Mehnat muhofazasining huquqiy va tashkiliy asoslarida ishlab chiqarishda mehnat muhofazasini amalga oshirish, sog‘lom va xavfsiz ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha qonunchilik, jumladan, davlat qonunlari («Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun», «Mehnat kodeksi» va b.), nizomlar, me’yoriy hujjatlar, davlat standartlari, ularni hayotga tadbiq etish yo‘llari va bu boradagi rahbar xodimlarning javobgarliklari, sog‘lom va xavfsiz ish sharoitlarini yaratish yuzasidan davlat nazorat tashkilotlari hamda jamoat nazoratlari, ularning vazifalari, huquqlari kabi masalalar o‘rganiladi.
«Ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat gigienasi»da ishlab chiqarish binolari va ish joylari havosining ifloslanish omillari, havo tarkibidagi zararli moddalarni me’yorlashtirish, sanitar me’yorlar va talablar, zararli va zaharli moddalarning ruxsat etilgan miqdorlari, ish joylari havosi tarkibini me’yorlashtirish, shamollatish va isitish tizimlari, shovqin va titrashlar, ularning inson sog‘ligi va mehnat qobiliyatiga ta’sirini kamaytirish hamda ulardan himoyalanish usullari, yoritilganlik va uning me’yorlari, ionli va radioaktiv nurlanishlardan himoyalanish yo‘llari, korxonalar va ishlab chiqarish binolari, shuningdek, turar joy va aholi yashash joylariga qo‘yilgan sanitar-gigienik talablar, shaxsiy gigiena kabi masalalar o‘rganiladi.
«Xavfsizlik texnikasi asoslari»da mashina va mexanizmlarning ish jarayonlariga qo‘yilgan umumiy xavfsizlik talablari, xavfsizlikni ta’minlovchi texnik vositalar (to‘siqlar, saqlash qurilmalari, tormozlar, signallar, xavfsizlik belgilari va b.), ishlab chiqarishdagi mashina va mexanizmlardan, jumladan axborot – kommunikatsiya tizim texnik vositalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi, elektr xavfsizligi, texnik vositalar, mashina va mexanizmlar hamda qurilmalarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishda xavfsizlik texnikasi, yuk ko‘tarish-tushirish mashinalari va qurilmalari bilan ishlashda, transport ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik texnikasi kabi masalalar o‘rganiladi.