Aholini ijtimoiy muhofaza qilish – davlat tomonidan aholiga barcha hayot kechirish shart-sharoitlarini yaratish uchun maqsadli yo’naltirilgan kafolatlar tizimi.
Aholini ijtimoiy himoyalash – aholini bozor iqtisodiyotining salbiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlaridan asrash, shu oqibatlarning aholi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ta’sirini yumshatish.
Aholining real daromadlari –narx darajasi o’zgarishini hisobga olib, aholining ixtiyorida bo’lgan daromadga sotib olish mumkin bo’lgan tovar va xizmatlar miqdori, ya’ni, aholining ixtiyorida bo’lgan daromadning xarid quvvati.
Bazel qo’mitasi talablari – bank tizimining barqaror amal qilishi hamda o’z majburiyatlarini bajara olishini ta’minlash uchun o’rnatilgan xalqaro me’yorlar majmui bo’lib, u kapitalning yetarlilik darajasini, banklarni nazorat qilish jarayoniga hamda bozor intizomiga qo’yilgan talablarni ifodalaydi.
Bandlik – mehnatga layoqatli aholining ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg’ul bo’lishi fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq bo’lgan va qonunga zid kelmaydigan, mehnat daromadi beradigan faoliyati.
Bank aktivlari –banklarning asosiy faoliyatini amalga oshirishda foydalanuvchi turli moddiy va moliyaviy resurslar majmui. Ular asosan bank kreditlari, asosiy vositalari, sotib olgan qimmatli qog’ozlari, investitsiyalari, valyuta ko’rinishida bo’ladi.
Bank depozitlari – jismoniy va yuridik shaxslarning bank muassasalariga ma’lum muddatga va muddatsiz omonat shaklida qo’yilgan bo’sh pul mablag’lari.
Bank kapitalining yetarlilik darajasi – bu jami kapitalning riskka tortilgan aktivlarga nisbati bo’lib, u xalqaro Bazel kelishuviga ko’ra kamida 8% ni tashkil etishi kerak.
Bank tizimining likvidligi – bankning o’z majburiyatlarini vaqtida va so’zsiz bajara olish imkoniyati.
Banklar likvidligi – banklar aktivlarining qisqa muddat ichida pulga aylanish qobiliyati. Likvidlik bank majburiyatlarini bajarish va aktivlar o’sishini moliyalash bilan birgalikda depozitlar va qarz mablag’lari darajasining pasayishini samarali boshqarishni ham bildiradi.