Jahon adabiyoti tarixi


Yoshlar va sog‘lom adabiyot targ‘iboti



Yüklə 2,24 Mb.
səhifə160/183
tarix26.10.2023
ölçüsü2,24 Mb.
#161590
1   ...   156   157   158   159   160   161   162   163   ...   183
Yoshlar va sog‘lom adabiyot targ‘iboti. Dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayapti. Xuddi shunday evrilishlar maydonida qolgan adabiyot o‘zini qanday tutadi? U olam ravishiga ta'sir qila oladimi? Jahonga mashhur akademik olim Yuriy Borev hozir dunyoni yo‘naltiruvchi yo‘lning yo‘qligiga urg‘u berib: “Bashar ahlini chulg‘ab olgan buhron ikkita urush va boshqa musibatlarni boshidan kechirgan dunyoning o‘ta xatarli va terrorga moyil bo‘lib qolayotganida o‘zini yaqqol namoyon etmoqda. Sovuq urushdan keyin maydonga kelgan yangi davr insoniyat tarixida ilk bor borliq haqida hyech qanaqa formulaga ega bo‘lmay turibdi. Qarshimizda olamshumul qora tuynuk paydo bo‘lgan. Binobarin, hokimiyatlarda strategiya yo‘q, faqatgina pishib kelayotgan muammoni hal qiluvchi amaliy qarorlargina mavjud”55, deb yozadi akademik. Shu ma'noda o‘zgarib, ming tusga kirib chiqayotgan dunyo qarshisida sovuq aql bilan qilni qirq yoradigan G‘arb ham, o‘z hikmatlari bilan adashgan ruhga yo‘l ko‘rsatguvchi Sharq ham taraddudda. Xuddi shu o‘rinda adabiyot o‘zini qanday tutadi? Fahsh, ur-sur, zulm, oldi-qochdi mavzular botqog‘iga botib, o‘z ortidan insoniyatni tortib ketishga urinadimi va yoki do‘ppini olib qo‘yib, yetti o‘lchab bir kesadimi – tegrasini zulmat qoplab borayotgan insoniyat ko‘zlariga bir qatim ziyo bag‘ishlaydimi? Zero, bugungi dunyo avvalgi dunyo emas, u – har qachongidan ham himoyaga muhtoj dunyo. Umidbaxsh adabiyot, yorug‘ san'at insoniyatga shuning uchun ham lozim.
Ruhshunoslarning aytishicha, hayotsevar odam yarim piyola suvni ko‘rib, “piyolaning yarmida suv bor” degani holda, tushkun kishi xuddi shu idishga qarab, “uning yarmi bo‘sh” der ekan. Chunki birinchi holda inson piyoladagi suvni, ikkinchisida esa piyolaning bo‘sh joyini ko‘rarkan. Nekbinlik yoki tushkunlik qaerdan tug‘iladi? Inson hayotdan qanday (musbat yoki manfiy) ta'sirlansa, sekin-asta dunyoqarashi ham shunga moyil bo‘lib shakllanishini hisobga olsak, nekbin yoki tushkun kayfiyat inson yashayotgan muhit negizida tug‘ilishi ayon bo‘ladi. Ya'ni inson miyasi go‘yo bir fotoapparat: u har kuni atrofidagi voqyelik parchalarini chiqillatib suratga oladi. Miyada yig‘ilgan suratlar esa uning olam haqidagi tasavvurini, tasavvur esa, o‘z navbatida, inson dunyoqarashi va kayfiyatini, optimist yoki pessimist bo‘lib yetishishiga omil bo‘ladi. Demak, nimani suratga olish o‘sha insonning hayotga munosabatidagi darajani – nekbinlik yoki tushkunlik miqyosini belgilab beradi. Daraja va miqyos esa, o‘z o‘rnida, inson hayoti ma'nosini keltirib chiqaradi. Qissadan hissa shuki, adabiyot hayot aksi, voqyelik modeli bo‘lgani bois, o‘quvchini yorug‘lik yoki zulmat sari yetaklashi, uning ongu qalbini u yoki bu mazmun-kayfiyat bilan emlab turishi inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Bas, shunday ekan, ijodkorning, umuman, insonning kurashayotgan ikki qadim kuch (ezgulik va yovuzlik) ning birinchisi tomonida tura olishida adabiyot ko‘makdosh bo‘lmog‘i kerak.
Inson tug‘ilibdiki, ziyoga intiladi. Hayotning ibtidosi quyosh nuri bo‘lib ona sayyoraga ingan yorug‘lik va iliqlik qo‘ynida yashirin. Binobarin, yorug‘likka intilish maxluqot javhariga joylashtirilgan eng kuchli ehtiyoj. Adabiyotning oydinlikka talpinishi ham, aslida, ana shu ildizdan suv ichadi. Ko‘rinadiki, zulmat, yovuzlik, buzg‘unchilikka mag‘lub bo‘lish va pirovardida ularni targ‘ibu tashviq qilish asllikka, sog‘lomlikka, mohiyatga, javharning tabiatiga zid harakat. Zero, nur o‘z yo‘lida uchragan zulmatni yengish uchun bor etilgan. Aslida, olam ham cheksiz koinot zulmatiga basma-bas yaratilgan. Zulmatning bag‘ri chok-chokidan so‘kilib, ichidan nur oqib chiqqani kabi asl adabiyot ham alaloqibat yorug‘likka, hayotga ovoz bermog‘i, bashar ahliga, yiqilganda yuzini yerga urib olishidan saqlaydigan tirgak – qo‘l, turganda esa olg‘a ketishini ta'minlaydigan oyoq bo‘lmog‘i shart. Madomiki, shunday ekan, bu zahmatli, ammo sharafli Vazifani faqat Yorug‘, Hayotparast, Nekbin va Kuchli Adabiyotgina uddalay oladi! Bugun insoniyat mana shunday adabiyotga har doimgidan-da ko‘proq ehtiyojmand. Rus yozuvchisi F.M.Dostoevskiy “Telba” romani qahramoni knyaz Mishkin tili bilan “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” deydi. Agar go‘zallik o‘z holicha dunyoni qutqaradigan bo‘lsa, unda nima uchun go‘zal yelena (Homerning “Iliada” asari qahramonlaridan biri)ning husnu jamoli yoki Amir Umarxon kanizagining tillarda doston chiroyi butun boshli mamlakatlarning qon ichida suzishiga sabab bo‘ldi, degan savol tug‘iladi. Nega bu misollarda go‘zallik xaloskorlikka emas, halokatga olib keldi? Hozir ham alohida vaziyatlar uchun “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” deya aytish joizdir, balki. Lekin butun boshli kurrai zamindagi hayotning, avvalo, ma'naviy, so‘ngra esa jismoniy halokatdan qutqarib qolish uchun ushbu shiorgagina rioya qilib yashash kutilgan natijalarga olib bormasligi bugun kundek ravshan haqiqat. Gap shundaki, oradan talay suvlar oqib o‘tdi (roman qariyb 150 yil muqaddam yozilgan). Dunyo bir emas, bir necha o‘n marta dumaladi, turlandi, murakkablashdi. Nihoyat, zamonamizga kelib, u tamomila boshqa kayfiyat quchog‘ida nafas olayapti. Binobarin, dunyo bugun butunlay boshqa qutqaruv halqasiga ehtiyojmand bo‘lib turibdi. Demak, go‘zallikni ko‘rish va uni nozik his qilish bilan unga qanday munosabatda bo‘lish boshqa-boshqa narsalar ekan. Zero, go‘zallikni ko‘rib, his qilish ortidan unga egalik qilish xurujiga mubtalo bo‘lish barcha muammolarning ibtidosi hisoblanadi. Insoniyat hayotida go‘zallik (estetika kategoriyasi)dan boshqa ezgulik, adolat, haqiqat (etika kategoriyalari) degan tushunchalar ham bor bo‘lib, bular ham inson ehtiyojlari hosilasidir. Go‘zallikka munosabatda inson axloq normalarini chetlab yoki buzib o‘tdimi, demak, qalbda ego (xudbinlik) zulmatidan oziqlangan yovuzlik tug‘ilib keladi. Bunday vaqtlarda hatto go‘zallik shaydosidan ham himoyalanish kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham insonga umid beruvchi asarlarga bo‘lgan ehtiyoj bugun har doimgidan-da katta (ertaga kashfiyotchilik adabiyotiga shunday ehtiyoj sezishimiz mumkin. Xuddi bir vaqtlar sarguzasht asarlarga talpinganimiz kabi). Turmush va uning adoqsiz tashvishlari buramasi, globalizm, “ommaviy madaniyat” girdobi, yengil hayot tarzining targ‘ib etilishi, e'tiqodning, burdning zaiflashuvi va hokazo sabablar natijasida inson ruhiy ildizdan uzoq tushib bormoqda. Jahon ommaviy axborot vositalari butun mohiyati iste'molchilikdan iborat Yangi Insonning paydo bo‘layotgani haqida ovoza qilmoqda. Shuning uchun ham bugun bashar ahlining insonlik tarafini kuchaytiradigan yorug‘ va umidbaxsh asarlarga suv va havodek ehtiyoji bor. Fransuz dramaturgi Jan Dominik Bobbining “Skafandr va kapalak” nomli asari ana shunday umidga yo‘g‘rilganligi bilan e'tibor tortadi. Ayni kuchga to‘lgan, hayot va ijodda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan dramaturg sira kutilmaganda insultga chalinadi-da, to‘shakka mixlanib qoladi. Lekin u taslim bo‘lmaydi. Sog‘lom miya va bittagina ko‘z yordamida hayot uchun kurashadi. Chunki qolgan hamma a'zolar falaj holda edi: na qimir etadi, na gapiradi va na ovqat yeya oladi. Ishga yaroqli bittagina ko‘zi bilan logoped yordamida asar yozadi. Buning uchun alfavitdan foydalaniladi. Logoped bir chekkadan harflarni o‘qib chiqadi, falaj dramaturg kerakli harfga kelganda yagona sog‘ ko‘zini yumadi va shu tarzda bir necha daqiqada birgina so‘z yoziladi. Nihoyat, mashaqqatlar, jasoratlar evaziga asar dunyoga keladi. Asar “Skafandr va kapalak” deb nomlanadi. Skafandr bu – suv ostiga tushish uchun kiyiladigan maxsus kiyim, lekin bu yerda ramziy ma'no kasb etib, inson tanasini, kapalak esa ruhni anglatadi. Dramaturg uzoq yashamaydi – o‘ladi. Lekin odamlarga umid qoldirib ketishni uddalab o‘ladi. Yozilishi inson jasorati va matonatining oliy ko‘rinishi bo‘lgan asarda umidbaxshlik mujassam edi. Yana bir fransuz adibi va faylasufi Alber Kamyu avtohalokatga uchrab o‘lganda o‘zining bosh – “Urush va tinchlik”dek asarini yozaman deb yashayotgan edi. Mushohada qilib qaralsa, yozuvchining ana shu yaratuvchanlik ishtiyoqi yozilmay qolgan asaridan-da balandroq turadi. Bas, shunday ekan, vaqti-vaqti bilan davr va uning ehtiyojidan kelib chiqqan holda, qanday badiiy asarlarga ko‘proq ehtiyoj borligini munaqqidlaru ziyolilar tadqiq etib topishlari, topganlarini bildirishlari, o‘z navbatida, jamoatchilik ham aytilganlarni e'tiborga olishi, masalan, ko‘proq nashr etishi, darsliklarga kiritishi, targ‘ibu tashviq qilishi maqsadga muvofiqdir. Zero, mamlakat va jamiyatlar rivoji o‘qilgan asarlarning sifat va saviyasidan tashqari o‘sha vaqtdagi ruhiy-ma'naviy ehtiyojga keraklilik darajasiga ham bog‘liq. Nobel mukofoti sovrindori Mario Vargas Losa “Adabiyot tufayli, adabiyot uyg‘otgan tafakkur, intilish va istaklar tufayli, xayolot saltanatiga safar chog‘i ko‘ngilda bosh ko‘targan kechinmalar tufayli bugungi sivilizatsiya odamiylashdi, najot topdi. Adabiyot ahli o‘ylab topgan badiiy to‘qima qumga singigan suvdek izsiz ketmadi, bil'aks, toshga aylangan yuraklarni mumdek eritdi. Yaxshi kitoblar bo‘lmaganida edi, insoniyatning bugungi holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi, mustaqil fikrdan mahrum labbaychilar urchib ketardi, ko‘ngil birligi yo‘qolardi, mutelik kayfiyati keng tarqalib, o‘z-o‘zini anglash tuyg‘usi – taraqqiyotning yetakchi omili yo‘qolardi” deb yozadi. Zero, dunyoni zulmat bosganda yorug‘lik haqida yozmaslik, ziyoni tarannum etmaslik insoniyat oldida jinoyat sodir qilish bilan barobardir.
Inson botinida qarama qarshi, chunonchi, ezgulik va yovuzlikka moyil kuchlar yashaydi. Tomonlar har doim kurashib keladi. Muhim gap – insonning ana shu tomonlarning qaysi birining yonini olishimizda. Farididdin Attorning “Ilohiynoma”sida keltirilgan rivoyatga ko‘ra, zo‘r berib ishlayotgan haqir chumoliga Sulaymon alayhissalom: “Agar senga Nuhning umriyu Ayyubning sabrini ato etsa ham bu tepani yo‘lingdan olib tashlash qo‘lingdan kelmaydi, joningni jabborga berib kurashmog‘ingdan maqsad ne?” desa, u javoban: “Tuproqni olib, do‘ngni yer bilan bir etsam, uning ortida meni kutayotgan yorimga qovushaman”, deydi. E'tibor berilsa, umri inson umri qiyos qilingnada o‘ta qisqa bo‘lgan chumoli qarshisida turgan va o‘zini yordan to‘sib qo‘ygan ulkan tuproq uyumini hyech qachon olib tashlay olmasligini yaxshi biladi. Lekin yorga eltuvchi bu yo‘ldan o‘zgasiga rozi bo‘lmaydi. Bas, umrini yor yo‘liga tikadi, shu yo‘lda qurbon bo‘lishni o‘zi uchun sharaf, hayotining eng oliy a'moli, mazmun-mohiyati deb ishonadi. Bu bilan chumoli Nur va Zulmat, Ezgulik va Yovuzlik, Yuksaklik va Tubanlik kurashida qaysi safda turishini ma'lum qilmoqda. Hyech qachon yetolmasa-da, yorug‘ murod – yorning yo‘llariga umrini baxshida aylamoqda. Chumolidan murod – inson. Yordan murod esa insonning kim ekanligini uning o‘ziga anglatib sezdiradigan Borliq – Tilsimdir.
Azaldan beri kurshashib kelayotgan kuchlar - Ezgulik va Yovuzlik, Nur va Zulmatning qaysi birini tanlash ko‘p jihatdan har bir insonning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi. Adabiyot, umidbaxsh adabiyot bu mushkul tanlov qarshisida ertak qaxramonlaridek turib qolgan zamondosh insonning to‘g‘ri yo‘lni tanlashida ishonchli ko‘makdosh bo‘la oladi.

Yüklə 2,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   156   157   158   159   160   161   162   163   ...   183




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin