Iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tkazishning “o‘zbek” modeli
Iqtisod siyosatga nisbatan ustuvor bo‘lishi zarur – bu tamoyil iqtisodiy faoliyat ijtimoiy hayotning birlamchi asosi ekanligidan kelib chiqadi. Iqtisodiyot qanday bo‘lsa, ijtimoiy hayotning boshqa tomonlari ham shunga yarasha bo‘lishini tarix tasdiqlagan. Ushbu tamoyil iqtisodiyotga ortiqcha siyosiy tus berilmaslikdan yiroq. Chunki uni mafkuraga, turli siyosiy partiyalar va harakatlarning manfaatlariga bo‘ysundirilishi iqtisodiy islohotlar va o‘zgarishlar yo‘lida g‘ov bo‘lishini sovet jamiyati ko‘rsatdi.
Ushbu tamoyil O‘zbekistonning ichki iqtisodiy strategiyasini har qanday siyosiy mafkura ta’siridan butunlay xoli bo‘lishini nazarda tutadi.
Totalitar rejali iqtisodiyot o‘ta siyosiylashtirib yuborilgan edi. Iqtisodiy maqbullikdan siyosiy kon’yunkturaviy manfaatlarning ustun kelishi sobiq Ittifoq xalq xo‘jaligini parokandalik yoqasiga, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning jiddiy buzilishiga, ishlab chiqarishning texnika jihatidan qoloqligiga olib keldi. Iqtisodiyot faqat unga xos bo‘lgan ichki qonuniyatlar asosida rivojlanmog‘i darkor edi. Asosiy vazifa ob’ektiv iqtisodiy qonunlarni yaxshi tushunib yetish, ularni o‘z xalqimiz manfaatlari yo‘lida mohirona qo‘llashdan iborat bo‘lgan. Ushbu hayotiy ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov: «...Prezidentdan to oddiy fuqarogacha, yoshi va vazifasidan qat’i nazar – hammani bugungi zamon talablariga, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalariga o‘rgatish, malakasini oshirish. Bu vazifani bajarish uchun har qancha vaqtni va har qanday mablag‘ni ayamaslik zarur» [6; 135-
b.]ligiga muhim vazifa sifatida qaradilar. Shu bilan birga taraqqiyotimizning dastlabki bosqichida iqtisodiy muammolarni hal etishni asosiy siyosiy maqsadga – mustaqil demokratik davlatni qaror toptirishga bo‘ysundirish hayotiy muhim va ob’ektiv zaruriyat sifatida belgilab bergan edilar. Konstitutsiyaviy talab bo‘lgan insonga munosib turmush sharoiti, unga o‘zini namoyon qila olish uchun imkoniyatlar yaratishga iqtisodiyotimizni va butun jamiyatni rivojlantirishning oliy maqsadi sifatida qaraldi.
Davlat bosh islohotchi bo‘lmog‘i kerak – bu bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun zarur bo‘lgan islohotlar keng jamoatchilik ishtirokida, davlat ishlab chiqqan dasturlar asosida, uning bevosita ishtiroki va rahbarligida amalga oshirilishi bugunga kelib naqadar samarali ekanligini tasdiqladi. Chunki davlatning boshqaruv sohasidagi roli inkor etilsa, ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan iqtisodiyotning bozor tamoyillariga o‘tishini ta’minlash qiyin kechishi inobatga olindi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, mamlakatimizda bozor munosabati me’yorlari mustahkamlanib, islohotlarning ortga qaytmasligi ta’minlanib borgan sari davlatning ta’siri ham shunga muvofiq ravishda izchillik bilan kamayib bormoqda.
Darhaqiqat, mustaqillikning ilk yillaridanoq davlat, uning hokimiyat boshqaruv tuzilmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xo‘jalik faoliyatiga aralashishdan chetda bo‘lishi kerak. Bozor iqtisodiyotining o‘zini o‘zi tartibga soluvchi mexanizmlari tobora katta rol o‘ynaydi, davlatda, faqat iqtisodiy dastur va rag‘batlantirish vazifalari qoladi, degan tamoyilga tayanildi.
Qayd etish o‘rinliki, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni davlat yo‘li bilan tartibga solishda iqtisodiy dastaklar – moliya, kredit, soliq, valyuta siyosati, narxlarni nazorat qilish hamda bilvosita ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralari yordamida amalga oshirilishi belgilab olindi. Xuddi shu yo‘l bilan O‘zbekistonda haqiqiy bozor munosabatlariga o‘tish va u uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali davrida, ustiga ustak millatlararo to‘qnashuvlar va boshqa ziddiyatlar girdobida qolgan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yuritilgan oqilona siyosat tufayli milliy iqtisodiyotning, ayniqsa, tarkibiy hal qiluvchi tarmoqlarning hayotiy qobiliyatini qo‘llab-quvvatlab narxlarni tartibga solish, imtiyozli soliqlar belgilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dotatsiya berish yo‘li bilan real yordam ko‘rsatildi. Ma’lumki, bozor iqtisodiyotining asosiy talablari va shartlaridan biri – erkin narxlardir. Jahon tajribasidan ma’lumki, narx siyosati, ayniqsa, o‘tish davrida, bozor tarmoqlarini qaror toptirish sharoitida tartibga solib turiladi. Shuningdek, davlatning burchi mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit yaratish va uni rivojlantirishga yordam ko‘rsatish, muhimi mamlakatda milliy iqtisodiyot ravnaqi uchun, avvalo, huquq-tartibot, insonlarning tinch yashash huquqini ta’minlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish va bozor mexanizmining qulay ishlashi uchun shart-sharoit yaratishdan iboratdir. Davlat o‘tish davrining intihosida aholini islohotlarga tayyorlab, ularni yangichasiga yashashga undaydi va rag‘batlantiradi. Bularning barchasi bozor iqtisodiyotiga tezroq, zarbalarsiz, beozor kirishga va shakllantirishga yordam berdi.
Zamonamizning ulug‘ siyosatchisi Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining hayot darajasi va sifatini sezilarli darajada yaxshilashni ta’minladi.
Bugungi kunda Davlat byudjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. 1991 yilga taqqoslaganda, aholining real daromadlari 12 barobardan ziyod ko‘paydi, ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salmoqli darajada oshdi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni jadal sur’atlar bilan oshirish va aholining ularga bo‘lgan talabini qondirish ta’minlanmoqda [2].
Qonun ustuvorligi – bu tamoyil qonunlar oldida barchaning baravarligi, qonunlarga rioya etish, hamma uchun ham farz, ham qarz bo‘lishini bildiradi.
Bozor iqtisodiyoti qonunchilikka tayanishi, unga xos bo‘lgan faoliyat qoidalari, iqtisodiy munosabatlar, qabul qilingan huquqiy qonunlarda qayd etilishi zarurligi O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tish konsepsiyasida hisobga olindi. Mazkur tamoyilda odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ularning ongida demokratik qadriyatlarni, qonunga bo‘ysunishni mustahkamlash, sovet davridagi og‘ir o‘tmishimizni esdan chiqarmagan holda qonun ustuvorligiga zarurligiga odamlarimizda ko‘proq ishonch hosil qilishga erishish nazarda tutilgan edi. O‘tish davri mamlakatlarida jamiyatning korrupsiya tuzog‘iga ilinishi, uyushgan jinoyatchilik kuchayib borishi mumkinligi ham hisobga olindi.
Mustaqillikni dastlabki yillarida mamlakatimizda «butun yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanmog‘i zarur. Iqtisodiy o‘zgarishlar sinalgan, amaliy kuchga ega bo‘lgan qonunlarga tayangandagina bu o‘zgarishlar sezilarli natijalar berishi muqarrar bo‘lishi mumkin» [14; 11-b.] degan g‘oyaga tayanildi. Va «qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan talablar mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va majburiy sur’atda bajarilishi shart» [14; 33-b.]ligi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning «O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li» (1993) nomli taraqqiyot yo‘limizni belgilab bergan asarida: «Qonunchilik tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda, qonunlarni hayotga izchil joriy qilish, barcha xo‘jalik sub’ektlarining yuridik normalar va qoidalariga qat’iy amal qilishlarini ta’minlash madaniy-ma’rifiy bozorni shakllantirishning majburiy shartidir. Shu sababli qonunga bo‘ysunish bozor munosabatlariga o‘tishning barcha amal qilishi kerak bo‘lgan yetakchi prinsiplaridan biridir. Har qanday huquqiy davlatning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratdir» [5; 321-322-b.], deb ta’kidlaganlarida Qonunchilik va huquqtartibot tantana qilmas ekan, huquqiy davlat qurishni tasavvur qilib bo‘lmasligini nazarda tutgan edi. Mustaqil davlatimizning asoschisi Islom Karimov ushbu asarida: «Iqtisodiy faoliyatning, tadbirkorlik va mehnatning davlat tomonidan kafolatlangan erkinligi, mulkchilikning barcha shakllarining teng huquqliligi va huquqiy himoyalanganligi qonunchilik va huquq-tirtibot tantanasining eng muhim omilidir.