Mehnat muhofazasi bo‘yicha asosiy qonunlar, standartlar va me’yoriy hujjatlar. O‘zbekistonda mehnat muhofazasi – bu tegishli qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida amal qiluvchi, insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya – gigiena va davolash-profilaktika tadbirlari hamda vositalari tizimidan iboratdir.
Mehnat muhofazasi bo‘yicha belgilangan barcha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (8 dekabr 1992 yil), O‘zbekiston Respublikasining mehnat kodeksi (21 dekabr,1995 y), «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun» (6 may, 1993y., 2016 yil 22 sentyabrda ushbu Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan), Davlat standartlari, nizomlar va me’yorlar, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha qoidalar asosida olib boriladi.