portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI
Keys stadi Industrlashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tish Uch birlikning ikkinchi tarkibiy qismi industrlashtirish bo‘lib, bu sohada sobiq sovet davrida, ayniqsa, uning 1920-1930 yillarda olib borilgan industrlashtirish siyosati tufayli bir qator ishlar qilindi va sanoat tarmoqlari vujudga kelib, respublikada ham o‘ziga xos industriya yaratildi. Lekin bu industriyani miqdor va sifat, umuman mohiyati nuqtai nazaridan haqiqiy industrlashtirishdan farqlash kerak. Chunki o‘sha davrdagi industrlashtirish sobiq sovet davlati manfaatiga qaratilgan edi. U respublika iqtisodiyoti manfaatiga mos kelmay, xalq iste’moli sanoati juda zaif holda bo‘lgan edi. Bundan tashqari yirik korxonalar asos bo‘lib, mayda ishlab chiqarish industriyasi deyarli yaratilmagandi.
Xalq xo‘jaligining ko‘pchilik tarmoqlarida asosan qo‘l mehnati hukmronlik qiladi. Bu, avvalo qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi tarmoqlarga taalluqlidir. Aytaylik, eng og‘ir ishlardan bo‘lgan yuklash va yuk tushirish asosan qo‘lda bajariladi. Bog‘dorchilik, sabzavot, polizchilikda deyarli texnika qo‘llanilmaydi. Savdoda mexanizatsiyalash hatto 10 foizga ham etmaydi. Fermer xo‘jaliklari, ijara va oila pudrati xo‘jaliklari uchun texnikaviy qurollar yaratilmagan, yordamchi xo‘jaliklarni butunlay tilga olmasa ham bo‘ladi.
Hisoblash, axborot, asbobsozlik tarmoqlari ham boshlang‘ich darajada bo‘lib, tibbiyot, maorif, ilmiy-tadqiqot kabilarning texnik ta’minot holati juda past darajada bo‘lgan.
Milliy iqtisodiyotning shakllanishi va industrlashtirish, albatta bozorga moslashgan holda amalga oshishi zarur. Masalan, Yangi iqtisodiy aloqalarni yuzaga keltirish, xalq xo‘jalik tuzumini, ayniqsa ishlab chiqarish tuzumini Yangilash bozor talabi asosida olib borilmoqda. Xomashyo yo‘nalishini o‘zgartirish zarur ekan, avvalo u bozor talabi asosida, eng zarur xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishning ustunligi, bundagi yo‘q bo‘lgan tarmoqlarni tashkil etib, uni rivojlantirishdan boshlanadi. Paxta kompleksida tayyor kiyimlargacha bo‘lgan kompleks ishlab chiqarishningg tashkil etilishi va buning jamoa xo‘jaliklarining o‘zlarida amalga oshirilib, bunda chet kapitali bilan qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgan maqsadga muvofiqdir.
Oziq-ovqat, engil sanoatda, qurilish materiallari va xo‘jalik mollari ishlab chiqarilishida xalq talabidan kelib chiqadigan bozorgir Yangi mollarning paydo bo‘lishi amaliy misollardir. Mamlakatimiz ishlab chiqarishi uchun, Yangi bo‘lgan avtomobilsozlik tarmog‘ining yaratilishi juda quvonchli hol. Chunki bunga bozor talabi juda yuqori. Shuningdek, televizorlar, kompyuterlar, elektron apparatlar ishlab chiqarish yuzaga kelmoqda. Xalqaro bozorga kirib borish, mustaqil ravishda eksport va importni amalga oshirish va bunda samaradorlikka erisha borish bozor shakllanishidagi muhim bosqichlardir. Oz vaqt o‘tishiga qaramasdan bu sohadagi AQSH, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Angliya, Janubiy Korea, Xitoy kabi mamlakatlar bilan kengayib borayotgan iqtisodiy aloqalar, chet mamlakatlar investitsiyasining kengayib borishi buning yaqqol misolidir. Xalqaro iqtisodiy hamkorlikning kuchayishi va jahon iqtisodiy integratsiyalashuvi, birinchi navbatda, dunyo bozoriga qo‘shilish va umuman, bozor munosabatlarining keng harakatiga yo‘l ochishni talab qiladi.
Bozor uchun zarur shart bo‘lgan mulk shakllari paydo bo‘lmoqda. Bunda davlat mulki tasarrufidan chiqarishni tezlashtirish, mulk xususiylashuvini avj oldirish juda muhimdir. Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, haqiqiy dehqon xo‘jaliklarini tiklash, ijara, oila pudrati kabi xo‘jalik turlarini rivojlantirish tezlashmoqda. Demak, bozor munosabatlari asosi bo‘lgan mulk shakllari va turlari, xo‘jalik xillarining paydo bo‘lishi, albatta, amalga oshayotgan iqtisodiy islohotning ta’sirini kuchaytirmoqda, bularning barchasi bozor iqtisodiyoti shakllanishining odim qadamlaridir.
Shuningdek, hissadorlik jamiyatlari, birlashmalar, konsern, kooperativlar, shirkatlarning ko‘payishiga keng yo‘l ochilmoqda, bularning barcha bozor munosabatlari uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy harakat maydonini kengaytirmoqda.
SHu bilan birga bozorga o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan baho siyosati amalga oshirilib, asosan erkin baho siyosati yuzaga keltirildi. Chunki tovarlarni sotishning chakana narxlari talab va taklif asosida erkin shakllanmoqda. Mehnat bozori, qimmatbaho qog‘ozlar bozorlari asta-sekin shakllanmoqda, ko‘chmas mulklar oldi-sotdisi boshlangan.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishdagi muhim sohalardan hisoblangan moliya-kredit va pul tizimlarining Yangilashishi, milliylashishi bozor mazmunida bo‘lishi sohasida katta ishlar, keskin o‘zgarishlar yuz bermoqda. CHunonchi, juda qisqa vaqt ichida haqiqiy milliy pulga ega bo‘ldik.
Bozor infrastrukturasini yaratishda odim qadamlar ham sezilarlidir. Bunga kompyuterlarning dadil kirib kelishi, aloqa vositalari, axborot tizimi, tovarlar siljishi va ularning tez harakati sharoiti, yirik oldi-sotdi hisob-kitoblarini amalga oshirish asoslari kabi tarmoqlar yuzaga kelmoqda va bozor sharoitlarini kengaytirmoqda.
Respublikamizda iqtisodiy faoliyat har tomonlama bozorning shakllanishiga qaratilmoqda. Bunga faqat biz milliy iqtisodiyot shakllanishi va industrlashtirishning bozorga mos holda amalga oshishi bilan chegaralanmasdan, balki maxsus bozorga xos jarayonlarning amalga oshuvi va bozor munosabatlariga o‘tish, bozor iqtisodiyoti shakllanishining tezlashuvini ko‘ramiz.
Bu narsa hozirgi mamlakatimizdagi jarayon faqat bozor munosabatlariga o‘tish bilan chegaralanadi, degan so‘z emas, vaholanki bozor yo‘nalishi asosiy yo‘nalish ekanligini e’tirof etgan holda iqtisodiy holatning uch birlik jarayonidan iborat ekanligini inkor etib bo‘lmaydi, Chunki iqtisodiy islohotning mazmuni shu bilan belgilanib, uning mohiyatini ko‘rsata olishi mumkin.