Qadimgi hind madaniyati va uning taraqqiyoti. Ko’p asrlar davomida taraqqiy qilib kelgan qadimgi hind madaniyati bir qator qo’shni xalqlarning madaniy taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. O’z navbatida Hindiston tasviriy san’ati va me’morchiligida (ayniqsa eramizning birinchi asrlarida) qadimgi Yunoniston san’ati, shuningdek O’rta Osiyo mamlakatlari san’ati bilan bog’liq qirralar ko’zga tashlanadi.
Hind madaniyatining yodgorliklari bo’lgan Moxenjodaro va Xarappa xarobalaridan topilgan ko’plab miqdordagi qattiq tosh, yumshoq steatit, fil suyagi va sopoldan qilingan muhrlarda muqaddas hayvonlarning – ho’kiz, qo’tos, echki, yo’lbars yoki fil suratlaridan tashqari yozuvlar o’yib ishlangan. Ular qadimgi Xarappa sivilizatsiyasining bizgacha yetib kelgan yagona yozuv namunalaridir. Bu yozuv taxminan 270 ga yaqin piktografik belgiga ega, ammo ular ideografik va sillabik mazmunga ega bo’lganligi shubhasiz1.
Hind yozuvining eng qadimgi asarlari Shimoliy Hindistonda urug’chilik tuzumining yemirilish davridan boshlab eng qadimgi quldorlik davlatlarining paydo bo’lganiga qadar ilmiy bilimlarning paydo bo’lishi va juda qadimgi shakllanishi jarayonini kuzatish imkonini beradi. Moxenjodaro va Xarappadan topilgan iyeroglif yozuvlar shuni ko’rsatadiki, m.a. 3 ming yilliklardayoq Hindistonda o’ziga xos ravishda vujudga kelgan suratli yozuv mavjud bo’lgan. Hindistonda alifbo-bo’g’inli yozuv m.a. 3 asrda tarqalgan. Kxaroshti yozuvidagi bitiklar shu davrga oid. Bu yozuv oromiy yozuvini qo’llash negizida paydo bo’lgan bo’lishi mumkin. Ashoka yozuvlarining ko’pi braxma yozuvining original qadimgi hind tizimida ko’lamida yozilgan bo’lib, bu yozuvdan devanagari, shuningdek, ko’p sonli boshqa hind alifbolarining ancha keyingi tizimlari taraqqiy etgan.
M oddiy madaniyat va san’at yodgorliklari asosida, Hind vodiysi aholisining diniy tasavvurlari to’g’risida tushuncha hosil qilish mumkin. Muhrlardagi tasvirlar bu yerda yashagan aholining daraxtlar, hayvonlar, osmon jismlariga e’tiqod qilganidan guvohlik beradi. Ona ma’buda haykalchasi dinning dehqonchilik xususiyatini ko’rsatadi. To’rt hayvon qurshovida yog holatida turgan erkak ma’bud dunyoning to’rt tomonini hukmdori deb qaraladi.
Qadimgi Hindistonning ko’pgina asarlari hozirgacha hinduizm va buddizmning muqaddas kitoblari hisoblanadi. Yozma manbalar bizgacha juda ko’plab yetib kelgan. Sanskrit tilini o’rganish qadimgi til grammatik asarlariga, asosan Panini grammatikasiga (m.a.IV asr) asoslanadi. Adabiyot asosan diniy madhiyalar (Rigveda” va boshqa Vedalar) ritual sharhlar, nasihatlar to’plamidan iborat.