Eksport-import munosabatlarining yangi strategiyasi iqtisodiyotning tarkibiy qismidagi inqirozni yengib o‘tish, iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro mehnat taqsimotida, jahon savdosida yuqori sifatli mahsulotlar bilan ishtirok etish hamda bu munosabatlarni takomillashtirish asosiy vazifalardan hisoblanadi. Buning uchun: Birinchidan, eksport salohiyatini tiklash, rivojlantirish va chetga chiqarilayotgan mahsulotlar tarkibini, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, xo‘jalik yuritish subyektlarini texnik hamda texnologik yangilash asosida yaxshilash, shuningdek, ilmiy-texnikaviy bilimlar, mehnat resurslari hisobiga ham mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalarini rivojlantirish zarur. Ikkinchidan, importni ratsionallashtirish zarur. Chunki, import siyosati nafaqat aholining turmush tarzi va manfaatlarini ko‘zlab, balki iqtisodiyotni yangilash va raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi. Import siyosatida imkon boricha tayyor transport vositalari va texnologik asbob-uskunalarni foydali qazilmalar qazish ishlari va qayta ishlovchi sohalar uchun sotib olinishi kerak. Import samarasining oshirilishida mamlakat iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar o‘rnini bosuvchi va kam xarajat, jumladan, mahsulotlarni sotib olish va olib kelish uchun ketgan xarajatlarni e’tiborga olib, ishlab chiqarishni tashkil etish ham asosiy yo‘nalishlardandir.Uchinchidan, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish. Eksport potensialini kengaytirish va jahon xo‘jaligiga kirishning integratsiyasida, yaratilayotgan mahsulotlarni iloji boricha sifatli, kam xarajatlar asosida, tashqi bozor shartlari hamda talablariga moslashtirish zarur. Bu, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini ichki va jahon andozalariga yaqinlashtirishni talab etadi. To‘rtinchidan, texnologiyani yangilash va kengaytirilgan ishlab chiqarish salohiyatini tashkil qilishga chet el investitsiyalarini jalb qilish kerak. Ma’lumki, chet el kreditlari uzoq muddatli va katta masshtabli investitsiyalarni ta’minlashning yagona manbasi hisoblanadi. Shu o‘rinda, chet el sarmoyalarini siyosiy va iqtisodiy tavakkalchilikdan sug‘urta qiluvchi institutlarning samarali faoliyatini ta’kidlash kerak. Shuning uchun mamlakatda chet el investitsiyasi uchun qulay shartsharoitlar, aniq maqsad sari yo‘naltirilgan qator vazifalar belgilangan. Beshinchidan, mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash zarur. Milliy xavfsizlikni tartibga solishning quyidagi ko‘rinishlari mavjud:
1. Valuta nazorati.
2. Eksport va import nazorati.
3. Xomashyoning strategik turlarini olib chiqish.
Ushbu sohalarning o‘ziga xos shakllari va tartibga solish uslublari mavjud. Albatta, yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalarga, tahliliy qarashlarga hamda nazariy xulosalarga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor berish, shak-shubhasiz eksport-import munosabatlarni rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Eksport operatsiyalari tahlili orqali korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati va uning samaradorligi ko‘rsatkichlariga iqtisodiy tashxis qo‘yiladi. Bu bevosita tashqi savdo aylanmasi hajmini o‘stirish va foydaliligini ta’minlashning mavjud ichki imkoniyatlarini o‘rganishni ham o‘z ichiga oladi. Eksport operatsiyalari tarkibini o‘rganishda yalpi eksport hajmida alohida olingan tovarlar yoki tovarlar guruhining mutlaq va nisbiy darajalariga baho beriladi. Shuningdek, tashqi savdo faoliyati bo‘yicha sotilgan mahsulot, ish va xizmatlar turi bo‘yicha taqsimi, tashqi savdoning mamlakatlar bo‘yicha sotish hajmi, hududlar bo‘yicha taqsimiga (mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Yaqin Sharq mamlakatlari, Yevropa mamlakatlari va h.k.) baho beriladi. Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha reja-topshiriqlarning bajarilishiga ahamiyat beriladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasi dinamik o‘zgarishlari e’tiborga olinadi. Tashqi savdo aylanmasi dinamikasi deganda, uning yillar bo‘yichi o‘zgarish darajalari tushuniladi. Tahlilda, shuningdek, eksport hajmi va uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar tarkibiga bevosita hisob-kitob qilinadigan, sotilgan tovarlar, ishlar va xizmat bahosinining o‘zgarishi va fizik hajmining o‘zgarishlari kiritiladi. 6 1-rasm7
Korxonada eksport hajmi «A» mahsulot turi bo‘yicha +44, foizga, «B» mahsulot turi bo‘yicha +45,8 foizga oshirib bajarilgan. Ta’sir etuvchi omillar tahlilini ham yuqoridagi jadval ma’lumotlari asosida baholash mumkin. Korxona tashqi savdo aylanmasi rejaga nisbatan «A» mahsulot turi bo‘yicha 22 ming so‘mga, «B» mahsulot turi bo‘yicha 11 ming so‘mga oshishi kuzatilgan. Bu o‘zgarishlar ta’sirini quyidagi bog‘lanishlar asosida aniqlash mumkin «A» mahsulot turi bo‘yicha yalpi savdo hajmining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omilllar ta’siri:
1. «A» mahsulot miqdorining o‘zgarishi hisobi 120-100∙5000=+10,0 ming so‘m.
2. «A» mahsulot bahosining o‘zgarishi hisobiga 6000-5000•120=+12,0 ming so‘m.
Har ikki omil yig‘indisi =10,0+12,0=+22,0 ming so‘m. «B»mahsulot turi bo‘yicha mahsulot hajmining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar:
1. «B»mahsulot miqdorining o‘zgarishi hisobi 100-80∙3000=+6,0 ming so‘m.
2. «B»mahsulot bahosining o‘zgarishi hisobiga 3500-300∙100=5,0 ming so‘m.
Ikkala omil yig‘indisi =+6,0+5,0=11,0 ming so‘m. Yuqoridagi bog‘lanishlarni jami mahsulot qatori bo‘yicha ham hisoblash mumkin. Eksport operatsiyalari tahlilida korxona tashqi iqtisodiy faoliyati bo‘yicha savdo aylanmasi yoki ish hajmi o‘zgarishlariga tarkibli va umumiy asosda baho beriladi.
Import operatsiyalari tahlilida import hajmining reja va o‘tgan yillarga nisbatan o‘zgarishlari va tarkibiga, shuningdek, hududlar va mamlakatlar bo‘yicha hajmiga baho beriladi. Import hajmi bo‘yicha reja bajarilishi va dinamikasi mutlaq va nisbiy o‘zgarishlarda o‘rganiladi. Uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanadi va baholanadi.Import hajmi bilan eksport hajmi orasidagi nisbat tahlilning muhim qatori hisoblanadi Ular orasidagi nisbat balansi orqali mamlakat yalpi milliy mahsulot va yalpi ichki mahsulotlari aniqlanadi. Ya’ni yalpi milliy mahsulot hajmini aniqlashda tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha mutlaq farqlanish qo‘shilgan, chegirilgan holda umumiy ko‘rsatkich aniqlanadi. Tashqi savdo aylanmasida musbat farqlanishga ega bo‘lish shartlari shu asosda boshqariladi va belgilanadi. Bu jihat o‘zgarishlar ko‘proq makro darajadagi tahlilda o‘rganiladi va mamlakat iqtisodining istiqbol ko‘rsatkichlari dastaklarini tuzib chiqishda foydalaniladi. Import hajmi va uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarga tahlilda alohida ahamiyat beriladi. Quyidagi jadval ma’lumotlari asosida import hajmi va uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarning tahlilini ko‘rib o‘tish mumkin.
2-rasm.8
Korxonada import hajmi biznes rejaga nisbatan keskin oshgan. Jumladan, «A» mahsulot turi bo‘yicha o‘sish 86 % ni, «B» mahsulot turi bo‘yicha o‘sish esa 2,25 martani tashkil etgan. Korxona bo‘yicha jami o‘sish 97,1 foizni tashkil etgan. Import hajmining o‘zgarishida miqdor omil o‘zgarishi hisobiga yalpi import hajmi quyidagi o‘zgarishga ega bo‘lgan.
1. (62-50*2000+60-40*1000)=+24,0+20,0=44,0 ming so‘m.
Import hajmining o‘zgarishi baho omilining ta’sirida yalpi import hajmi quyidagi o‘zgarishga ega bo‘lgan.
2. (3000-2000*62+1500-1000*60)=+62,0+30,0=92,0 ming so‘m
Har ikkala omil ta’sirida import hajmi o‘sishi quyidagicha bo‘lgan:
+44,0+92,0=136,0 ming so‘m.
Eksport-import tahlili.
2019 yilning 11 oyida respublikaning tashqi savdo aylanmasi hajmi 38,3 mlrd.dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,4 foizga yoki 9,6 mlrd. dollarga oshgan (2018y. – 28,7 mlrd, doll.).
Jumladan: eksportning umumiy hajmi 16,3 mlrd. dollarni tashkil etib, 43,3 foizga yoki 4,9 mlrd, dollarga oshgan (2018 y. – 11,3 mlrd, doll.).
Import hajmi 22,0 mlrd. dollarni tashkil etib, 27,0 foizga yoki 4,7 mlrd, dollarga oshgan (2018 y. – 17,3 mlrd. doll.).
Natijada, tashqi savdo aylanmasi manfiy saldosi
-5,7 mlrd.dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 228,4 mln.dollarga yoki 3,8 foizga kamaygan (2018y. – -6,0 mlrd.doll.).
Eksportni rag‘batlantirish, xususan mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqishni har tomonlama soddalashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2019 yil yakuni bilan umumiy eksport hajmi 34 %ga o‘sib, 18,7 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda.Bunda asosan, jahon tovar-xomashyo bozorlarida asosiy eksport tovarlari uchun yuqori narxlar shakllanishi tovarlar eksporti hajmini 1 mlrd. dollargacha yoki 7 foiz o‘sishiga, xalqaro iqtisodiy aloqalarning rivojlantirilishi hisobiga esa 1,5 mlrd.dollarga yoki 11 foiz o‘sishiga xizmat qildi. Natijada, o‘tgan davrda tovar va xizmatlar eksport qiluvchi korxonalar soni 1138 taga ko‘payib, hamkor mamlakatlarning eksport geografiyasi 18 ta davlatga kengayib, 177 taga yetdi.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 392,3 mln.dollarga yoki 38 foizga, rangli metal va undan tayyorlangan buyumlar - 146,4 mln.dollarga yoki 20 foizga, to‘qimachilik mahsulotlari - 289,7 mln.dollarga yoki 24,6 foizga, xizmatlar - 344,8 mln.dollarga yoki 12,5 foizga va boshqalar - 252,3 mln.dollarga yoki qariyb 2 barobargacha o‘sdi.
3-rasm9
Joriy yil yakuni bo‘yicha import hajmi jami 24,0 mlrd doll. (2018 yilga nisbatan 123,7 foiz) tashkil etishi kutilmoqda. 2019 yilning 11 oyida import qilingan tovarlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 mlrd.dollariga oshib, 19,8 mlrd.dollarni, xizmatlar importi hajmi 2,2 mlrd.dollarni tashkil etdi.Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob uskunalar hamda ularning qismlari 44,1 foizni, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar 13 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari 7,6 foizni tashkil etdi.Ushbu import tovarlarning qariyib 50 foizi iqtisodiyotda investitsion importni, 25 foizi qayta ishlash uchun xom-ashyo importini, 25 foizi tayyor mahsulot sifatida iste’mol importini tashkil etdi.Tovarlar importi o‘sishiga ta’sir etgan omillar va manfiy saldosining yuqoriligi sabablari.
Mamlakatimizda 2017-2019 yillarda keng ko‘lamda olib borilayotgan iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni, aholi farovonligini va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan tovar resurslarini import hisobiga ta’minlanishi.
Aholi daromadlarining o‘sishi natijasida mahsulotlarga bo‘lgan talabning oshishi va uni chetdan keltirilgan tovarlar hisobiga qondirilishi.
Ma’lumot uchun: Oziq ovqat mahsulotlari importi 2017 yilda 1,27 mlrd. doll.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 1,58 mlrd. doll.ni o‘sish sur’ati 24,2 foizni tashkil etgan. 2019 yilning 11 oyi davomida esa ushbu mahsulotlar importi 1,67 mlrd. doll.ni tashkil etib, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
18,4 foizni tashkil etgan.
Mamlakatimizda so‘mning horij valyutalariga erkin ayirboshlash sharoiti yaratilishi natijasida milliy valyutadagi ichki investitsiyalarning chetdan mahsulot sotib olish qobiliyati chet el valyutasi bilan tenglashganligi natijasida import tovarlariga talabning oshishi.
Tijorat banklari kreditlarining (156,2 foiz) yuqori sur’atlar bilan o‘sishi va kredit mablag‘larining katta qismi iqtisodiyotning noreal ishlab chiqarish sohalariga yo‘naltirilishi (57%), o‘z navbatida ma’lum bir tovar va xizmatlari importini oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Chet el investitsiyalarining o‘sishi (2019 yilning birinchi yarmida 2 marta ko‘paygan).
Tovar ishlab chiqarish hajmi o‘sish darajasi(7-8%)ning jalb etilgan investitsiyalar hajmi o‘sish sur’ati (1,5 marta)dan pastligi.
Chet eldan pul o‘tkazmalarining ko‘payganligi (2018 - 5,2 va 2019 - 5,8 mlrd.doll.)
Tovarlar eksportining (maxsus eksportdan tashqari) 22,7 foizga va aholi real daromadlarining o‘sish darajasi tovar ishlab chiqarish hajmiga nisbatan ko‘payishi natijasida iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning oshishi.
Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar.
Mamlakatimizda iqtisodiy muhitni sog‘lomlashtirish (inflyatsiya darajasini pasaytirish, ayirboshlash kursining mo‘tadilligini ta’minlash), tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida:
Mamlakatda aksiya (kapital) bozorini kengaytirish orqali portfel investitsiyalar hajmini ko‘paytirish. Xususiy korxonalar va aholi bo‘sh mablag‘larini birinchi navbatda davlat va davlat ulushi bo‘lgan korxonalar aksiyalarini sotib olishga hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirish choralarini ko‘rish;
Davlat qarzini chegaralash. Xalqaro andozalar asosida davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda jalb qilinayotgan qarz mablag‘laridan unumli foydalanish mexanizmlariin ishlab chiqish;
Investitsion loyihalarni shakllantirishda:
- davlat investitsiyalarini baholash tizimini joriy qilish, ijtimoiy soha tarmoqlari, yo‘l transport infratuzilmasi va boshqa tarmoqlar bo‘yicha investitsion loyihalarni tanlash me’yorlari va muhimligini belgilash tartibini o‘rnatish;
- mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini va ularning tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarga moslashuvchanligini oshirish, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushini ko‘paytirish hisobiga uzoq muddatli investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tuzilmasini optimallashtirish, mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish;
- asosiy e’tiborni mamlakatimizning mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojiga va eksport salohiyatini oshirishga qaratilganligiga hamda iqtisodiy samarasi yuqori bo‘lishiga hamda loyiha doirasida keyinchalik ishlab chiqarishda ishlatiladigan oraliq tovarlar (hom ashyo va butlovchi materiallar) tarkibida mahalliy tovarlar ulushini yuqori bo‘lishiga qaratish.10 Tijorat banklarining investitsion dasturlarni moliyalashtirish faoliyatlariga davlat aralashuvini cheklash va davlat tasarrufidagi tijorat banklarining ma’suliyatlarini oshirish mexanizmini takomillashtirish.
Tashqi va ichki to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish mexanizmini takomillashtirish. Bunda iqtisodiy jihatdan istiqbolli va samarali bo‘lgan investitsion loyihalar bazasini shakllantirish va loyihalarni amalga oshirishda ishlatiladigan tovarlar va xizmatlar hajmida import ulushini mahalliy mahsulotlar hisobiga kamaytirishni rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqish.
Mamlakatimizda tayyor iste’mol va butlovchi tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish (tasdiqlangan ro‘yxat asosida iste’mol va butlovchi tovarlarini ishlab chiqaruvchi birliklarga tovarlar turlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda tarmoqdagi o‘rtacha foyda normasidan past bo‘lgan hollarda yuzaga kelgan foyda normasi kamomadini korxona to‘la quvvatga chiqqunga qadar qoplab berish tartibini joriy etish).
Import o‘rini bosuvchi ishlab chiqarish, mahalliylashtirish masalalari.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Harakatlar strategiyasining Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish ustuvor yo‘nalishi hamda respublikamizdagi barcha ishlab chiqarish korxonalari uchun teng raqobat muhitini ta’minlash maqsadida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarga qo‘llaniladigan bojxona hamda soliq imtiyozlari 2018 yilning aprel oyidan bekor qilindi.Bundan tashqari, mahalliy iste’molchilarga tanlov imkoniyatini berish, halol raqobat, bozordagi adolatli narx va yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida aksariyat import mahsulotlari bo‘yicha bojxona tariflari isloh qilindi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatda mahalliy xomashyolar asosida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda yirik sanoat korxonalari bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirishni ta’minlash maqsadida qo‘yidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni jadallashtirish eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi;
2) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilandi;
3) Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etildi;
4) Tarmoq xo‘jalik birlashmalari va yirik ishlab chiqarish korxonalarida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida korxona rahbarining mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot-texnologiyalari masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi;
5) 2020-2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan manzilli dastur ishlab chiqilib, 2020 yilda 1396 ta loyiha doirasida 26,4 trln. so‘mlik (shundan hududlarda 674 ta, 4,1 trln. so‘mlik), 2021 yilda 1644 ta loyiha doirasida 37,6 trln. so‘mlik (shundan, hududlarda 787 ta loyiha, 6,1 trln. so‘mlik) mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi va bunda o‘rtacha mahalliylashtirish darajasi 60-85 foizni tashkil etadi.(Ma’lumot uchun, mahalliylashtirish dasturiga asosan 2018 yilda 707 ta loyiha doirasida 14,9 trln. so‘mlik va 2019 yil yakuni bilan 873 ta loyiha doirasida 18,9 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi kutiladi)11