Bu fan doim rivojlanishda bo'lib, bir-birini to'ldiruvchi evolyutsion (mavjud g'oyalarning yanada chuqurroq takomillashuvi) va inqilobiy (butunlay yangicha konsepsiyalar vujudga kelishi) yo'llari mavjud. Inqilobiy o'zgarishga misol sifatida A.Smit va uning izdoshlari g'oyalari, marjinalistik to'ntarish, yangi klassik yo'nalish (A.Marshall), J.M.Keynsning iqtisodiy qarashlarini keltirish mumkin. O'tish davri iqtisodiyoti bo'yicha g'oyalar hozirgi davrning muhim qarashlari majmuasiga kiradi va nihoyatda dolzarbdir, bu masala O'zbekiston misolida qarab chiqildi.
Taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill (1874-1965) «Qayerga borishimizni bilish uchun, qayerdan chiqqan ekanligimizni bilishimiz kerak», deb aytgan edi. Bu g'oya nihoyatda ahamiyatli bo'lib, bosib o'tilgan yo'lni to'g'ri baholash va kelajak istiqbolni ko'zlash haqida gap boradi.
Iqtisodchilarning tadqiqotlaridagi asosiy bosh g'oya - jamiyat, insoniyat, ayrim shaxslarning boyligi masalasidir. Maqsad bir, lekin unga eltadigan yo'llar nihoyatda xilma-xil ekanligini ko'ramiz. Ilk kapitalistik munosabatlar vujudga kelgan davrgacha (XV asr) bo'lgan iqtisodiy g'oyalardagi umumiylik shuki, barcha donishmandlar va ularning yozgan asarlarida mehnat va er boylikning asosiy vositasi ekanligi turli yo'llar bilan talqin etiladi, ularda ishlab chiqarish sohasi asosiy deb hisoblangan.
“Iqtisodiy ta’limotlar tarixi” fanining nimani o‘rganadi? Iqtisodiy ta’limotlar tarixi iqtisodiy jarayonlarga bo‘lgan iqtisodiy qarashlar evolyutsiyasi, iqtisodiy g‘oya va nazariyalarning shakllanish va rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi.
“Iqtisodiyot nazariyasi” va “Iqtisodiy ta’limotlar tarixi” Iqtisodiyot nazariyasi fanida eng muhim iqtisodiy qarash, g‘oya va nazariyalarning so‘nggi davrlar uchun tahlili beriladi. Lekin ular vaqt o‘tishi bilan iqtisodiyotdagi holatga qarab o‘zgarib turadi. «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fani insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ilgari surilgan iqtisodiy qarash, g‘oya, nazariyalarni tarix nuqtai nazaridan o’rganadi.