Mualliflar
QO’SHMA GAP
reja:
1. Qo’shma gap haqida tushuncha.
2. Qo’shma gapga ta'rif.
3. Qo’shma gapning sodda gapdan farqi.
4. Qo’shma gap komponentlarining alohida olingan sodda
gaplardan farqi.
5. Qo’shma gapga doir tahlil namunasi
Tilda qo’shma gap modelining mavjudligi ham sodda gap kabi nutqning tabiiy talabidir. Fikr ifodalash, nutq tuzish uchun gapning sodda shakli qanday zarur bo’lsa, qo’shma gap shakli ham shunday zarurdir. Biroq bu nutqiy birliklarning har ikkalasi, kommunikativ (aloqa-aralashuv) vazifa ifodalashidan qat'i nazar, mazmun va tuzilishi jihatidan farqli hodisalardir.
Qo’shma gap tuzish uchun, birinchidan, kamida ikkita sodda gap bo’lishi, ikkinchidan, bu sodda gaplar mazmunan munosabatga kirishgan bo’lishi kerak. Meni kutgil va men qaytarman (K.Simonov). Qalbim chinni piyola, chertmang, aka (Q.). Sen kelmasang, kelmaydi bahor (Q.).
Demak, qo’shma gaplar mazmunan mos kelmaydigan har qanday gaplarning yonma-yon qo’yilishidan yuzaga kelmaydi. Xavo qirq daraja issiq, qo’ylar sovuqdan qirilmoqda. Bu yil yomg’ir ko’p yoqqanligi uchun, ekinlar qurib ketdi deb bo’lmaydi, albatta.
Uchinchidan, qo’shma gaplar birdan ortiq sodda gaplarning ma'lum grammatik aloqaga kirishishidan tuziladi. Bunda qo’shma gapning bog’langan, bog’lovchisiz, ergash gapli turlari shakllanadi (yuqoridagi uchta misolga qarang).
To’rtinchidan, yonma-yon kelgan birdan ortiq sodda gaplar mazmu-nan bir-biriga bog’langan taqdirda ham, yaxlit, umumiy birlashtiruvchi intonatsiyaga ega bo’lmasa, qo’shma gap shakllanmagan bo’ladi. Qiyoslaylik: Bahor keldi. Dalalar ko’m-ko’k (alohida sodda gaplar). Bahor keldi, dalalar ko’m-ko’k (qo’shma gap). Keyingi holatda gaplar orasida nisbiy tugallangan intonatsiya (ohang) bo’lib, birinchi gapning mazmuni ikkinchi gapning mazmuni orqali tasdiqlangan.
Demak, qo’shma gapning shakllanishidagi yana bir muhim belgi birlashtiruvchi intonatsiyadir.
Yuqoridagilardan qo’shma gapning quyidagicha ta'rifi kelib chiqadi: Ikki va undan ortiq sodda gaplarning (yoki komponentlarning) mazmun va grammatik munosabatidan tashkil topgan, bir butun birlashtiruvchi, yakunlovchi intonatsiyaga ega bo’lgan sintaktik qurilmalar qo’shma gap deyiladi.
Dostları ilə paylaş: |