Islom karimov nomidagi toshkent davlat texnika universiteti nodira nishonova


Nikoh eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Nikohning qonuniy va diniy asoslari



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə65/120
tarix19.10.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#157494
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   120
Кулланма ов 230523 MUNDARIJASI BILAN2

Nikoh eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Nikohning qonuniy va diniy asoslari. Oila kishilik jamiyatining ijtimoiy poydevoridir. Shunga ko‘ra, jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol, axloqan pok va yuksak madaniyatli yosh avlodni voyaga yetkazishda oilaning o‘rni beqiyos. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqboli oilaviy tarbiya muammolarini oqilona yechilishga ham bog‘liq. Buning uchun shu borada zarur chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish, oilaviy tarbiyaga tahdid soluvchi muayyan kuchlarga qarshi kurashib, bo‘lajak ota-onalarning ma’naviy, axloqiy, madaniy va tarbiyaviy bilimlarini oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biridir. Davlatimizda sog‘lom oilani shakllantirish va oilada yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, yoshlarni oila qurishga tayyorlash, oilalar mustahkamligini va manfaatlarini ta’minlash, sog‘lom farzand o‘stirish, tarbiyalash va voyaga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda, avvalambor, oilaning muqaddasligi hamda nikoh mas’uliyati bo‘yicha kelajakda oila quradigan yigit va qizlarimiz tafakkurini, ongini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bosh qomusimizda oilani mustahkamlash, undagi munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda barcha a’zolarining mas’ulligi hissi asosida oila qurish, biror-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash kabi asosiy tamoyillar o‘z ifodasini topgan. Oila va nikoh munosabatlari, sog‘lom ona-sog‘lom bola masalasiga e’tibor, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qolaversa, mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati mohiyatida ham davlat va jamiyatning oilaga bo‘lgan doimiy g‘amxo‘rligi o‘z ifodasini topgan.
Nikoh – erkak va ayolning teng huquqli, erkin va ixtiyoriy ittifoqi bo‘lib, u fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida tuziladi va oila tuzish maqsadiga hizmat qiladi. Nikoh oilaning vujudga kelishida birdan bir asos bo‘lgani bois u faqat axloq normalari bilan emas, balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oila nikohdan boshlanadi. Nikoh rasmiy, qonunlar asosida o‘tkazilgandagina haqiqiy hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining birinchi moddasida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Balog‘atga yetmaganlarning nikohga kirishining oldini olish, ularning sog‘ligini himoya qilish maqsadida hamda oilani qurish uchun ma’lum hayotiy tajriba, jismoniy va ma’naviy yetuklik talab qilinishini e’tiborga olgan holda, qonun nikoh yoshini erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n etti yosh etib belgilangan.
Nikoh, nikohga kiruvchilarning ixtiyoriyligi, erkin roziligi asosida tuziladi. Nikohni tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Axloq nuqtai nazaridan oilaning asosi bo‘lmish nikoh – ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan sevgi, sevishning ijtimoiylashgan ko‘rinishi. Sevgi-muhabbat faqat erkinlikda namoyon bo‘lishini hisobga olinadigan bo‘lsa, nikohni ma’lum ma’noda, an’analar, urf-odatlar va e’tiqodlarga moslashtirilgan sevgining yashash sharti deyish mumkin.81 O‘zbek oilasining dunyodagi boshqa oilalarga o‘xshash tomoni ko‘p, shu bilan birga o‘ziga xos jihatlari bor. Xalqimizning: "Nikoh eng avvalo Arshi a’loda o‘qiladi, keyin esa yerda" degan naqli behuda aytilmagan. Ota-bobolarimizning azaliy tushunchalari bo‘yicha nikoh ilohiy ahd, oila muqaddasdir. Oila qurishdan asosiy maqsad farzand ko‘rishdir.
Ma’lumki, oila munosabatlari taraqqiyotida er va xotinning o‘zaro munosabatlari, bu munosabatlarning ijobiyligi, er-xotinning bir-birini tushunishi, bir-birlariga nisbatan hissiy intilishlari, o‘zaro hurmati, farzandlar tarbiyasidagi teng huquqliligi va qator shu kabilar oila mustahkamligini ta’minlovchi muhim psixologik omillar hisoblanadi. Shuning uchun ham jahonning barcha rivojlangan mamlakatlarida oila muammolarini hal etish, tadqiq etish masalalariga oid ishlarda bevosita oiladagi shaxslararo munosabatlar tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan er-xotin va farzandlar munosabatlari xususiyatlarini, holatini o‘rganishga alohida e’tibor beriladi.
Oila – tarixan tarkib topgan o‘ziga xos va mos ijtimoiy guruh bo‘lib, uning a’zolari bir-birlari bilan nikoh, qon-qarindoshlik, umumiy turmush va o‘zaro huquqiy, axloqiy va boshqa munosabatlar bilan bog‘langandir. Oila nikoh zaminida vujudga keladi. Nikoh esa erkak va ayol orasidagi munosabatlarning jamiyat tomonidan tan olingan, ma’qullangan ifodasi hisoblanadi.
“Oila uch jihatni: o‘zining bevosita ko‘rinishi bo‘lmish nikohni; oilaviy mulk va anjomlar hamda ular haqidagi g‘amxo‘rlikni; bolalar tarbiyasini o‘z ichiga oladi”.82
Nikoh o‘z mohiyatiga ko‘ra axloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oila quyidagi holatlarda quriladi:

  1. sevgi – muhabbat bilan;

  2. hissob – kitob bilan;

  3. urf – odat an’anaga ko‘ra;

  4. majbur bo‘lib qolgan holatlarda;

Shariat bo‘yicha nikoh:

  • Er-xotinning huquq va majburiyatlari shariat bo‘yicha belgilangan bo‘lib, ular o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar nikoh ahdi tuzilib, kelishilgan qalin va ajratilgan mahr berilgandan keyin boshlanadi.

  • Oilaning tinchligi, uning farog‘atli turmushi shu oilaning boshida turgan er bilan xotin orasidagi do‘stona munosabatlarga bog‘liq.

  • Shariat bo‘yicha nikoh shartnomaga o‘xshab ketsada, undan farq qilgan. U umurbod tuzilgan. Shariat muddatli shartlarga yo‘l qo‘ymagan. Agar nikoh ahdida muddatli shartlarga ma’lum hafta, oy yoki yilga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bunday nikoh haqiqiy emas deb sanalgan.

Shariat bo‘yicha nikohdan o‘tish uchun nikohdan o‘tuvchilardan bir qator shartlarga rioya qilish talab etilgan.
Ular:

  • Birinchidan-nikohdan o‘tuvchilarning o‘zaro roziligi;

  • Ikkinchidan-nikoh yoshiga to‘lish;

  • Uchinchidan-nikohni guvohlar ishtirokida tuzish;

  • To‘rtinchidan-kelin uchun qalin va mahr to‘lash;

  • Beshinchidan-diniy e’tiqod birligi;

  • Oltinchidan-nikohdan o‘tadiganlar yaqin qon - qarindosh bo‘lmasligi;

  • Ettinchidan-tabaqa bo‘yicha tenglik;

  • Sakkizinchidan-nikohdan o‘tivchilarning ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishi lozim.

  • Shariat bo‘yicha nikoh ahdini tuzish vaqtida albatta ikki kishi guvohlikka o‘tishi lozim. Guvohlikka o‘tishga qo‘yilgan shaxslar nikoh ahdini tuzuvchilarning o‘zaro roziligini o‘zlari bir vaqtning o‘zida eshitgan bo‘lishlari lozim edi.

  • Shariat bo‘yicha nikoh ahdini tuzishning navbatdagi sharti qalinni to‘lash va ajratilgan mahrni berishdan iborat bo‘lgan. Bu siz nikoh haqiqiy emas, deb sanalgan. Mahr kuyov tomonidan kelinga berilib, uy-joy va sepdan iborat bo‘lgan. Har bir hududda mahr, qalin hajmlari har-xil bo‘lgan.

  • Shariat bo‘yicha, faqat islom diniga mansub bo‘lgan shaxslargina o‘zaro nikoh tuza olgan. Agar ayol boshqa dindan islom diniga o‘tsa, u bilan nikoh qurish mumkin edi.

Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar:

  • Quyidagi holatlarda nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • Nikohga kiruvchilarning loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda bo‘lsa;

  • Nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar (bobo, buvi, ota-ona, farzandlar, nevara va chevaralar) o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;

  • Nikohga kiruvchilarning loaqal bittasi ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa,

  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘shxotinlikni taqiqlaydi.

  • Ma’lumki, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida ko‘pchilik bolalar nogiron bo‘lib tug‘ilishadi. Shifokar fikricha, yaqin qarindoshlar: amaki, xola, tog‘a va ammavachalarning farzandlari o‘rtasidagi nikohiy munosabatlar ham salbiy oqibatlarga olib keladi.

  • Ruhiy kasalligi bo‘lgan shaxsning kasalligini bekitib, balki nikohiy munosabat natijasida tuzalib ketadi deb ayirim ota-onalar qonun buzilishga ham yo‘l qo‘yadilar. Natijada nikohning bekor qilinishi, oilada nogiron farzand tug‘ilishi kabi fojialar ham sud amaliyotida uchrab turadi.

Oila muqaddas urf – odatlarimizni saqlaydigan tarbiya o‘chog‘idir. Yoshlarning ma’naviy qiyofasi, ularning xatti–harakatlari, xulq–atvorlari dastlab oilaviy munosabat madaniyatida ifodalanadi. Bu – oilada insonga hos va mos sharoitlarni yaratish, oilaning vazifalarini to‘la bajarish, oilaviy turmush tarzini to‘g‘ri shakllantirish, oila a’zolarining xulq – odobi, dunyoqarashi, mafkurasini, oilaviy hayotning davomiyligini ta’minlashdir. Mustahkam oila mustahkam jamiyatning asosidir. Shunday ekan jamiyat oilalarni mustahkamlash, oilaviy munosabatlar madaniyatini takomillashtirishga alohida e’tibor berib kelmoqda.
Oila, jamiyat va davlat bilan o‘zaro bog‘liq bo‘ladi va ular bilan bir vaqtda rivojlanib boradi. Oila nafaqat axloqiy balki, demografik, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa muhim funksiyalarni bajaradi. Shuning uchun jamiyat va davlat oilaning farovon bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi.
Oila - bu kichik jamoadir. Unda o‘zaro muomalaning barcha qoidalariga amal qilinishi kerak. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat; bir – biriga mehribon bo‘lish, ayniqsa ayollarni izzat qilish kabi qoidalar kundalik odatga aylanib borishi kerak. Ota - ona bolalariga namuna. Shuning uchun ular oilada axloq madaniyatiga to‘la rioya qilishlari shart.
Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa bo‘lib, oilaning ichki ishlariga hech kim aralashishga haqqi yo‘q. Shu sababli ham oila muqaddas va daxlsiz hisoblanadi. Oilaviy munosabatlar jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy va ma’naviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular ta’sirida o‘zgarib boraveradi.
Oilalarda nafaqat oilaviy munosabat, balki qon-qarindoshlik munosabatlari madaniyati ham yuksak darajada rivojlangan bo‘ladi. Bunday oilada bobo, buvi, ota-ona, amaki, aka-uka, opa-singil, jiyan, kuyov, kelin quda-anda, qaynota-qaynona kabi o‘nlab qarindoshchilik darajalarini bildiruvchi mezonlarga amal qilinadi. Bu munosabatlarda milliylikning asl o‘zagi namoyon bo‘ladi. Bu munosabatlarning afzalliligi shundaki, bunda qarindosh-urug‘lar bilan oqibatli bo‘lib yashash, farzandlarni milliy udum, qadriyatlar ruhida tarbiyalash uchun imkoniyat tug‘iladi hamda ular qarindoshlar orasida ham moddiy va ma’naviy tayanch-suyanch bo‘lib yashashga odatlanadilar.
Bunday oilalarda tarbiyalangan farzandlar ham barcha bilan munosabatda tezda kirishib keta oladigan, munosabat madaniyatiga rioya etadigan inson bo‘lib shakllanadilar, chunki bu bolalarni bitta oila emas, bir necha oila tarbiyalaydi. Oilaviy sharoit u yoki bu oila a’zolarining kelajakda hayotiga bevosita ta’sir qiladi.
Oila tarbiyasi bolaning kelajakda kim bo‘lib etishishida muhim rol o‘ynaydi. Demak, bola oilada jamiyatning timsolini ko‘radi, bo‘lajak fuqaroning tabiati, dunyoqarashi va axloqiy qiyofasi oilada shakllanadi hamda shunga ko‘ra kamol topib boradi. Oila tarbiyasining mohiyati kishini hayotga tayyorlashdan iborat. Oila – bu kichik jamoadir. Unda o‘zaro muomalaning barcha qoidalariga amal qilinishi kerak. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat; bir – biriga mehribon bo‘lish, ayniqsa ayollarni e’zozlash kabi qoidalar kundalik odatga aylanib borishi kerak. Ota - ona bolalariga namuna. Shuning uchun ular oilada axloq madaniyatiga to‘la rioya qilishlari shart.
Oilaning jamiyatda tutgan o‘rni, oila tarbiyasi, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, oilaning pokligi va mustahkam bo‘lishiga oid qimmatli fikrlar hadislarda muhim o‘rin egallaydi:
«Kimgaki Alloh taolo soliha xotin nasib etgan bo‘lsa, dinining yarmiga yordam qilibdi, qolgan yarmiga o‘zi taqvo qilsin». «Xotinlarning barakatlirog‘i uylanish xarajatlari yengilidir»; «Xotin kishi qovurg‘adan yaratilgan. Agar sen qovurg‘ani to‘g‘rilayman desang sindirasan, murosa qilu u bilan yasha»; «Xotin kishiga eng haqqi ko‘p kishi eridir, erkak kishiga eng haqqi ko‘p kishi onasidir»; «Agar bir shaharda loaqal bir ayol bir marta buzuqlik ko‘chasiga kirib haromi orttirsa, bu shahardan qirq yil fayzu barakat ko‘tarilib ketadi»; «Ayollarni faqat ulug‘ odamlar hurmat qiladi. Ularni faqat pastkash odam xo‘rlaydi».83
Ushbu hadislarda islom diniga xos insonparvarlik va adolat mezonlari namoyon bo‘ladi, nikohning ilohiyligi, oilaning muqaddasligi ta’kidlanadi, er va xotin o‘rtasidagi burch, poklik, iffat, o‘zaro bir-birini hurmat qilish tuyg‘ulari ulug‘lanadi.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, mustahkam oila sog‘lom turmush tarzi asosida shakllanadi. Oila baxti, farzandlarning tarbiyali, yetuk inson bo‘lib yetishida ota–onaning sa’y-harakati, tarbiya mahoratiga bog‘liq. Oiladagi axloqiy tarbiya asosan ota-onalar va oilaning yoshi katta a’zolari tomonidan amalga oshiriladi. Oila tarbiyasida muvaffaqiyatga erishish ko‘p jihatdan oiladagi ota va onaning birga bo‘lishi, ularning baxtli yashashiga bog‘liqdir.
Demak, oila tarbiyasining manbalari muayyan xalqning asrlar davomida to‘plagan milliy-madaniy qadriyatlariga asoslangan bo‘lib, o‘zbek oilalarida o‘z shaxsiy farovonligidan ko‘ra oila sha’nining baland tutilishi, qarindosh-urug‘lari va yaqin odamlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qilishni olingi o‘ringa qo‘yilishi – oliy darajadagi maqsad bo‘lib, oilani tashqi muhit bilan bog‘lashga va mustahkamligini ta’minlashiga xizmat qiladi.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   120




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin