XVII asr fransuz adabiyoti. XVII asr fransuz adabiyotining rivoji va o‘ziga xos xususiyatlari ana shu tarixiy davr sharoitlari bilan bog‘liq. XVII asrda Fransiya Yevropadagi eng qudratli mamlakat edi. XVII asr fransuz adabiyoti va san'atida klassitsizm uslubi o‘z taraqqiyotining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Klassitsizm feodal tarqoqligi o‘rniga kelgan mustahkamlanib boruvchi va qattiq qonun asosida ish tutayotgan absolyut hokimiyatning rasmiy adabiy stili edi. Absolyutizm tartiblarini o‘rnatuvchilaridan Rishele adabiyotda ham qatiy formalarga e'tibor etish talabini qo‘yadi. U yozuvchilarning adabiy qoidalarga rioya qilishlari ustidan nazorat olib borish vazifasini fransuz akademiyasiga yuklaydi. Bu akademiya tilni ham davlatga bo‘ysundirishi va yagona fransuz tili lug‘atini tuzib chiqishi kerak edi. Fransiyada klassitsizmning rivojlanishiga sabab bo‘lgan ikkinchi omil o‘sha davrning yirik mutafakkirlari Dekart bilan Gassendi filosofiyasining ta'siri edi. Dekartning ratsionalizmi shundan iborat ediki, u haqiqatni tajribadan, moddiy dunyodan emas, balki aql-idrokdan qidirdi. Uningcha, idrok-haqiqatning yagona o‘lchovi. Klassitsizm nazariyachilari aql-idrok kuchiga qattiq ishonadilar va o‘z qarashlarini shunga asoslaydilar.
1715 yilgacha Yevropa adabiyotidagi uch adabiy yo‘nalishdan klassitsizm Fransiyada juda ravnaq topdi. Fransuz klassitsistlari antik adabiyot tajribasini milliy an'anlar bilan uyg‘unlashtira oldilar. (Boshqa davlatlarda bunday bo‘lmadi). Renessans realizmi badiiy nasr, asosan roman janrida davom etdi. Barokko esa aristokratik adabiyotda, shuningdek Rasin ijodining so‘nggi davrida (« Ataliya») aks etdi. Klassitsizm esa asosiy yo‘nalish edi.
Klassitsizm nazariyotchilari aql-idrok kuchiga qattiq ishonadilar va o‘z qarashlarini shunga asoslaydilar. Fransuz klassitsistining birinchi vakili shoir Malerb (1555-1628) dir. U Genrix IV davrida saroy shoiri, Reshelpe davrida Fransiya xazinaboni bo‘lib xizmat qildi. O‘z qasidalarida qirol hokimiyati va uning siyosatini madx etdi.