Makroiqtisodiyotning asosiy muammolari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Mikroiqtisodiy darajada oʻz yechimini topmagan muammolar makroiqtisodiy darajada koʻrib chiqiladi[1][2][3]:
Iqtisodiy oʻsish, iqtisodiy sikllar. Iqtisodiy oʻsish nima? Iqtisodiy oʻsish sur’atlarini qanday aniqlash mumkin? Iqtisodiy oʻsishga qanday omillar taʼsir koʻrsatadi? Davlat farovonligida iqtisodiy oʻsishning oʻrni qanday?[4]
Ishsizlik. Qaysi toifadagi aholi ishsiz hisoblanadi? Ishsizlik iqtisodiyotga qanday taʼsir koʻrsatadi? Ishsizlikni qanday qilib yoʻqotish mumkin? Ishsizlik turlarini qanday aniqlash mumkin?[5][6]
Narxlarning umumiy darajasi. Narxlarning umumiy darajasi deganda nima nazarda tutiladi? Narxlardagi oʻzgarish iqtisodiy muvozanatga qanday taʼsir koʻrsatadi? Inflyatsiya nima? Inflyatsiya qanday holatda iqtisodiyotga foydali boʻlishi mumkin?[7][8]
Pul muomalasi, Foiz stavkasi. Makroiqtisodiyotda pulning roli qanday? Foiz stavkasi nimalarga taʼsir koʻrsatadi va uni tashkil etuvchi omillar qaysilar?[9][10]
Savdo balansi. Nega davlatlar oʻzaro savdo bilan shugʻullanishadi? Sof eksport mamlakat valyuta kursiga qanday taʼsir koʻrsatadi?[11][12]
ZAMONAVIY MAKRO IQTISODIYOT
Makroiqtisodiyot ijtimoiy fan hisoblanadi. Shu sababli, iqtisodiy hodisalarning sodir boʻlish vaqtini aniq aytib boʻlmaydi; makroiqtisodiy agentlar xatti-harakatlarini kuzatish va shunga koʻra taxminiy prognoz qilish mumkin. Tahlil jarayonida iqtisodiy modellar iqtisodiyotni oʻrganishni ancha osonlashtiradi va asosiy iqtisodiy oʻzgarishlar sabablarini izohlab beradi. Shunday boʻlsa-da, koʻpgina iqtisodiy modellar jiddiy kamchiliklarga ega va muhim omillarni hisobga olmaydi[99].
Iqtisodiyot grafiklar, jadvallar, sxemalar va matematik funksiyalar yordamida tahlil etiladi[100]. Barcha makroiqtisodiy parametrlar maʼlum bir vaqt oraligʻida yoki aynan bir paytda koʻrib chiqilishi mumkin deb olinadi. Makroiqtisodiyotdagi barcha oʻzgaruvchilar 2 guruhga boʻlinadi[101][102]:
Oqimlar. Bu maʼlum bir vaqt oraligʻi (yil) ichida koʻrib chiqiluvchi oʻzgaruvchilar hisoblanadi. Oqimlarga investitsiyalar, davlat byudjeti holati, eksport, import va yalpi ichki mahsulotni kiritish mumkin[103].
Zaxiralar. Joriy holatdagi maʼlumotlarni oʻrganuvchi koʻrsatkichlar hisoblanadi. Boylik hajmi, ishsizlar soni va davlat qarzi zaxiralarga misol boʻla oladi[104].
Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar tahlili pozitiv va normativ tahlillarga boʻlinadi. Pozitiv tahlil iqtisodiyot holatini aniqlaydi, tushuntiradi va prognozlar uchun asos hisoblanadi. Normativ tahlil esa qanday iqtisodiy oʻzgarishlar amalga oshirish kerakligini koʻrsatadi[105][106]. Makroiqtisodiy tadqiqotlar „ceteris paribus“ (boshqa oʻzgarmas sharoitlarda) holatida amalga oshiriladi. Yaʼni, bir oʻzgaruvchi oʻrganilib chiqilayotganida, boshqa oʻzgaruvchilar oʻzgarmas deb olinadi[107].