portal.guldu.uz-IQTISODIYOTNI MODERNIZATCIYALASH VA DIVERSIFIKATCIYALASH STRATEGIYASI
4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish
Uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash siyosatini rivojlantirish hamda ta’lim moddiy-texnik bazasini mustahkamlashdagi chora-tadbirlar tizimi.Mamlakatimizda 2016 yilda siyosiy-huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy sohalar bilan bir qatorda, ijtimoiy sohada xam chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi. Istiqlol yillarida respublikamizda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar hajmi 5 barobar ko‘paytirildi. Har yili davlat byudjetining qariyb 60 foizi sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik, aholini ijtimoiy himoya qilish sohalaridagi vazifalar ijrosiga yo‘naltirilmoqda. Jamiyat ijtimoiy sohasining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri ta’lim-tarbiya sohasi bo‘lib, uning rivoji siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarga bevosita ta’sir etadi hamda ijtimoiy sohalar me’yoriy mohiyatini, kamolot darajasini belgilab beradi.
Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish davlat siyosati ma’no-mazmunidan va uning dolzarbligidan kelib chiqib, uni quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, yangi ta’lim tizimi, barkamol avlod kadrlarini tayyorlashdagi o‘zgarishlar va yangicha yondashuvlar, zamonaviy kasb sohalarining paydo bo‘lgani hamda uning mamlakatimiz sharoiti bilan bog‘liqligidir;ikkinchidan, ta’lim tushunchasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijasida muayyan davrdan boshlab, inson faoliyatining alohida mustaqil sohasiga aylanib, jamiyatning ijtimoiy tajribasini keyingi bosqichga uzatadi;Uchinchidan, ta’lim inson shaxsining intellektual-ma’naviy qirralarini shakllantirish, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy hayotida faol va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan harakatlar yig‘indisi bo‘lib, ma’rifat hamda bilim berishni anglatadi;to‘rtinchidan, fan jamiyatning ijtimoiy institutlaridan biri bo‘lib, tabiat va jamiyat hayotini aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli, U katta ilmiy salohiyatni, ijodiy kuch-quvvatni birlashtirib, ma’naviybarkamol insonni tarbiyalashga, mamlakatda qudratli ilmiy salohiyatni yaratishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalishida130 maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarida tutadi.
Uzluksiz ta’lim tizimining faoliyat olib borishi ta’lim dasturlarining izchilligi asosida ta’minlanadi va quyidagi ta’lim turlarini o‘z ichiga oladi:
Maktabgacha ta’lim.
Umumiy o‘rta ta’lim.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi.
Oliy ta’lim.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim.
Kadarlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.
Maktabdan tashqari ta’lim.
SHuni alohida ta’kidlash kerakki, rivojlangan mamlakatlarda ta’lim samaradorligi, taraqqiyotning 16 foizi - moddiy-texnik bazaga, 20 foizi – axborot resurslariga, 64 foizi-inson omiliga bog‘liq. Bu uchala omil bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ta’lim-tarbiyaning moddiy-texnik bazasi, mavjud resurslaridan, imkoniyatlaridan oqilona foydalanish inson mafaatiga xizmat qiladi va uning ratsional rivojlanishni belgilab beradi. 2017/2018 yillar davomida yurtimizda 459 ta maktabgacha ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi va zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi.
Bugungi kunda ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan xorijiy texnik yordam hajmi tobora ortib bormoqda. O‘tgan davrda bu boradagi yordam 500 million dollardan ortib ketdi. Osiyo taraqqiyot bankining salkam 290 million dollar mablag‘i, Janubiy Koreya hukumatining 110 milliondan ortiq, Jahon bankining 33 million, OPEK fondi, Saudiya fondi, Islom taraqqiyot bankining 42 million, Germaniya Hukumatining “KfV” banki orqali yo‘naltirilgan qariyb 20 million va boshqa donorlarning 100 million dollardan ortiq yordamini qayd etish lozim.131 Bu esa ta’lim jarayonining bevosita davlat nazoratida ekanining so‘zsiz isbotidir. YA’ni, davlat ertangi kun istiqbolini o‘ylab, ta’lim jarayonida ana shunday yirik islohotlarni amalga oshirmoqda.
Ta’lim-tarbiya va tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini jadal rivojlantirish uchun 2015 va 2016 yillarda davlat byudjeti jami xarajatlarining qariyb 60 foizi yo‘naltirildi.SHu jumladan, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga 34,3 foizmablag‘ sarflandi.
Bugungi kunda ta’lim davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Davlat byudjetidan ta’limga ajratilgan mablag‘lar byudjet xarajatlar qismining 33,7 foizi darajasida rejalashtirilib ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar hajmi mamlakatimiz YAIM tarkibida 10-12 foizni tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi. Kariyb 9,5 ming yoki mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan maktablarning deyarli barchasida qurilish, kapital rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. O‘quv maskanlarining zamonaviy o‘quv laboratoriya, mebeljihozlari bilan ta’minlangani ta’lim sifati va mazmuniga yuksak e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish maqsadidida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4861 sonli farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, Buxoro davlat universitetida turizm fakulteti ochildi. SHuni alohida ta’kidlash joizki, Buxoro qadimiy me’morchlik obidalariga boy. Ayni paytda bu erda an’anaviy madaniy-tarixiy turizm bilan bir qatorda sayyohlikning ekologik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish kabi qator turlarini rivojlantirish borasida katta imkoniyatlar mavjud. Bundan samarali foydalanish maqsadida Buxoro shahrida turistik erkin iqtisodiy hudud tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Farmonda belgilalangan o‘rta muddatli istiqbolda turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadli va ustuvor yo‘nalishlarida tarmoq uchun, ayniqsa, menejment va marketing sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ham ilgari surilgan edi. Zikr etilgan fakultet ana shu vazifalar echimiga qaratilgan tadbirlar doirasida ochildi.132 YAna shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kam ta’minlangan oilalar va ularning bolalarini davlat tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, bugungi kunda davlat tomonidan kam ta’minlangan oilalar va ularning bolalarini davlat tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlashninig quyidagi mexanizmlari mavjud:
ota-onalar to‘lovi joriy etilgan barcha ta’lim muassasalarida kam ta’minlangan oilalarning bolalarini badal to‘lovlaridan ozod qilish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 dekabrdagi PQ-744-sonli qarori);
maktablarda kam ta’minlangan oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plami bilan tekin ta’minlash (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1997 yil 20 avgustdagi 409 -sonli qarori);
umumta’lim muassasalarida kam ta’minlangan oilalarning bolalarini darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovalaridan ozod qilish va boshqalar (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 1 iyuldagi PQ-363-sonli qarori).
2017 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar tufayli Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat test markazi, O‘zNNTMA zimmasiga aholining ijtimoiy nochor qatlamlarining sifatli ta’lim olish imkoniyalarini kengaytirish maqsadida inklyuziv ta’lim tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi. Vazirlar Mahkamasining shu boradagi qarori loyihasida quyidagi amaliy natijalar nazarda tutilgan:
nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlashni qamrab oluvchi inklyuziv tizimni yanada rivojlantirish;
inklyuziv ta’lim tizimi o‘qituvchilariga imtiyozlar berish;
jismoniy imkoniyati cheklangan talabalarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;
nogiron bolalarni uyda o‘qitadigan pedagoglarning ishini rag‘batlantirish.
Bugungi kunda aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rstagichi hamon pastligicha qolmoqda. SHu boisdan ham 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun jami 2,2 trillion so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i 50 ta yangi qurilish hamda mavjud muassasalarning 1167 tasini rekonstruksiya qilish va 983 tasini mukammal ta’mirlash orqali kengaytiriladi.133 .
11-rasm Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim muassalarining faoliyat samaradorligini oishirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qator tizimli ishlar amalga oishirilmoqda. Birgina 2015-2016 yillar davomida 459 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirlandi va zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi.