133. Xizmat safaridagi shaxslar xizmat safari joyiga ilk bor kelganda, ishlashi kerak bo‘lgan elektr
qurilmalarining xususiyatlarini hisobga olgan holda, elektr xavfsizligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq oladilar. Naryad beruvchi,
javobgar rahbar, ish bajaruvchi va nazorat qiluvchi vazifalari yuklatiladigan shaxslar esa ushbu elektr
qurilmalarining energiya ta’minoti sxemalari bo‘yicha ham yo‘l-yo‘riq oladilar.
Yo‘l-yo‘riq yo‘riqnomalar jurnalida yozuv, shuningdek, yo‘l-yo‘riq oluvchi va yo‘l-yo‘riq beruvchi shaxslarning
imzolari bilan rasmiylashtiriladi.
134. Xizmat safarining muddati 5 ish kunidan oshmaydigan bo‘lsa, ishlab turgan elektr qurilmalarida
bajariladigan ishlarda naryad beruvchi, javobgar rahbar, ish bajaruvchi, kuzatuvchi hamda brigada a’zolari
sifatida ishlash huquqi taqdim etilishi xizmat safariga yuborgan tashkilotning xatiga qurilmalarni ekspluatatsiya
qiluvchi tashkilot rahbariyatining rezolyutsiyasi bilan rasmiylashtiriladi. Xizmat safarining muddati 5 ish kunidan
oshgan taqdirda rasmiylashtirish yozma ko‘rsatma orqali amalga oshirilishi lozim.
135. Xizmat safaridagi xodimlarga yo‘l-yo‘riq berilishi ular xizmat safariga yuborilgan korxonaning elektr
xavfsizligi bo‘yicha kamida V guruhga ega ma’muriy-texnik xodimi yoki kamida IV guruhga ega tezkor yoxud
tezkor ta’mirlovchi xodimi tomonidan o‘tkazilishi zarur.
Yo‘l-yo‘riq mazmuni, ishning xususiyatlari va murakkabligiga, elektr qurilmasining o‘ziga xos xususiyatlari va
sxemasiga qarab yo‘riq beruvchi shaxs tomonidan belgilanadi.
136. Xizmat safariga yuborayotgan korxona (tashkilot) xizmat safariga yuborilgan xodimlarning, ularga
elektr xavfsizligi bo‘yicha berilgan guruhlariga hamda ushbu Qoidalarning
134-bandiga
ko‘ra ularga taqdim
etilgan huquqlarga muvofiqligiga va xodim tomonidan mazkur Qoidalar bajarilishiga javobgardir.
137. Elektr qurilmalarida xizmat safaridagi xodimlar tomonidan ishlar bajarilayotgan korxona (tashkilot)
ishlayotganlarning ishchi va ilashgan kuchlanish elektr tokidan shikastlanishidan himoyani ta’minlovchi xavfsizlik
choralari bajarilishi uchun javobgardir.
138. Xizmat safaridagi xodimlar uchun ish joyini tayyorlash va ishga ijozat berish barcha hollarda qurilmani
ekspluatatsiya qilayotgan tashkilotning tezkor xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: