Ызбекистон республикаси олий ва ырта махсус таълим вазирлиги
Internet adabiyotlari: 1. http: W W W . guldu. uz.
2. http: W W W . gulduportal.uz .
3. http: W W W . ziuonet. uz .
2-mavzu O’QITUVCHI FAOLIYATIDA PEDAGOGIK QOBILIYAT
Asosiy savollar
Qobiliyatning pedagogik – psixologik tasnifi.
2. O’qituvchi pedagogik qobiliyatini rivojlantirish funksiyalari.
3. Pedagogik qobiliyatning asosiy sifatlari va xususiyatlari.
Qobiliyat – shaxsning individual-psixologik xususiyati bo’lib, muayyan faoliyat yuzasidan layoqati va ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish sub’ektiv shart–sharoitini ifodalovchi individual psixik sifatlar yig’indisiga aytiladi, zarur bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarni egallash dinamikasidagi farqlarni aniqlaydi. Qobiliyatlar individual-psixologik xususiyat bo’lgani sababli, shaxsning boshqa sifatlari va xususiyatlariga, ya’ni aql sifatlariga, xotira va xarakter xususiyatlariga, his-tuyg’ulariga qarama-qarshi qo’yilmaydi, balki ular bilan bir qatorga qo’yilishi kerak.
Qobiliyatni inson tug’ma, tabiat in’omi sifatida tayyor holida olmaydi, balki hayotiy faoliyati davomida shakllantiradi.
Govard Gardner qobiliyatlarni intellektlar to’plami deb atadi va uning ettita jihatini ajratib ko’rsatdi. Biz intellektning ushbu jihatlaridan oltitasini o’qituvchi pedagogik mahoratini takomillashtirish nuqtai nazaridan tahlil qilishimiz mumkin. Psixolog olim Olga Matveeva ushbu jihatlarni psixologik texnologiya bilan kuchaytirib modifikatsiyalaydi va o’qituvchining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, quyidagi qobiliyatlarni ko’rsatib o’tadi:
Muloqot qilish (kommunikativ) qobiliyati: O’qituvchining o’quvchilar bilan dars va darsdan tashqari jarayonlarda sinfda ijobiy ruhiy iqlim yarata olishi.
Voqealarni oldindan ko’ra olish qobiliyati: ushbu qobiliyat turi har bir o’qituvchining sergakligida, o’quvchilarning ruhiyatini, ichki dunyosini ko’ra olishida namoyon bo’ladi. Shunda o’qituvchi kim nimaga qodir ekanligini oldindan bashorat qila oladi.
Eshitish va his qilish qobiliyati: Bunday qobiliyatga ega bo’lgan insonlar musiqani sevishadi, ohangni yaxshi his qilishadi, deklamatsiya asosida yaxshi o’qishadi, eshitgan narsasini xotirada saqlaydi, ayniqsa she’r va qo’shiqlarni sevib tinglaydi.
Kinestetik (teri-muskul) qobiliyat: o’qituvchining o’z hatti harakatlarini muvofiqlashtirish qobiliyati, harakat ohangini his qilib yo’naltiradi, vaqtni, harakat sur’atini his qilish, maishiy qulayliklarni yarata olish,, hayot marhamatlaridan rohatlanish.
Mantiqiy qobiliyat: mulohaza yuritishni, raqamlarni, matematikani, murakkab masalalarni sevish, sababiyat va natijalarni tushunish malakasi, voqelikda asosiyni ikkinchi darajalisidan ajrata olish.
Shaxsning ichki qobiliyati: o’z-o’zini bilish, tushunish va his qilish qobiliyati. Erkin shaxsda qo’rquv yoki noerkinlik tuyg’usi kamdan-kam holda bo’ladi.
Qobiliyat o’qituvchining individual imkoniyatlarini xarakterlaydi. Bir xil sharoitda qobiliyatli o’qituvchilar o’z faoliyatlarida ham qobiliyati past kishilarga qaraganda ko’proq yutuqlarga erishadilar.
Qobiliyat shaxsning ham umumiy, ham maxsus rivojlanishida tezroq siljib borishini, uning ijrochilik va ijodkorlik faoliyatlarida eng yuqori natijalarga erishishini ta’minlaydi. Qobiliyatli kishi mutaxassislikni tez egallay oladi va yuqori mahoratga erishadi hamda ishlab chiqarish, fan yoki madaniyatga yangilik kirita oladi.
Qobiliyat bilimdan farq qiladi. Bilim – bu ilmiy mutolaa natijasidir, qobiliyat esa kishi psixologik va fiziologik tuzilishining xususiyatidir. Qobiliyat bilim olish uchun zaruriy shart-sharoit bo’lib, shu bilan birga, u ma’lum darajada bilim olish mahsulidir. Umumiy va maxsus bilimlarni o’zlashtirish, shuningdek, kasbiy mahoratni egallash jarayonida qobiliyat mukammallashib va rivojlanib boradi.
Qobiliyatga yaqinroq turadigan tushunchalar ko’nikma va malakalardir. Ko’nikmalar – o’qituvchining kasbiy faoliyati jarayonida hosil qilingan tajriba va bilimlar asosida bajariladigan ishning mukammal usulidir. Malakalar – o’qituvchining ongli faoliyatni bajarishi jarayonida hosil qilingan kasbiy intellektual faoliyatning avtomatlashgan komponentlari yig’indisidir.
Ular o’qituvchining kasbiy faoliyati mexanizmining asosini tashkil qiluvchi jarayonlardir, ular qobiliyat bilan birgalikda pedagogik mahoratga erishishni ta’minlaydilarki, buning natijasida o’qituvchi kasbiy faoliyatida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritadi. Qobiliyatli, ammo noshud o’qituvchi ko’p narsaga erisha olmaydi. Qobiliyat ko’nikma va malakalarda ro’yobga chiqadi.
Darhaqiqat, qobiliyatli kishining ko’nikma va malakalari ko’p qirrali va mukammallashgan bo’ladi. Ko’nikma va malakalar etarli bo’lmagan qobiliyatni birmuncha to’ldirishi yoki qobiliyatning kamchiligini tuzatishi mumkin. Ko’nikmalarni umumlashtirib mohirlik ham deb ataydilar. Mohirlik ham qobiliyatning o’zginasidir. Demak, qobiliyat ko’nikma va malakalarning paydo bo’lish jarayonida shakllanadi.
Pedagogikada o’qituvchi qobiliyati – bu imkoniyatdir, uning mohirligi zaruriy darajasi faqatgina o’qitish va tarbiyalash jarayonida takomillashib boradi va yutuqlarga erishishida zamin yaratadi. Tug’ma qobiliyatlar zehn deyiladi. Iqtidor, iste’dod, daholik – insonning ijodiy faoliyati jarayonida erishiladigan qobiliyatlarning rivojlanish bosqichlari hisoblanadi. Qobiliyatlar, xarakter kabi shaxsning faqatgina ma’lum faoliyatidagina mavjud bo’lgan sifatlaridir.
Psixologiyada qobiliyat – insonning kasbiy bilim, ko’nikma va malakalarni qiyinchiliksiz, osonlik bilan mukammal egallashi va biror faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug’ullanishi tushuniladi. U o’qituvchining kasbiy faoliyatida ham yorqin namoyon bo’ladi.
Kasbiy faoliyatning ta’lim mazmunini belgilovchi sifatlari o’qituvchining ijodkorligida namoyon bo’ladi. Ijodkorlik – bu sifat jihatidan yangi, original va takrorlanmas biror yangilikni paydo qiluvchi faoliyatdir.