Jahon bozorida talabning pasayib borishi oqibatida O‘zbekiston eksport qiladigan qimmatbaho va rangli metallar, paxta, uran, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlarning narxi tushib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va investorlarning eksportdan oladigan tushumlari kamayishiga olib keladi. Ularning foyda ko‘rishiga va ishlab chiqarish rentabelligiga, oxir-oqibatda esa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimizning o‘sish sur’atlari va iqtisodiyotimizning boshqa tomonlariga salbiy ta’sir etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining qabul qilingan farmoni bilan jahon moliya inqirozining oqibatlariga qarshi kurash yo‘lida bank va moliya tuzilmalariga qo‘shimcha yordam berish, iqtisodiyotning real sektori korxona va kompaniyalarining faolligini kuchaytirish va rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishga solish ko‘zda tutilgan.
Bank moliya tizimi
2008 yil O’zbekiston uchun, birinchi navbatda mamlakat mehnatkashlari uchun g‘oyat murakkab va og‘ir bo‘lishiga va yuzaga kelgan barcha muammo va qiyinchiliklarga qaramay, xalqning fidokorona mehnati va amalga oshirilgan tadbirlar evaziga 2008 yilda iqtisodiyot nafaqat barqaror faoliyat ko‘rsatishiga, balki uning yuqori o‘sish sur’atlarini izchil ta’minlashga erishildi.
2008 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 9 foizni, sanoatda 12,7 foizni, jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda 17,7 foizni tashkil etdi, xizmat ko‘rsatish hajmi 21,3 foizga o‘sdi. Iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlari ham barqaror sur’atlar bilan rivojlandi: qurilish — 8,3 foiz, transportda yuk va yo‘lovchi tashish hajmi — 10,2 foiz, savdo sohasi — 7,2 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida 4,5 foiz o‘sishga erishilib, 3 million 410 ming tonna paxta xom ashyosi tayyorlandi, 6 million 330 ming tonna g‘alla, shu jumladan, 6 million 145 ming tonna bug‘doy yetishtirildi.
Puxta o‘ylangan qat’iy pul-kredit siyosatini izchil olib borish tufayli inflyatsiya ko‘zda tutilgan prognoz ko‘rsatkichlari chegarasida, ya’ni yillik 7,8 foiz darajasida saqlab qolindi.
Shu o‘rinda mamlakatimizda mehnatni rag‘batlantirish, ish haqini ko‘paytirish va aholi daromadlari o‘sishini ta’minlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalar haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. 2008 yilda o‘rtacha ish haqi byudjet tashkilotlarida 1,5 barobardan ziyod, butun iqtisodiyot bo‘yicha esa 1,4 barobar oshdi. Natijada o‘rtacha ish haqi miqdori 300 AQSH dollaridan ortiq bo‘ldi. Aholining real daromadlari esa yil davomida jon boshiga 23 foiz ko‘paydi.
(2008-yilda dollar kursi 1 $ = 1340-1390 so’m bo’lgan.)