Iqtisodiy samaradorlik firmaning ishlab chiqarish xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi qiymat ko‘rinishidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.
Texnologik samaradorlik foydlanilayotgan resurslar va natural ko‘rinishda olinayotgan mahsulot o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.
Ishlab chiqarish omillarini yiriklashgan uch guruhga bo‘lib qarash mumkin: mehnat, kapital va materiallar.
Masalan, mehnat ishlab chiqarish omili sifatida malakali mehnatni (muhandis, texnoplog, payvandchi, buxgalter, elektr ustasi), malakasiz mehnatni (har xil ishchilar) va korxona rahbarlarining boshqaruv va tadbirkorlik harakatini o‘z ichiga oladi. Bu mehnat turlarini umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar mehnat sig‘imi va mehnat unumdorligidir.
Materiallar deganda, ishlab chiqarish jarayonida tayyor mahsulotga aylanadigan har qanday moddiy narsani qarashimiz mumkin: butlovchi qismlar, yarim fabrikatlar, temir, po‘lat, shisha, yoqilg‘i, yog‘och, paxta va boshqa xom ashyolar tushuniladi.
Moddiy kapital sarfi ishchilar tomonidan binodan, uskunadan, instrumentdan va texnologik liniyalardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Ishlab chiqarish munosabatlari birinchi navbatda mahsulot ishlab chiqarishdagi texnologik munosabatlardir.
Texnologiya - bu tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish to‘g‘risidagi amaliy bilimlardir. Ma’lumki, texnologiyaning takomillashuvi fanda va texnikadagi yangi yutuqlarning ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilish orqali boradi. Yangi texnologiya yangi ishlab chiqarish usullaridan foydalanishni, yangi mashina va mexanizmlardan yanada yuqori malakaga ega bo‘lgan mehnatdan foydalanishni taqozo qiladi. Yangi texnologiya yangi turdagi mahsulotlarni yaratishga yordam beradi. Yangi texnologiya mahsulot sifatini oshirishga, ish sharoitlarini yaxshilashga, berilgan resurslar miqdori o‘zgarmaganda ishlab chiqariladigan mahsulot miqdorini oshirishga, xarajatlarni kamaytirishga olib keladi.
Ishlab chiqarish funksiyasi.Sarflanadigan ishlab chiqarish omillari miqdori bilan, ushbu omillardan foydalangan holda maksimal ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ishlab chiqarish funksiyasi orqali ifodalash mumkin.