Tayanch tushunchalar: tayanch o’rta ta’lim, professional ta’lim, katta yoshdagilar ta’limi, inklyuziv ta’lim, dual ta’lim, davlat-xususiy sheriklik.
“TA’LIM TO‘G‘RISIDAGI QONUN”
O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 172-bandida «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.
Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida yigirmadan ortiq xorijiy davlatning (Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Angliya, AQSh, Fransiya, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Hollandiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va b.) ta’lim to‘g‘risidagi qonunlari o‘rganildi va ularning ilg‘or tajribalari inobatga olindi.
30 ga yaqin manfaatdor vazirlik va idoralar, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq mutaxassis va 100 dan ortiq fuqaro qonun loyihasi bo‘yicha fikr va mulohaza, takliflarini bildirdi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.
Takliflarning aksariyati ta’lim sohasidagi muammolar va ularning yechimiga, shuningdek ta’lim sifatini yaxshilashga, muallimlarning obro‘-e’tiborini oshirishga, ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan.
Yangi tahrirda ishlab chiqilgan qonun loyihasida boblar soni 5 tadan 11 taga va moddalar soni 34 tadan 75 taga yetkazildi.
Qonun loyihasiga quyidagi yangi boblar kiritildi:
ta’lim faoliyati va uni tashkil etish (4-bob);
ta’lim muassasasi xodimlari (5-bob);
ta’lim oluvchilar va ota-onalar(qonuniy vakillar)ning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi (6-bob);
ta’lim jarayoni qatnashchilarining ijtimoiy himoyasi (7-bob);
ta’lim muassasalarini litsenziyalash, davlat akkreditatsiyasi, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar nostrifikatsiyasi va apostil qo‘yish (8-bob);
ta’lim tizimida davlat nazorati (10-bob);
ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik (11-bob).
Qonun loyihasini ishlab chiqishda asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:
xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish;
ta’lim sifatini yaxshilashga ta’sir qiluvchi omillarni va uning mexanizmlarini qonunning mazmunida aks ettirish;
ta’lim sifatini yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish;
ta’lim jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga solish;
katta yoshdagilar ta’limi, inklyuziv ta’lim, davlat-xususiy sheriklik, ta’lim sohasiga investitsiyalarni jalb etish, mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va boshqa bir qator tushunchalarni alohida moddada ochib berish va boshqalar.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasinining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga ko’ra uzluksiz ta’lim tizimi quyidagilardan iborat:
Maktabgacha ta’lim va tarbiya;
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
Professional ta’lim;
Oliy ta’lim;
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Maktabdan tashqari ta’lim.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan ta’lim turidir.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlashni ham nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiyani tashkil etish tartibi ushbu Qonun, shuningdek “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim o‘quv dasturlarini, zarur bilim, malaka hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim (I — XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat:
- boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar);
- tayanch o‘rta ta’lim (V — IX sinflar);
- o‘rta ta’lim (X — XI sinflar).
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
Boshlang‘ich ta’lim ta’lim oluvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Tayanch o‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Tayanch o‘rta ta’lim doirasida (VII sinfdan so‘ng) ta’lim oluvchilarda kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.
O‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalar o‘zlashtirilishini, shuningdek ta’limning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini ta’minlaydi.
Professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek ta’lim oluvchilarni yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga tayyorlash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida uzluksiz tarzda, majburiy bo‘lgan o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi va ta’lim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb-xunarga va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim olishini ta’minlaydi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Iqtidorli va iste’dodli bolalarning qobiliyatini rivojlantirish uchun Prezident, ijod va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek maktab-internatlar tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda ta’lim oladi.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining sinflarida (guruhlarida) ta’lim oluvchilar soni o‘ttiz besh nafardan oshmasligi kerak.
Professional ta’lim
Professional ta’lim egallanadigan kasb va mutaxassislik bo‘yicha quyidagi darajalarni o‘z ichiga oladi:
- boshlang‘ich professional ta’lim;
- o‘rta professional ta’lim;
- o‘rta maxsus professional ta’lim.
Boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumta’lim fanlarining va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida amalga oshiriladi.
O‘rta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi ikki yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich professional ta’lim negizida amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus professional ta’lim texnikumlarda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, boshlang‘ich professional va o‘rta professional ta’lim negizida davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi kamida ikki yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta va uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan fuqarolar ham o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim olish huquqiga ega.
Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar ta’lim oluvchilarning o‘zi tanlagan kasbga va mutaxassislikka ega bo‘lishini ta’minlaydi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi professional ta’limni olish huquqiga ega.
Oliy ta’lim
Oliy ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim tashkilotlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar, oliy maktablar) amalga oshiriladi. Umumiy o‘rta (o‘n bir yillik ta’lim), o‘rta maxsus (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik o‘rta maxsus ta’lim), boshlang‘ich professional ta’lim (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik boshlang‘ich professional ta’lim) olgan shaxslar, shuningdek ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta va uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan shaxslar oliy ma’lumot olish huquqiga ega.
Oliy ta’lim ikki bosqichga — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega.
Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va ko‘nikmalar beradigan, o‘qish davomiyligi kamida uch yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.
Magistratura tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik bo‘yicha o‘qish davomiyligi kamida bir yil bo‘lgan oliy ta’limdir.
Magistratura mutaxassisliklarining va ularga muvofiq bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish huquqiga ega.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim
Oliy ta’limdan keyingi ta’limni oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda olish mumkin.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o‘rganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni ta’minlaydi.
Tayanch doktorantura falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasiga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
Doktorantura fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
Mustaqil izlanuvchilik falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajalariga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish tartibi, shuningdek harbiy, tibbiyot va boshqa ta’lim tashkilotlarida oliy ta’limdan keyingi ta’lim olish xususiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’limning davom etish muddati qonun hujjatlarida belgilanadi.
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
Kadrlarni qayta tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun qo‘shimcha kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning zarur hajmi egallanishini ta’minlaydi.
Kadrlar malakasini oshirish kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini ta’minlaydi, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladi.
Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari va muddatlari tegishli davlat ta’lim talablari bilan belgilanadi.
Maktabdan tashqari ta’lim
Bolalarning ehtiyojlarini qanoatlantirish, bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek tijorat tashkilotlari madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport yo‘nalishidagi maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini tashkil etishi mumkin.
Maktabdan tashqari ta’lim bolalarga uzluksiz ta’lim berishning tarkibiy qismi sifatida ularning iste’dodi va qobiliyatini rivojlantirishga, ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan.
Maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari jumlasiga bolalar, o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari, studiyalar, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalari kiradi.
Maktabdan tashqari ta’lim berish tartibi ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadi.
Dostları ilə paylaş: |