Modernizm va o‘zbek adabiyoti. Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti bu yangilangan adabiyotdir. Zero, u ozod tafakkur mevasi o‘laroq maydonga tusha boshladi. Ammo u yo‘q yerda paydo bo‘lmadi. Cho‘lponning XX asr avvalida “bir xil, bir xil... ko‘ngil yangilik qidiradir” deganidayoq yangilikka intilish tug‘ilib bo‘lgandi. Shu ma'noda, muayyan an'ana, tajriba bor edi. Demak, Istiqlol davri yangi o‘zbek asarlarning asosiylari, albatta, an'anadan uzilgan g‘uddalar emas, aksincha, o‘sha silsilaning davomi o‘laroq dunyoga keldilar, kelmoqdalar. Shu bilan birga, erkin badiiy tafakkur mahsuli sifatida o‘zini (olam ichra olam, ya'ni bir butun tizim o‘laroq) namoyon qilayotgani kishini behad quvontiradi. Bugun yurtimiz ijodkori o‘z nuqtai nazarini, qadim Sharq adabiyotida bo‘lgani kabi, olami sug‘ro – mukarram Insonga, uning qalbiga qaratgan. Hamda botindagi murakkab jarayonlarni bayonchilik yo‘li bilangina emas (chunki bunday usul bor, bo‘ladi va bu g‘oyat tabiiydir), ayni paytda, umuminsoniy va umumzamoniy mezonlarga suyangan holda Majoz vositasida ham qog‘ozga tushirmoqdalar, san'atga aylantirmoqdalar. Biroq yo‘nalishlar haqida gap ketganda, masalaning nazariy jihatiga oid bir gapni alohida ta'kidlab qo‘yishga ehtiyoj tug‘iladi. U ham bo‘lsa, adabiyot, ayrim avangard oqimlar da'vo qilayotganidek, boshqotirma o‘yinlardangina iborat emas. To‘g‘ri, unda o‘yinlik xususiyati bor, lekin “o‘yin” adabiyotning o‘nlab sifatlaridan bittasi, xolos. Chinakam adabiyot hamisha odamlar bilan birga bo‘ladi, ularning quvonchu tashvishini tarannum etadi va shu tarzda ularga yelkadosh, taqdirdosh, dildosh bo‘ladi, bo‘lishi kerak.
Kecha – sho‘rolar zamonida adabiyotda shakl mazmun (g‘oya)ga qurbon qilinayozgan edi. Modernizmda esa, ko‘pincha, buning teskarisiga duch kelamiz: shakl ketidan quvilib, mazmun boy beriladi (yoki shunchalar chuqur berkitiladiki, natijada muallifning o‘zi ham qayta o‘qiganda o‘z asari mohiyatiga yetib borolmasligi mumkin). Aslida, har ikkovi o‘rtasidagi zargarona mutanosiblik hamda buning oqibatida kelib chiqadigan buzilmas muvozanat badiiy asarning yaroqliligi va zavq ila o‘qishliligini ta'min etadi. Bunday asarlarga davrlar va ulardagi o‘zgarishlar juda kam ta'sir qiladi. Mumtoz adabiyot namunalari bir davr chegaralarini oshib o‘tib, barcha davrlarga xizmat qiladi. Shuning uchun ham u mumtoz hisoblanadi. Tafakkur erkinligi bois, Istiqlol davri o‘zbek ijodkori ham xuddi shunday asarlar yozish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Endi ijodkorning ijod maydoni ikki daryo oralig‘i emas, balki ikki qutbdir.
Mo‘tadil iqlim, uyg‘un muhit bo‘lmasa, ko‘chirib keltirganingiz bilan ko‘chat tomir otmaydi. Shu ma'noda bugungi o‘zbek adabiyotidagi yangi izlanishlarni o‘tgan asrning birinchi yarmida yevropada tug‘ilgan modernistik oqimning g‘arib taqlidi deb bo‘lmaydi. Bir-biriga monand ijtimoiy-tarixiy davrlar o‘xshash kayfiyatli adabiyotlarni vujudga keltiradi. Chunonchi, dunyo folklorida qanchadan qancha bir-biriga mengzaydigan qahramonlar mavjud. Lekin bu, ular bir-birlaridan ko‘chirib olishgan, degan ma'noga kelmaydi. Ijodiy ta'sirlanishning yonida o‘sha millatlar o‘tmishidagi siyosiy-ijtimoiy-madaniy va psixologik muhit o‘xshashligi omilini aslo yodddan chiqarmaslik kerak. Zero, o‘xshash muhitlar o‘xshash adabiy qahramonlaru ularning bir-biriga monand kayfiyatlarini dunyoga keltiradi. Demak, yevropaning modernistik adabiyoti bu yevropanikidir va bu adabiyot o‘z davrida o‘z vazifasini o‘tab, asosan o‘sha yerda qoldi. O‘zbek adabiyotidagi yangi (modernnoma) adabiyot kayfiyatiga yevropa modern adabiyotining oz-moz ijodiy ta'siri (ko‘proq shakliy ma'noda) bor albatta, lekin u mohiyat-e'tibori bilan Sharq, xususan, o‘zbek insoni dunyoqarashidagi ijtimoiy-psixologik o‘zgarishlar negizida tug‘ildi. Shunga ko‘ra, yangi (modern) o‘zbek adabiyoti milliy zaminda ildiz otgan bo‘lib, u yevropa modern adabiyotidan ko‘chirilgan nusxa yoki unga taqlid emas, deya qarash mumkin. XX asr muqaddimasidan ibtido olgan o‘zbek adabiyoti “Yangi o‘zbek adabiyoti” deb nomlangan. Chunki ham nasr, ham nazmda tubdan o‘zgarishlar yuz bergan, ilk dramatik asarlar vujudga kelgan va bu chinakamiga yangi hodisa, yangi adabiyot bo‘lgan edi. Adabiy shakllar asosan tashqaridan - o‘zga xalqlar adabiyotlaridan qabul qilingani ham haqiqat: roman, drama va yangicha she'r shakllari shular jumlasidan. XX asr adog‘i va XXI asr boshi o‘zbek ijodkori badiiy estetik tafakkur tarzidagi yangilanishlar esa bir qadar boshqacha tabiatga ega. Bunda shakl va mohiyatning o‘zi ichkaridan yorib chiqdi. Demak, tashqaridagi adabiyotga ergashishning hissasi o‘ta salmoqli bo‘lmagan. Shunga ko‘ra, uni tom ma'noda o‘zbek modern adabiyoti deyish ham biroz bahstalab bo‘lib, bu boradagi izlanishlarning asosiysi hali oldinda.
Xullas, Istiqlol davrida yangilangan badiiy tafakkur Erkin A'zamning “Stupka”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Qichqiriq”, Nazar Eshonqulning “Bahouddinning iti”, Rahimjon Rahmatning “Adashvoy”, Isajon Sultonning “Suvdagi kosa”, Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv” kabi hikoyalarini berdi. Nomlari zikr etilgan va yana Omon Muxtor, Ahmad A'zam, Olim Otaxon, Murod Karim kabi nosirlar, Bahrom Ro‘zimuhammad, Tursun Ali, Faxriyor, Aziz Said, Shermurod Subhon, Go‘zal Begim singari shoirlarning izlanishlari yangi (modern) o‘zbek nasri va nazmining o‘ziga xos namunalari hisoblanadi.
Xullas, modernizm garchi “dunyo madaniyati markazida yevropa madaniyati (yevropotsentrizm) turadi”, desa-da, u bilan bog‘liq butun boshli qarashlar tizimi, bu tizim vujudga keltirgan san'atu adabiyot o‘rganilishi lozim. Chunki u bashariyatning ming yillar mobaynida bosib o‘tib kelayotgan falsafiy, badiiy-estetik tafakkur yo‘lining bitta bosqichi sifatida o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega.