Islom karimov nomidagi toshkent davlat texnika universiteti nodira nishonova


-MAVZU. FALSAFA FANINING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə2/120
tarix19.10.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#157494
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   120
Кулланма ов 230523 MUNDARIJASI BILAN2

1-MAVZU. FALSAFA FANINING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI
REJA:

  1. “Falsafa” atamasining mazmun-mohiyati va falsafaning asosiy masalalari.

  2. Dunyoqarash tushunchasi, uning tarixiy shakllari.

  3. Falsafaning asosiy funksiyalari va falsafiy bilimlar tizimi

  4. Falsafada milliylik va umuminsoniylik. Milliy falsafani rivojlantirish masalalari.

Tayanch so‘zlar: Falsafa, monizm, dualizm, plyuralizm, dunyoqarash, diniy dunyoqarash, falsafiy dunyoqarash, falsafaning milliyligi va umuminsoniyligi, Dunyoqarashning tuzilishi, dunyoni sezish, dunyoni idrok etish, dunyoni tushunish.
Falsafa” atamasining mazmun-mohiyati va falsafaning asosiy masalalari. Insoniyat bugungi kunga kelib, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Fan va texnika, madaniyat va maorif beqiyos rivojlandi. Odamzod o‘zining aql-zakovati va mehnati bilan juda ko‘p yangiliklar yaratdi. Dunyoning ko‘plab sir-asrorlari kashf etildi, buyuk ixtirolar qilindi. Maʼnaviy boyliklar orasida falsafa ilmida to‘plangan hikmatlar xazinasi eng muhim o‘rin tutadi. Har bir davrning buyuk donishmandlari bo‘ladi. Ular o‘z yurti va xalqining tafakkuri, ruhiyati hamda orzu-intilishlarini falsafiy taʼlimotlarida, muayyan darajada ifoda etganlar, jamiyat farovonligi va millat ravnaqi uchun xizmat qiladigan yuksak g‘oyalarni o‘rtaga tashlaganlar. Xalqni buyuk maqsadlar sari yetaklovchi bayroq sifatida namoyon bo‘ladigan bu g‘oyalarning muayyan davr mafkurasiga aylanishida falsafiy bilimlar katta ahamiyat kasb etadi.
«Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, donolikka muhabbat manosini anglatadi. Falsafa so‘zini qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, ananalar orqali) avloddan avlodga o‘tuvchi bilimni inson o‘z aqliga tayanib, mushohada yuritish va tanqidiy fikrlash yo‘li orqali olishi mumkin bo‘lgan bilimdan farqlash maqsadida ishlatgan.
Pifagor va qadimgi davrning boshqa faylasuflari donolikka davo ham qilmaganlar, zero, o‘sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko‘ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o‘tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so‘nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo‘lgan bashoratgo‘ylar, kohinlar va oqsoqollar etirof etilgan. Ularning so‘zlari birdan-bir to‘g‘ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, ularning fikriga ko‘ra donishmandlik muxlisi bo‘lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o‘z aqliga tayanib, ijodiy yo‘l bilan, shuningdek boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo‘lgan.
Biroq, insonning dunyo va o‘ziga bunday munosabati darhol yuzaga kelgani yo‘q. Insonning tabiatga qarshilik ko‘rsatish, ishlab chiqarish vositalarini yaratish va ko‘paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o‘sgunga, buning natijasida yetarli tajriba va bilimlar to‘plangunga, odamlar aqli ko‘p sonli savollarga javob izlash uchun etarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Shu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo‘lish sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? Shuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Yerda hayot paydo bo‘lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu yerda biz hali kam o‘rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida yechilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qaerdan, qaysi sabablarga ko‘ra paydo bo‘lgan, degan savolga aniq, umumiy etirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. Shuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig‘ida mavjudligi obektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o‘z javobini topganicha yo‘q.
Qadimgi dunyoda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug‘ullanishidan qatʼi nazar, filosofiya deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, ham tabiat to‘g‘risidagi ilm hisoblanar edi. Shu maʼnoda, dastlabki filosofiya olam va unda insonning tutgan o‘rni haqidagi qarashlar tizimi bo‘lib, dunyoni ilmiy bilish zaruratidan vujudga kelgan.
Sharqda “Ikkinchi Arastu”, “Ikkinchi muallim” deya eʼtirof etilgan buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy falsafa so‘zini “Hikmatni qadrlash” deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida “donishmandlikni sevish” degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni eʼzozlash maʼnosida ishlatilgan.
Shu maʼnoda, bizda qadim zamonlarda faylasuf deganda, ko‘pdan-ko‘p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va mutafakkir kishilar tushunilgan.
XIX asr nemis qadriyatshunosi I.Rikkert ham shunga o‘xshash fikrni quyidagicha bayon qilgan: “Odamzod olam va odam hamda hayotning qadrini anglab, ular omonat bir narsa ekanini tushuna boshlagan davrlardan falsafiy fikrlashga kirishgan. Binobarin, birinchi faylasuf kim bo‘lganidan qatʼi nazar, hayotni qadrlaydigan kishi bo‘lgani shubhasiz”.
Falsafa, avvalo, muayyan ilmiy bilimlar tizimidir. U, bir tomondan, insonning voqelikni aql vositasida idrok etishi, ikkinchi tomondan, ongning afsona va rivoyatlar asosidagi shakllardan uzil-kesil ajralish jarayoni natijasidir. Bu ikki jihat bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Chunki behuda xayolparastlik, havoyi va afsonaviy fikrlash tarzidan xalos bo‘lish ilmiy bilimlarni egallash orqali ro‘y beradi.
“Falsafa” atamasi “filosofiya”ning Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Odatda u tushuncha sifatida tor va keng maʼnolarda qo‘llanadi.
«Falsafa” tushunchasi tor maʼnoda madaniyat, sanʼat, aqliy yoki hissiy bilish usuli, vositasi tarzida taʼriflanadi. Falsafaga bo‘lgan munosabatning xilma-xilligiga asoslangan holda, unga yaxlit, umumlashgan taʼriflar ham berilgan. Falsafaga ijtimoiy ong shakli bo‘lgan madaniyat, sanʼat, qadriyat nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, uning milliyligini aks ettirish imkoniyati tug‘iladi. Ammo ontologiya, gnoseologiya, naturfilosofiya, antropologiya kabi fan sohalari nuqtai nazaridan qaralsa, ushbu taʼrifda umuminsoniylik va universallik falsafaning asosiy xususiyati ekanini taʼkidlash lozim bo‘ladi.
Bu fanning oldiga qo‘yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o‘rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida unga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo‘lib va ularning baʼzilari falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.
Falsafa, sirasini aytganda, ijtimoiy tafakkur rivoji yutug‘i va insoniyat maʼnaviy taraqqiyoti mahsulidir. U kishilarning olamni bilish, o‘zlashtirish, farovon hayot kechirish va o‘z insoniy salohiyatlarini namoyon etish ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liqdir. Falsafiy taʼlimotlar hamma davrlarda ham insoniyatning ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan va insoniyat madaniyatini yanada yuksakroq bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgan.
Har bir falsafiy g‘oya, mafkura, bilimlar tizimi asosan o‘z davri xususiyatlarini aks ettirgan. Ular zamon ruhi va maʼnaviyatini o‘zida mujassamlashtirgan, davr muammolarini hal etishda qo‘l kelgan. Shuning uchun Aflotun, Forobiy, Beruniy, Navoiy va Gegelning asar va taʼlimotlarida ular yashab o‘tgan davr g‘oyalari aks etgan.
Qadimgi Sharq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, inson maʼnaviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug‘ullanganlar.
Ba’zi ta’limotlarda falsafa «to‘g‘ri fikrlash orqali erishilgan bilim» (T.Gobbs), umuman, «fanlarni ko‘rib muhokama qiluvchi» (G.V. Xegel) deb keng tasavvur qilinsa, boshqalarida tor ma’noda, masalan, «fikrning mantiqiy oydinlashuvi» (L.Vitgenshteyn) yoki «umummajburiy qadriyatlar to‘g‘risidagi fan» (V.Vindelband) sifatida tushuniladi. Odatda, falsafaning u yoki bu ta’rifi umuman falsafani emas, balki tegishli faylasuflarning o‘z nazariyalarini belgilashi hisoblanadi, garchand, ko‘pchilik faylasuflar aynan o‘z falsafiy qarashlarinigina haqiqiy (yoki chinakam) deb o‘ylaydilar.
Sharqda Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshbandiy va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o‘z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to‘plangan bilim va tajribalarni o‘zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko‘tarilganlar.
Umuman olganda, falsafa insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardan bolib, u falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash, inson, olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo‘qlik kabi ko‘plab muammolar haqida bahs yuritadi.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   120




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin