositachi bo‘lib maydonga chiqadi.
Dastlab tovarlarni ayirbosh qilishda pul bevosita kumush yoki oltin quymalar shaklida mavjud bo‘lgan. Bu hol ayirboshlash vaqtida qiyinchiliklar tug‘dirgan: pul metallni o‘lchash uni mayda bo‘laklarga bo‘lish, sifatini belgilash zarur bo‘lgan. Asta–sekin pul metall quymalari o‘rniga monetalar ishlatila boshlagan. Monetalar o‘z vazni va sifati jihatidan ma’lum miqdordagi metaldan iborat; uning vazni va sifati davlatning alohida muhri bilan tasdiqlangan bo‘ladi.

Yüklə 4,67 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   254




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin