14-bob. Yakunlovchi qoidalar
70. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida siyosiy partiyalar va diniy muassasalarning tashkiliy tuzilmalari tashkil etilishiga va faoliyatiga yo’l qo’yilmaydi.
71. Xalqaro hamkorlik, pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlar amaliyotini o’tkazish va malakasini oshirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
8- MAVZU: “Ilk qadam” maktabgacha ta`lim muassasalarining Davlat o`quv dasturining ahamiyati. “Ilk qadam” Davlat o`quv dasturida kun tartibining ifodalanishi
Reja:
’’Ilk qadam’’ maktabgacha ta`lim muassasalarining davlat o`quv dasturining MTMlariga tatbiq qilinishi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetentsiyaviy yondashuv
Bolaning rivojlanish bo`yicha sohalari
Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan "Ilk qadam" nomli MTMning Davlat o`quv dasturi 2018 yil 7 iyul 4-sonli Hayat Qarori bilan tasdiqlandi.
2018 yilning sentabr oyidan "Ilk qadam" nomli Davlat o`quv dasturi Respublikadagi barcha maktabgacha ta`lim muassasalariga yangi dastur tatbiq qilingan. Davlat dastur talablarini o'zida jamlagan hujjatlar paketi barcha mintaqalardagi MTMlarga yetkazilgan. Bundan tashqari, O'zbekistonda birinchi marta hammaga mavzuiy rejalashtirish dasturlari tarqatilgan. "Ilk qadam" deya nomlangan yangi dasturning asosiy tamoyili - ta`lim jarayoniga qo'shilayotgan kichik yoshli bolalarning ilk qadamlari. Umuman olganda, davlat talablarida kichik va maktab yoshigacha bo'lgan bolalarni besh yo'nalishda rivojlantirish kerakligi ko'rsatilgan.
Bu besh yo'nalishni rivojlantirib, bola 4 kompetensiyaga ega bo'ladi, ya`ni u 1-sinfga chiqishga motivatsiya oladi. Yangi dasturda barcha narsaning asosi ijtimoiy yondashuvdir, ya`ni diqqat markazida - bola va uning manfaatlari. Pedagog ota-ona, pedagogik tarkib, bolaning o'zi va albatta, jamiyat hamda davlat kabi ijtimoiy hamkorlar bilan bir ijtimoiy muhitni tashkil qiladi. Dastur asosida bilim olish jarayonini o'yinlar orqali rivojlantirish yotadi. Bolalarda ilm olish, ijod, ijtimoiy yo'nalish kabi tushunchalar rivojlanadi, sog'lom hayot tarzi tarbiyalanadi va ular ijtimoiy muhitda o'zlarini qanday tutish kerakligini tushuna boshlashadi. Umumiy qoidalar
Maktabgacha ta’lim muassasasining davlat o’quv dasturi (quyida: «MTM davlat o’quv dasturi») O’zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshidagi bolalarni rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy hujjat bo’lib, unda maktabgacha ta’lim muassasasining maqsad va vazifalari, o’quv-tarbiyaviy faoliyatning asosiy g’oyalari ifodalangan, shuningdek, bolaning ta’limning keyingi bosqichiga o’tishidagi asosiy kompetentsiyalari belgilangan.
MTM davlat o’quv dasturi O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan quyidagi ta’lim muassasalarida qo’llash uchun majburiy:
davlat maktabgacha ta’lim muassasalari;
maktabgacha ta’lim sohasida xizmat ko’rsatuvchi nodavlat muassasalari;
maktabgacha yoshdagi bolalar guruhlariga ega bo’lgan «Mehribonlik» bolalar uylari;
maktabgacha va boshlang’ich ta’limni nazorat qiluvchi boshqaruv organlari.
MTMda davlat o’quv dasturini qo’llash
MTM davlat o’quv dasturi variativ o’quv dasturlarini yaratishda majburiy tayanch hujjat hisoblanadi.
Ta’lim muassasalari Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan variativ o’quv dasturlaridan foydalanish huquqiga ega.
Maktabgacha ta’lim muassasasi davlat o’quv dasturi asosida o’zining MTM ishchi o’quv dasturini ishlab chiqish huquqiga ega. Ta’lim muassasasining ishchi o’quv dasturi muassasa pedagoglari tomonidan ota-onalarni jalb etgan holda tuziladi va amaldagi qonunchilik tartibida tasdiqlanadi1.
1.2. MTMning maqsad va vazifalari
MTMning maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
bolaning individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlanishiga qo’yilgan Davlat talablari asosida hamda MTM davlat o’quv dasturiga muvofiq uning har tomonlama va barkamol rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
maktabgacha yoshdagi bolalarning o’quv-tarbiyaviy faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish;
bolalarning ilk rivojlanishi masalalarida ota-onalar va jamiyatga tegishli bilimlar berishni tashkil etish va amalga oshirish;
bolalarning ilk rivojlanishi masalalarida oila va jamiyat bilan o’zaro hamkorlikni tashkil qilish va amalga oshirish.
2-bob. MTM ta’lim jarayonining maqsad va tamoyillari
2.1. MTM ta’lim jarayonining maqsadlari
O’quv-tarbiyaviy jarayonning maqsadi bolalarda umumiy asosiy kompetentsiyalar va rivojlanish sohalari kompetentsiyalarini shakllantirish uchun tegishli sharoitlar yaratishdan iboratdir.
2.2. MTMda ta’lim jarayonini tashkil qilish tamoyillari
MTM ta’lim jarayonining tamoyillari quyidagilardan iborat:
bola huquqlari, o’ziga xos rivojlanish xususiyatlari va salohiyatlarini hisobga olish;
ta’lim jarayonida barcha turdagi rivojlanish sohalarining o’zaro bog’liqligi;
bola salomatligini asrash va mustahkamlash, uning ehtiyojlari, shu jumladan, uning harakatlanish ehtiyojlarini qondirish;
bolaning ijodiy qobiliyatlarini qo’llab-quvvatlash;
o’yin orqali ta’lim berish va rivojlantirish;
bolaning rivojlanishi va ijtimoiy moslashishi uchun qulay muhit yaratish;
bola uchun xavfsiz muhitni ta’minlash;
MTMning oila, mahalla va maktab bilan hamkorligi;
milliy madaniy an’analar qadriyatini oshirish va boshqa millatlar madaniyatiga hurmat, boshqa millatlar madaniyatining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olish;
Bolaning maktabgacha ta’lim muassasasidagi rivojlanishini qo’llab-quvvatlash jamoaviy ish hisoblanadi va uning amalga oshirilishi uchun maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari javobgar bo’ladi.
2. 3. Qo’shimcha ta’lim xizmatlarini tashkil qilish
Qo’shimcha ta’lim xizmatlari maktabgacha ta’lim muassasasi tomonidan imkoniyatlardan kelib chiqqan holda bolalar va aholi ehtiyojlariga mos ravishda tashkil etiladi.
Qo’shimcha ta’lim xizmatlari fakultativ hisoblanadi va ularni tashkil qilishda ko’ngillilar (volontyorlar), ota-onalar va homiylar ishtirok etishi mumkin.
2.4. Alohida ehtiyojga ega bo’lgan bolalar uchun mo’ljallangan ta’lim faoliyati
Maktabgacha ta’lim muassasasida alohida ehtiyojga ega bo’lgan bolalarni qo’llab-quvvatlash jamoaviy ish hisoblanadi va uni amalga oshirish uchun maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari javobgar bo’ladi.
Zarurat tug’ilganda, pedagoglar tarkibi va maktabgacha ta’lim muassasasi rahbariyati, tor ixtisoslikdagi mutaxassislarni jalb etgan holda, bola (uning rivojlanishi) uchun o’quv-tarbiyaviy jarayonning yakka tartibdagi rejasini tuzadi.
2.5. Ota-onalar bilan hamkorlik
Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar bilan o’zaro hamkorlikning quyidagi shakllarini tashkil qilishi mumkin:
ota-onalarning maktabgacha ta’lim muassasasi borasidagi fikrlarini hisobga olish;
ilk rivojlanish masalalarida ota-onalarga bilim berish;
ota-onalarni o’quv-tarbiyaviy jarayonda faol qatnashishga jalb etish;
ota-onalarning muassasa hayotida ishtirok etish borasidagi tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash.
3-bob. Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetentsiyaviy yondashuv
Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetentsiyaviy yondashuv o’sib borayotgan bola shaxsini hayotga tayyorlash, unda hayotiy muhim masalalarni hal qilish uchun zarur bo’lgan, axloqiy me’yor va qadriyatlarni o’zlashtirish, boshqa insonlar bilan muloqot qilish, «Men» obrazini qurish bilan bog’liq bo’lgan faoliyat usullarini shakllantirishga tayyorgarlikni ko’zda tutadi.
Boshlang’ich muhim kompetentsiyalar bolaning faoliyat va axloq sub’ekti sifatidagi yaxlit rivojlanishini talab etadi.
Kompetentsiya bolaning bilim, ko’nikma, malaka va qadriyatlari majmuidir. Boshlang’ich kompetentsiyalar, rivojlanish sohasidan qat’i nazar, bola shaxsi shakllanishi uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
3.1. Maktabgacha yoshdagi (6-7 yosh) bolaning umumiy muhim kompetentsiyalari
Kommunikativ kompetentsiya – muloqot vositalaridan turli vaziyatlarda foydalana bilish ko’nikmasi.
O’yin kompetentsiyasi – bolaning o’yin jarayoni va uni tashkil qilishda tajriba, bilim va ko’nikmalardan ijodiy foydalanishi. O’quv-tarbiyaviy jarayon uchun asos hisoblanadi.
Ijtimoiy kompetentsiya – hayotiy vaziyatlarda kattalar va tengdoshlar bilan muloqotda axloq qoidalari va me’yorlariga rioya qilgan holda o’zini tuta olish mahorati.
Bilish kompetentsiyasi – atrofdagi olamni ongli ravishda idrok qilish va olingan bilim, ko’nikma, malaka va qadriyatlardan o’quv va amaliy vazifalarni hal qilish uchun foydalanish.
3.2. Bolaning rivojlanish sohalari kompetentsiyalari
Bolaning kompetentsiyalari bola rivojining quyidagi sohalarida belgilanadi:
jismoniy rivojlanish va sog’lom turmush tarzining shakllanishi;
ijtimoiy-hissiy rivojlanish;
nutq, muloqot, o’qish va yozish malakalari;
bilish jarayonining rivojlanishi;
ijodiy rivojlanish.
3.2.1. «Jismoniy rivojlanish va sog’lom turmush tarzini shakllantirish» sohasi kompetentsiyalari
«Jismoniy rivojlanish va sog’lom turmush tarzining shakllanishi» sohasidagi o’quv-tarbiyaviy faoliyat yakunlanganidan so’ng 6-7 yoshli bola:
o’z imkoniyatlari va yoshi bilan bog’liq jismoniy rivojlanish me’yorlariga mos ravishda jismoniy faollik ko’rsatadi;
turli harakatchanlik faolligini uyg’un ravishda va maqsadli bajarishni biladi;
turli hayotiy va o’quv vaziyatlarida mayda motorika ko’nikmalaridan foydalanadi;
o’z harakatlarini hissiyot va sezgi organlari yordamida boshqaradi;
shaxsiy gigiena malakalarini qo’llaydi;
sog’lom turmush tarzi va ovqatlanish asoslarini biladi;
xavfsiz hayotiy faoliyat asoslari qoidalariga rioya qiladi.
3.2.2. «Ijtimoiy-hissiy rivojlanish» sohasi kompetentsiyalari
«Ijtimoiy-hissiy rivojlanish» sohasidagi o’quv-tarbiyaviy faoliyat yakuniga etganidan so’ng 6-7 yoshli bola:
o’z «Men»i va boshqa insonlarning hayotiy faoliyat muhitidagi roli to’g’risida tasavvurga ega bo’ladi;
o’z hissiyotlarini boshqaradi va ularni vaziyatga mos ravishda ifodalaydi;
o’zgalarning hissiyotlarini farqlaydi va ularga mos ravishda javob beradi;
kattalar va tengdoshlar bilan vaziyatga mos ravishda muloqot qiladi;
murakkab vaziyatlardan konstruktiv chiqish yo’llarini topadi.
3.2.3. «Nutq, muloqot, o’qish va yozish malakalari» sohasi kompetentsiyalari
«Nutq, muloqot, o’qish va yozish malakalari» sohasidagi o’quv-tarbiyaviy faoliyat yakuniga etganidan so’ng 6-7 yoshli bola:
nutqni eshitadi va tushunadi;
o’z nutqida to’g’ri talaffuz, qulay grammatik shakllar va xilma-xil gap konstruktsiyalaridan foydalanadi;
ikkinchi tilni o’rganishga qiziqish namoyon qiladi;
ikkinchi tilni egallash bo’yicha dastlabki bilimlarini ko’rsatadi;
badiiy adabiyot asarlariga qiziqish namoyon qiladi;
so’zning lug’aviy, bo’g’inli va fonetik tuzilishi to’g’risida tasavvurga ega bo’ladi;
turli ma’no shakllarini mustaqil ravishda tuzish va so’zlab berishni biladi;
yozishning dastlabki malakalari va vositalaridan foydalanishni biladi.
3.2.4. «Bilish jarayonining rivojlanishi» sohasi kompetentsiyalari
Bilish jarayonining rivojlanishi sohasidagi o’quv-tarbiyaviy faoliyat yakuniga etganidan so’ng 6-7 yoshli bola:
bilim olishga faol qiziqishni namoyon etadi;
o’quv va hayotiy faoliyat uchun axborotni mustaqil ravishda topadi va undan foydalanadi;
predmetlar, voqealar va ko’rinishlar o’rtasidagi oddiy aloqalarni tushunadi va ularni yaxlit bir butunlik sifatida idrok qiladi;
raqamlar, hisob-kitobni biladi va ularni hayotda qo’llaydi;
makon, shakl va vaqtga mos ravishda ish tutadi;
elementar matematik hisoblashlarni amalga oshiradi;
atrof-muhitdagi voqea-hodisalar va ko’rinishlarni kuzatadi hamda tadqiq qiladi;
atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona va g’amxo’r munosabatni namoyon etadi.
3.2.5. «Ijodiy rivojlanish» sohasi kompetentsiyalari
«Ijodiy rivojlanish» sohasidagi o’quv-tarbiyaviy faoliyat yakuniga etganidan so’ng 6-7 yoshli bola:
san’at va madaniyatga qiziqishni namoyon qiladi;
milliy an’analarni qadrlaydi va ularni kundalik hayotining bir qismi sifatida idrok etadi;
san’atning muayyan turini afzal ko’rishini mustaqil ravishda ifodalaydi;
olingan bilim va ko’nikmalardan turli hayotiy vaziyatlarda o’z ijodiy rejalarini tuzish va tatbiq qilish uchun foydalanadi;
insonning dunyoni o’zgartirishdagi yaratuvchanlik rolini tushunadi.
4-bob. O’quv-tarbiyaviy jarayon
O’quv-tarbiyaviy jarayon «O’zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yilgan davlat talablari» asosida amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasi o’quv-tarbiyaviy jarayonni o’quv yili bo’yicha tashkil qiladi.
O’quv yili 2 sentyabrda boshlanadi va 31 maygacha davom etadi.
1 iyundan 31 avgustgacha MTMda yozgi sog’lomlashtirish davri tashkil etiladi.
4.1. O’quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirish
O’quv-tarbiyaviy jarayon guruhning kundalik ish tartibiga tayanadi va unda pedagog tomonidan rejalashtirilgan kundalik harakatlar, bolalar o’yinlari, bo’sh vaqt va o’quv-tarbiyaviy faoliyat turlari navbatma-navbat amalga oshiriladi2.
O’quv-tarbiyaviy jarayon ta’lim va ijtimoiy ehtiyojlar (salomatlik, ovqatlanish va xavfsizlik)ni qondirish maqsadida bolaning yoshi va individual rivojiga asoslanuvchi o’quv rejaga muvofiq olib boriladi. O’quv-tarbiyaviy jarayon bola hayoti va uning atrofidagi muhitdan kelib chiquvchi yagona bir butun mavzuga birlashtiriladi3.
O’quv-tarbiyaviy jarayonni rejalashtirish ta’lim sharoitlariga bog’liq holda integratsiya, xilma-xillik va moslashuvchanlik tamoyillaridan tarkib topadi.
O’quv-tarbiyaviy jarayonda quyidagi rejalashtirish turlari qo’llaniladi:
yillik mavzuviy;
haftalik
Rejalashtirishda ta’lim jarayonining mavzusi, maqsadlari, mazmuni va turlari yoritiladi. Jarayon turlarini tanlashda nafaqat o’quv-tarbiyaviy jarayonning umumiy maqsadlari, balki rivojlanish sohalari bo’yicha maqsadlar, faoliyat mazmuni va turlarini integratsiyalash ham hisobga olinadi.
Rejalashtirishda kun tartibini hisobga olish zarur. Kun tartibi ish sur’atini belgilaydi va bolaga bir faoliyatdan boshqasiga oson o’tishda yordam berishi lozim. Shuni yodda tutish joizki, o’yin maktabgacha yoshdagi bolalarning asosiy faoliyati hisoblanadi. Kun tartibini tuzishda kunduzgi uyqu, dam olish vaqti va sayrga chiqish vaqti hisobga olinadi.
Yillik mavzuviy reja
Yillik mavzuviy rejada har bir yosh guruhi uchun oy mavzulari va hafta mavzulari aks ettiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi hudud yoki boshqa xususiyatlarni hisobga olgan holda o’zining yillik mavzuviy rejasini tuzishga haqli. Mazkur mavzuviy reja maktabgacha ta’lim muassasasining Pedagogika kengashida tasdiqlanadi4.
Haftalik reja
Haftalik reja yillik mavzuviy rejaga asoslanadi va haftaning kichik mavzulari, shuningdek, mazkur mavzu bo’yicha o’tkaziladigan tadbirlarni o’z ichiga oladi.
Haftalik reja barcha rivojlanish sohalari bo’yicha maqsadlarni belgilash, tegishli markazlarni tayyorlash, mashg’ulotlarni hafta mavzusiga mos ravishda taqsimlashga yo’naltirilgan. Hafta mavzusi barcha erkin faoliyat markazlari orqali o’tishi lozim. Haftalik rejada guruhdagi va sayr vaqtidagi didaktik va harakatli o’yinlar rejalashtiriladi5. Bolalar bilan olib boriladigan ishning mazmuni va izchilligi faoliyat turi (faol faoliyatG’ passiv faoliyat; individual faoliyatG’ kichik guruhda, katta guruhda; tarbiyachi rahbarligi ostida o’tadigan faoliyatG’ bola rahbarligi ostida o’tadigan faoliyat) va uni o’tkazish joyi (xona ichidagi faoliyatG’ ko’chadagi faoliyat)ni hisobga olgan holda rejalashtirilishi kerak.
Haftalik reja xilma-xil va moslashuvchan bo’lishi lozim. Boshqacha aytganda, ob-havo o’zgarishi va bolaning qiziquvchanligini hisobga olgan holda, rejalashtirilayotgan faoliyat boshqasiga almashtirilishi yoki faollik vaqti biroz ko’proq yoxud kamroq vaqtga mo’ljallanishi mumkin. Masalan, agar tarbiyachi bahorda gullagan bog’ga borishni rejalashtirgan bo’lsa-yu, ob-havo juda yomg’irli bo’lsa, bu tadbirni xonada o’tkazishning imkoni bo’lgan boshqa tadbirga almashtirishi mumkin.
Haftalik reja – bu tarbiyachining ish jurnali va mashg’ulotlar ishlanmasidan iborat.
Tarbiyachining ish jurnali quyidagi bo’limlardan tashkil topadi:
titul varag’i;
guruhning o’quv yili va yozgi mavsumdagi kun tartibi;
ertalabki badantarbiya kompleksi;
guruhda sentyabrdan avgustgacha bo’lgan ta’lim jarayonini rejalashtirish tarkibiga ertalabki suhbat, sayr, kunning ikkinchi yarmi, ota-onalar bilan suhbat kiradi;
haftalik ish tahlili;
ilovalar.
Mashg’ulotlar ishlanmasida maqsadlar, jarayonning qisqacha ta’rifi, zaruriy jihozlar ifodalanadi. Mazkur ishlanmalar tavsiyaviy xarakterga ega va tarbiyachi tomonidan ijodiy o’zgartirilishi mumkin.
5-bob. Bolaning rivojlanish sohalari bo’yicha yutuqlari
Mazkur dastur bola rivojiga individual yondashuv, uning shaxsini hurmat qilish, uning manfaatlari, ehtiyojlari va rivojlanish darajasini hisobga olish, hissiy qulaylik borasida g’amxo’rlik qilish, erkin ijodiy o’z-o’zini ko’rsatishi uchun sharoitlar yaratishga intilishni ko’zda tutadi. Shu sababli, rejalashtirish bilan bir qatorda, bola rivojlanishini kuzatib borish pedagog faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Pedagog bolani va uning o’zini tutishi sabablarini yaxshiroq tushunish, bola rivojini, uning ichki dunyosini ko’rish, qo’llab-quvvatlash, rivojlanish yo’llarini belgilash, ehtiyoj va manfaatlarini aniqlash uchun bola hayotini sistematik kuzatib boradi. Pedagogik kuzatuvlar asosida ta’lim jarayonini rejalashtirish amalga oshiriladi va takomillashtirib boriladi. Bolaning individual rivojlanishini kuzatish uchun O’zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yilgan Davlat talablarida aks ettirilgan sohalar va kichik sohalar hamda kutilayotgan natijalar (malaka va ko’nikmalar) olingan.
Bolaning rivojlanish xaritasi 3 dan 7 yoshgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi, har bir bola uchun individual tarzda yiliga uch marta to’ldiriladi6.
Maktabgacha ta’lim muassasasidan chiqishda 6-7 yoshdagi bolaning maktabga tayyorlik xaritasi to’ldiriladi (faqat maktabgacha ta’lim muassasa bitiruvchilari uchun6). Maktabga tayyorlik deganda bolada umumiy kompetentsiyalarni va rivojlanish sohalari kompetentsiyalarining shakllanganligi tushuniladi. Bu xarita maktabgacha ta’lim muassasasining har bir bitiruvchisi uchun to’ldiriladi. Unda Davlat dasturiga muvofiq rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetentsiyalari) bo’yicha kutilayotgan natijalar ifodalanadi.
Tarbiyachiga u yoki bu natija qanday darajada aks etayotganini belgilash taklif etiladi. Rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetentsiyalari) umumlashtiriladi va tavsiya hamda takliflar ko’rinishida ota-onalar e’tiboriga havola etiladi.
6-bob. Rivojlantiruvchi muhitni tashkil qilish
Maktabgacha ta’lim muassasasida rivojlantiruvchi muhitni tashkil etishda bolalarning o’ziga xos belgilarga ega bo’lgan yoshga doir xususiyatlari va ehtiyojlarini hisobga olish muhim ahmiyat kasb etadi.
Rivojlantiruvchi muhit mazmuni:
maktabgacha ta’lim muassasasining ko’rgazmali-rivojlantiruvchi muhiti mazmuni madaniy-tarixiy qadriyatlar: milliy va hududiy an’analar; tabiat, iqlimdan kelib chiquvchi xususiyatlarga mos bo’lishi lozim;
muhit mazmuni birlamchi dunyoqarash asoslarini shakllantirish, bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiy moslashuviga yordam berishi lozim.
MTM ta’lim dasturini tuzish bo’yicha tavsiyalar
Ta’lim dasturi (quyida – Dastur) – MTM Davlat o’quv dasturiga asosan muayyan yosh guruhida tashkil etiladigan ta’lim jarayonini amalga oshirishga xizmat qiluvchi muhim hujjat bo’lib, u qo’yilgan maqsadlarga erishishni ta’minlashi lozim.
Dastur – muhim vosita bo’lib, uning yordamida tarbiyachilar (mutaxassislar) O’zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablariga muvofiq muayyan yosh guruhidagi bolalar uchun eng maqbul va samarali shakllar, metodlar va ta’lim jarayonini tashkil qilish yo’llarini belgilaydilar.
Dastur majburiy qism va ta’lim jarayoni ishtirokchilari tomonidan shakllantiriladigan qismdan tashkil topadi. Har ikki qism ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablarini amalga oshirish nuqtai nazaridan o’zaro bir-birini to’ldiruvchi hamda zaruriy hisoblanadi.
Dasturning majburiy qismi barcha beshta ta’lim sohasi: jismoniy rivojlanish va sog’lom turmush tarzini shakllantirish; nutq, muloqot, o’qish va yozish ko’nikmalari; bilish jarayonining rivojlanishi; ijtimoiy-hissiy rivojlanish hamda ijodiy rivojlanishni amalga oshirishga kompleks yondashuvni ko’zda tutadi.
Dastur tarbiyachi (mutaxassis) ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga quyiladigan Davlat talablari asosida bolalar rivojlanishining muayyan sharoitlari, ehtiyojlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’limning individual pedagogik modelini qanday yaratayotganini ko’rsatib berishi lozim.
Dastur uchta asosiy bo’limni qamrab oladi:
maqsadli – bu tushuntirish xati hamda dastur o’zlashtirilishining rejalashtirilayotgan natijalarini o’z ichiga oladigan bo’lim;
mazmunli – bu Dasturning umumiy mazmunini ifodalovchi va bolalar shaxsining to’laqonli rivojlanishini ta’minlovchi bo’lim;
tashkiliy – bu Dasturning moddiy-texnik ta’minoti ta’rifini, ta’lim va tarbiyaning metodik materiallar va vositalar bilan ta’minlanganligini, kun tartibini, shuningdek, tadbirlar, bayramlar, rivojlantiruvchi muhitni o’z ichiga oluvchi bo’lim.
Dastur MTMning pedagogik kengashida muhokama qilinadi va mudir buyrug’i bilan tasdiqlanadi.
Dostları ilə paylaş: |