BILDIRISHNOMA. Bildirishnoma xodimning yoki quyi tashkilot rahbarining yuqori tashkilot rahbariga biron bir voqyea-hodisa munosabati bilan axborot tarzida yozilgan xatidir. Bildirishnomalar tashkilotda ishlaydigan xodimni mukofotlash yoki jazolash haqidagi taklif, belgilangan rejaning bajarilganligi yoki jarayonning borish tafsiloti mazmunida bo‘lishi mumkin.
Bu hujjatning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bildirishnoma muallifi yuqori tashkilot yoki uning rahbarini ma’lum voqea-hodisa to‘g‘risida xabardor yoki ogoh etishi bilan birga bu voqyea-hodisaga o‘z munosabatini ham bildiradi va aniq takliflarini bayon qiladi. Shundan kelib chiqib, bildirishnomani boshda bu nomaning yozilishiga sabab bo‘lgan omillar, keyin muallifning unga bo‘lgan munosabati va oxirida aniq taklif-mulohazalari bayon etilgan qismlardan iborat deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Bildirishnoma yuboriladigan tashkilot va rahbarning lavozimi va ism familiyasi, bildirishnomani yozgan kishi yoki tashkilot va uning rahbarining lavozimi va ism-familiyasi, lozim bo‘lganda, bildirishnomaning nima haqda yozilayotganini bildiruvchi sarlavha va yangi qatorda Bildirishnoma degan so‘z, shundan so‘ng xat mazmuni va oxirida bildirishnomani tayyorlagan xodim yoki rahbarning imzosi hamda sana yozilgan zaruriy qismlardan iborat bo‘ladi.
Bildirishnomalarni tayyorlashda faqat biror voqea, holat to’g’risida xabar berish bilan cheklanish yetarli emas, ularning sabablari tahlil qilinishi, xulosa chiqarilishi, takliflar berilishi ham lozim.Shuning uchun bildirishnomalarda xulosa va takliflar aniq va ishonarli yozilishi talab qilinadi.
Bunday hujjatlar matni ikki qismdan iborat bo’lib, birinchisida, yozilishiga sabab bo’lgan voqea, dalillar berilsa, ikkinchisida, shunga oid xulosa va aniq takliflar bayon qilinadi. Agar bayon qilinayotgan ma’lumotlar aniq sana yoki vaqtda tegishli bo’lsa, bu sana yoki vaqt matn oldidan ko’rsatilishi lozim. Masalan: 2002-yil 1-oktyabrdagi holatga ko’ra kabi.
BUYRUQ. Muayyan muassasa, tashkilot oldida turgan asosiy va kundalik vazifalarni hal qilish maqsadida buyruq, farmoyish, ko’rsatma kabi farmoyish hujjatlari tayyorlanadi. Buyruq loyihasi bosh mutaxassislar, huquq maslahatchisi, bosh hisobchi bilan kelishilgan holda tuziladi.
Nisbiy ma’noda mustaqil sanaladigan, o‘z muhri va shtampiga ega bo‘lgan tashkilot yoki muassasa doirasida yuritiladigan asosiy hujjatlardan biri bo‘lib, Shu tashkilot yoki muassasa uchun muhim hisoblanadigan vazifalar uning yordamida hal etiladi. Huquqiy hujjat bo‘lgan buyruqni bajarish, mazmunidan kelib chiqib uni ijro etish vazifasi yuklatilgan shaxslar uchun majburiy sanaladi. Ijrosi amalga oshmay qolgan taqdirda esa bu shaxslarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilishi mumkin. Shuning uchun buyruqni chiqarish murakkab jarayon hisoblanadi va zaruriyatga qarab unga imzo chekadigan rahbar, o‘z o‘rinbosarlari, tegishli bo‘lim boshliqlari va mazko’r buyruqni bevosita bajaruvchilar bilan oldindan kelishib olinadi.
Oldindan o‘ylab, kelishib chiqarilgan buyruq to‘laligicha bajariladi hamda tashkilot va uning rahbariga obro‘ keltiradi. Hayotda buning aksi ham bo‘lishi mumkin. Buyruqlar ikki yo‘nalishda chiqariladi: asosiy faoliyatga va kadrlarga tegishli buyruqlar.
Tashkilot yoki muassasaning asosiy faoliyati birinchi turdagi buyruqlar asosida olib boriladi. Ular asosida xodimlarning kunlik va haftalik ish vaqti, o‘quv yurtlarida o‘qituvchining o‘quv soatlari hajmi, amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, maosh belgilash va lozim bo‘lganda ma’muriy choralar ko‘rish, ma’lum sanalarda amalga oshiriladigan tadbirlar singari holatlar rasmiy tarzda belgilab qo‘yiladi. Bunday buyruqlar tashkilot yoki muassasaning o‘z tashabbusi, ba’zan yuqori tashkilotlardan kelgan buyruq, farmoyish va ko‘rsatmalarni bajarish maqsadida yuzaga keladi. Ularning ijrosi har bir mahkamada o‘zlari belgilagan tartibda nazorat qilib boriladi.
Buyruqning asl nusxasi O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan maxsus blankada – qog‘ozda rasmiylashtiriladi. Dastlab yuqori tashkilot yoki vazirlikning nomi, shundan so‘ng buyruq chiqaruvchi tashkilot yoki muassasaning nomi va o‘rtadan Buyruq degan so‘z yoziladi. Uning pastidan chap tomonda hujjat sanasi, o‘ng tomonda tartib raqami, biroz pastdan o‘rtada buyruq chiqqan joy nomi ko‘rsatiladi. Yangi qatordan chap tomonda buyruqning nima haqda ekanligi, ya’ni sarlavhasi yozilgach, asosiy matn beriladi va oxirida tashkilot va muassasa rahbari tomonidan imzo chekiladi. Asoslovchi qismda buyruqdan maqsad, shart-sharoit ko’rsatiladi, asos qilingan buyruq (hujjat)ga havola qilinadi. Asoslashga ehtiyoj bo’lmagan hollarda to’g’ridan-to’g’ri buyruqning farmoyish qismi beriladi.
Buyruqning farmoyish qismi yangi satrdan “BUYURAMAN:” so’zini bosh harflar bilan ikki nuhta qo’yib yozishdan boshlanadi. Shundan so’ng farmoyish yoziladi. Agar farmoyish bir nechta bo’lsa, bandlarga ajratilib, arabcha raqamlar bilan belgilanadi.