VERGUL VA UNING QO’LLANILISH O’RINLARI Vergul sodda gap doirasida quyidagi o’rinlarda qo’llaniladi:
1. Uyushiq ohang bilan aytiladigan bo’laklar, bularning yoyiq holatda guruhlashishidan tashkil topgan sintaktik qismlar vergul bilan ajratiladi. Bunda bo’laklar teng bog’lovchilar (va biriktiruvchisi mustasno) bilan birikkanda ham, ular o’rtasida vergul qo’llanila beradi: Shundan beri... eshon raisning yugurdagi, kabobpaz va oshpazi, ashulachisi, qiziqchisi, ulfati, xodimgiri, agenti, mirzasi edi. (A.Q.). Oyna orqali ko’ringan narsalar goh quyoshning nurida ravshanlashib ko’rinar, goh xiralashib, ko’zdan g’oyib bo’lardi. (Asq.M.). Qalandarov Saidaning gapini yo eshitmadi, yo o’zini eshitmaganga soldi. (A.Q.) Yigit uni quvlab ketdi, ataka qildi, ammo otishga ulgarmadi (H.Sh.) U na yozadi na o’qiydi. 2. Undalmalar, yig’iq, yoyiq, uyushiq, takrorlangan shaklda bo’lishi-dan; gapning boshida, o’rtasida, oxirida kelishidan qat'i nazar, gapdan vergul (emotsiya ifodalasa, undov belgisi) bilan ajratiladi: Do’stlar, yodimga tushdi yashnagan gulzorlar (U.) To’kilgandan tomchilagan yomon, uka, tomchilagan yomon! (A.Q.) Muhayyo, Surayyo, Ra'no, Muqaddas, Ko’zimni yashnatib kiyibsiz atlas. (H.Sh.) O’rtoq Nosirov, mumkinmi? (A.Q.) Bu gapni menga aytding, o’rtoq, boshqa kishiga og’zingdan chiqarma. (A.Q.) O, gul, janub, shifo maskani, Yana keldik sohillaringga (U.)
3. Kirishlar asosiy gapdan vergul bilan ajratiladi. Bunda kirishlar qisqa pauza, past ohang, tezroq tempda aytiladi; qanday shaklda bo’lishidan, gapda qaysi o’rinda kelishidan qati nazar, vergul bilan ajratiladi: Shunday qilib, ular partizanlarni ikki tomondan "iskanja" orasiga siqib olishdi. (S.Ahm.) Bu birinchi kulgi, albat, toleingga muhr bo’ladi. (G’.G’.) Qalandarov mashq va ashuladan mamnun bo’ldi, aftidan, uni yana gapirtirib kulgisi keldi. (A.Q.) Dunyoda hech bir xalq to’g’ri kelolmas, Mening bilishimcha, sening elingga (H.O.) Men sizga aytsam, hech yerda tayyor osh bo’lmaydi. ("Mushtum"). Shunday qilib desangiz, uyg’onib ketsam tushim ekan. (og’izdan) Buyoqqa qarang, siz qachon bu yo’ldan qaytasiz. (og’izdan)
4. Tasdiq va inkor bildiruvchi ha, xo’p va yo’q so’zlari asosiy gapdan vergul bilan ajratiladi. Bular g’am uslubiy talab bilan gapning turli o’rinlarida kela oladi: Ha, rahbariyat tarkibi uch kishidan iborat, – dedi Saida. Rahbarlikka ko’zlagan odamingiz bormi? – dedi Qalan-darov. – Yo’q, Arslonbek aka, muvofiq odamni siz bilasiz. – Xo’p, men bir o’ylab ko’ray. (A.Q.) Bu kabinet yaqinda bo’lganmi? – dedi Saida. Yo’q, men kelganda ham bor edi. (A.Q.)
5. Undov so’zlar gapda qaysi o’rinda kelmasin, undalma oldida qo’llanganda ham, kuchli emotsiya bilan aytilmasa, gapdan vergul bilan ajratiladi: Xayol, ha, sen mening uchqur kaptarim, O, naqadar jasur va quvnoq edik. (U.) Voy, aya, sizga nima bo’ldi? (A.Q.)
6. qani (qani endi), xo’p so’zlari vergul bilan ajratiladi: Qani, mashinangizning oyog’ini bir sinab ko’raylik. ("Mushtum") Qani endi, ostonamga oyoq, qo’ysin-chi. Mayli! – dedi Qalandarov yana muylovini burab, –Xo’sh, men, o’zingiz... Xo’sh, yana nima demoqchisiz. (A.Q.)
7. Ega u, bu, shu, o’sha olmoshlari bilan ifodalanganda, ularni shu olmoshlar bilan ifodalangan aniqlovchilardan farqlash uchun vergul bilan ajratiladi: U, devor ustidagi qizga qarab, bo’g’iq tovush bilan o’shqirdi. (A.Q.)
Ba'zan yuqoridagi ko’rsatish olmoshlari boshqa so’z bilan ifodalan-gan egani ajratib ko’rsatish, ta'kidlash uchun qo’llanib, ta'kidlovchi, ega vazifasini bajaradi: Paxta – bu, or-nomus, milliy iftixor. (gazeta)
6. O’zi izohlayotgan bo’lakdan keyin kelib, undan juda qisqa pauza bilan farqlanadigan, maxsus ta'kidlanmaydigan ajratilgan bo’laklar vergul bilan ajratiladi: Qobilbobo, yalang bosh, yalang oyoq, yaktak-chan, og’il eshigi yonida turib, dag’-dag’ titraydi. (A.Q.) Biz, qishloq yoshlari, tinchlik uchun ko’rashamiz. Eshon o’ttiz ikki yoshida shunday xotinga, ya'ni mana shu Kifoyatxonga uchrabdi. (A.Q.)
7. Ajratilgan bo’laklar kengayib, oborot shaklida uyushib keladi va vergul bilan ajratiladi: Atrof tevarakda bo’lgan urush qasir-qusuri ayiqni bezovta qilib, uning qish uyqusini buzib, inidan chiqargan edi. (R.F.)
Vergul qo’shma gap doirasida quyidagi o’rinlarda qo’llaniladi:
1. Bog’langan qo’shma gap (va bog’lovchili qo’shma gap mustasno) komponentlari o’rtasidagi pauza o’rnida: Shu asnoda Umida raisni telefonga chaqirdi-yu, bu gap chala qoldi, lekin Saida buni davom ettirishga xohishi yo’q edi. (A.Q.) Lekin o’z kabinetlari hamisha qulf, yo mehmon kelganda ochiladi, yo jahllari chiqqanda... (A.Q.) Na ko’cha bor, na mustahkam uy-joy, na dala shiyponi bor. (O.)
Ko’rinadiki, bunday hollarda vergul biriktiruv bog’lovchi vazifasida qo’llanilgan yuklamalardan keyin, ayiruv, zidlov bog’lovchilaridan oldin qo’llaniladi.
2. Ergash gapli qo’shma gaplar o’rtasida: Ayiq uni qor uyumidan ag’dargan hamon, to’pponchani chiqarib tepkisini bosib yubordi. (R.F.) Butalar shitirlab, yosh qarag’aylarning shoxlari larzaga keldi. (P.T.)
3. Bog’lovchisiz qo’shma gaplar o’rtasida: Bug’u bir cho’chib ketdi, orqa terisi titradi, oyoqlari yana juftak bo’ldi. (S.Ahm.)
4. Ko’chirma gap bilan muallif gapi o’rtasida: Paxta rejasini ham oshirib bajardik, – dedi rais.