Kvant o‘tishlar. Atomning har bir diskret holati o‘z energiyasi bilan xarakterlanadi. Atom bunday holatda ma’lum vaqt bo‘la oladi, bunday holat statsionar holat deyiladi. Atom energiyasi yuqori bo‘lgan holatdan energiyasi kichik bo‘lgan boshqa holatga o‘tganda holatlar orasidagi energiya farqi E ni yorug‘lik kvanti sifatida chiqaradi. Bunda chiqarilgan energiya chastotasi
ko‘rinishda aniqlanadi.
Xuddi shunday, atom energiyasi kichik bo‘lgan statsionar holatdan energiyasi yuqori bo‘lgan statsionar holatga o‘tishi mumkin. Lekin buning uchun atomga tashqaridan E energiya berish kerak.
Spontan va majburiy o‘tishlar.Atom pastki energetik holatdan yuqori energetik holatga o‘tishi uchun fotonni yutishi kerak. Bunday o‘tish majburiy o‘tish bo‘ladi. Majburiy o‘tishda atomga nurlanish maydoni ta’sir qilishi kerak. Atomga tashqi nurlanish maydoni ta’sir qilmaganda, atom o‘z-o‘zidan yoki spontan ravishda pastki energetik sathdan yuqori energetik sathga o‘tmaydi, chunki bu energiyaning saqlanish qonuniga ziddir. Atomning yuqori energetik sathdan pastki energetik sathga o‘tishi ikki xil bo‘lishi mumkin: birinchisi, majburiy o‘tish, bu o‘tish atomga nisbatan tashqi sabablar ta’sirida bo‘ladi; ikkinchisi, spontan o‘tish, bu o‘tish atomdagi ichki sabablar ta’sirida bo‘ladi.