Nazorat uchun savollar: Janubi-Sharqiy Osiyo sivilizatsiyasining shakllanishiga ta’sir ko’rsatga omillarni tahlil qiling.
Dongshon sivilizatsiyasining o’ziga xos xususiyatlarini sanab bering.
Buddizmning kirib kelishi va tarqalishi Janubi-Sharqiy Osiyo sivilizatsiyalari taraqqyotida qanday o’rin tutdi.
Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatining o’ziga xos jihatlariga misol keltiring.
10-mavzu: Xitoy sivilizatsiyasi Reja: 1. Qadimgi Xitoy davlatchiligining taraqqiyoti 2. Qadimgi Xitoy sivilizatsiyasining yutuqlari
Mаvzugа oid tаyanch tushunchа vа iborаlаr: Yanshаo, Lunshаn, Xunshаn, Shаn vа Chjou dаvri, Chunsyu (bаhor vа kuz) dаvri, Chjаngo (kurаshuvchi shohliklаr) dаvri, Yuz mаktаbining rаqobаti dаvri, Konfutsiy tа’limoti, dаo tа’limoti, moizm tа’limoti, legizm, Sin dаvlаti, Sin Shi Xuаndi, To’ng’ich Xаn sаltаnаti, Kichik Xаn sаltаnаti.
Qadimgi Xitoy davlatchiligining taraqqiyoti Qadimgi Xitoy sivilizatsiyasi tarixi m.a. Xuanxe vodiysida protoshaharlar paydo bo’lgan III-II ming yilliklarga borib taqaladi. Uning yakuni esa Xan imperiyasining qulashi bilan belgilanadi. Xitoyning tabiiy sharoiti ma’lum ma’noda qadimgi Xitoy sivilizatsiyasining o’ziga xos xususiyatlarini belgilab berdi. M.a. I ming yillikning ikkinchi yarmiga qadar Xitoyning boshqa sivilizatsiyalardan uzilgan holda rivojlanganligi ham bu o’rinda muhim rol o’ynadi.
Xuanxe daryosi havzasida mahalliy paleolit va mezolit madaniyatlari asosida m.a. V ming yillikda Xunshan, naqshinkor sopolli Yanshao neolit madaniyatlari shakllandi. III ming yillikda u qora sopolli Lunshan madaniyati bilan o’rin almashdi. M.a. II ming yillikda Xitoyda shahar-davlatlar tipiga kiruvchi ilk sinfiy tuzilmalar paydo bo’ldi. Ilk shahar madaniyatlari Xenani, Shansi, Shensi, Shandun va boshqa hududlarda topilgan. Ularning orasida Xenandagi Anyan shahri rayonida topilgan “Buyuk shahar Shan” ajralib turgan. Shan (In) shahar davlati anchagina yirik birlashmaning boshida turgan. Shan hukmdori van deb atalgan. Ular harbiy vakolatlarga va oliy kohinlik funktsiyalariga ega bo’lgan. Shanliklar doimiy urushlar olib borgan, harbiy asirlar ommaviy ravishda ilohiylashtirilgan ajdodlar va ruhlarga qurbonlik qilingan.
Shan davrida Xitoy sivilizatsiyasining deyarli barcha ilk agrar sivilizatsiyalar uchun xos bo’lgan xususiyatlari shakllana boshlagan:
Oilaning yuqori ahamiyati, ajdodolar va qariyalarga yoshlarning hurmat ko’rsatishi. Xitoyliklar tajriba nazariyadan muhimroq deb hisoblagan va yoshlar oldingi avlod to’plagan merosni o’rganishi lozim bo’lgan;
Umumiy farovonlikni ta’minlash uchun asosiy mas’uliyat hukdor va uning xonadoni zimmasida bo’lgan. Davlatning gullab-yashnashi uchun zarur diniy va dunyoviy vazifalar hukmdor tomonidan bajariladi. Boshqa tomondan, hukmdor va hukmrob sulola hokimiyatining legitimligi bu vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlagan.
Bu dunyoning ustunligi. Qadimgi dunoning hech bir sivilizatsiyasi Xitoychalik dunyoviy bo’lmagan va imperator hamda uninh hukumati bajaradigan amaliy vazifalarning ahamiyati ularning diniy rolidan kam bo’lmagan;
Ta’limning, ayniqsa savodxonlikning ahamiyati. Xitoyda yozish va o’qish hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun juda muhim bo’lgan. Qadimgi Xitoy yozuvi juda murakkab bo’lgan va ko’p yillik mashaqqatli ta’lim boylik hamda hokimiyatga yo’l ochib bergan1.
M.a. II-I ming yilliklar chegaralarida Shanga g’arbdan, Vey daryosi havzasidan kelgan chjou qabilalari tomonidan bosib olingan. Istilo oqibatida chjouliklar katta, ammo mustahkam bo’lmagan davlat birlashmasi tuzganlar. U an’anaviy ravishda G’arbiy Chjou deb ataladi. Uning tepasida Chjou podsho urug’idan bo’lgan va shanliklardan “van” unvonini qabul qilgan merosiy hukmdorlar turgan. Bu davrda podsholikning kelib chiqishi ilohiylashtirilgan. Van Osmon O’g’li (Tyan-tszi) va uning yerdagi de sehrli kuchiga ega “Yagona” timsoli deb e’lon qilingan. Van hokimiyatni Osmondan olgan va u Tyansya – Osmon ostining hukmdori deb hisoblangan. G’arbiy Chjou davlati despotik shaklga ega bo’lmagan, vanlar hokimiyati uning huzuridagi amaldorlar kengashi bilan cheklangan.
M.a. IX asrdan G’arbiy Chjouda davlati ichki siyosiy inqirozlar davri boshlandi. Chjou zodagonlari – chjuxou separatizmining o’sishi bilan vanlarning harbiy qudrati susaygan. M.a. VIII asr boshlarida shimoli-g’arbdan kirib kelgan ko’chmanchilar hujumining kuchayishi sharoitida G’arbiy Chjou tashqi xavfga qarshi tura olmagan. Chjouliklarning Vey daryosi havzasidagi yerlari tsyuanjunlar tomonidan bosib olingach, m.a. 770 yilda Chjou poytaxti sharqqa (hozirgi Loyan hududi) ko’chirilgan. Endi manbalarda Sharqiy Chjou deb atala boshlagan davlatning hududi keskin qisqargan. Xitoyda bir qancha mustaqil podsholiklar paydo bo’ldi. Ular orasida Xuanxening o’rta oqimi va Buyuk Xitoy tekisligidagi madaniy an’analarining yagonaligi bilan mashhur bo’lgan podsholiklar ajralib turgan. Bu podsholiklar mamlakatning an’anaviy birligini ramzi sifatida Chjou vanining Osmon O’g’li sifatidagi oliy hokimiyatini rasman tan olardilar.
Bu podsholiklar hududida xuasya - madaniy-genetik mushtarakligining shakllanish jarayoni borgan2. M.a. I ming yillik o’rtalarida o’rta podsholiklarning (chjungo) barqaror etnomadaniy-siyosiy majmui tashkil topdi. Chjungojen (o’rta podsholik odamlari) larning madaniy ustunligi g’oyasi qadimgi xitoyliklar o’z-o’zini anglashining muhim komponentiga aylandi. Chjou an’anasiga ko’ra Xitoyda mahalliy etnik asosda tashkil topgan va o’rta podsholiklardan til va madaniyat jihatidan farq qiladigan, ammo hudud va taraqqiyot jihatidan kam bo’lmagan boshqa davlatlar “varvarlar” sifatida talqin qilingan. Chuntsyu (Bahorlar va kuzlar) davrida o’z hukmini butun Osmon ostiga o’tkazgan “Besh gegemon” orasida to’rttasi “varvar” podsholiklardan edi. M.a. V-III asrlarda, Chjango (kurashayotgan podsholiklar) davrida eng kuchli yetti podsholikdar uchtasi xuasya podsholiklari emas edi: Yan, Chu va Sin.
O’rta podsholiklar qo’shni xalqlar bilan doimiy aloqada bo’lgan, bunda assimilyatsiya va o’zaro ta’sirning murakkab jarayoni ham borgan.
Chunsyu davridagi podsholiklarda yetakchi mavqe merosiy aslzodalarga tegishli edi. Yirik podsholiklarda asta-sekin markaziy siyosiy-ma’muriy tizim joriy etila boshlandi. Asosiy ishlab chiqaruvchi kuch erkin dehqon-jamoachilar edi. Jamolar orasida mulkiy tengsizlik jarayoni kuchaydi. Qarz uchun qullik paydo bo’ldi.
M.a. I ming yillik o’rtalarida Xitoyning siyosiy xaritasi Chuntsyuning boshlanish davriga ko’ra o’zgarib ketdi. 200ga yaqin davlat birlashmalaridan 30 dan ozi qoldi. Bu davr ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi, temir eritishning o’zlashtirilishi, hunarmandchilik va dehqonchilikning, sug’orish tizimlari barpo etishning rivojlanish davri edi. Tsin podsholigi tomonidan IV asr oxiri- III asr boshlarida yirik suv xo’jalik tadbirlarining o’tkazilishi bilan sug’orma dehqonchilik uning ravnaqi garoviga aylandi.
Chjango davrida qariyb yarim million aholiga savdo-hunarmandchilik shaharlari paydo bo’ldi. Yerga jamoa mulkchiligi tizimi tugadi. M.a. 1000 yillik o’rtalaridan yerni sotish va olish huquqi bilan yerga xususiy mulkchilik paydo bo’ldi. Davlat yer egalaridan yer solig’ini olishni joriy qildi, boy hunarmand-savdogarlar tabaqasi shakllandi.
M.a. IV asrda ijtimoiy–iqtisodiy munosabatlarni barqaror holatga keltirish uchun ko’pgina podsholiklarda islohotlar o’tkaziladi. Ana shunday islohotlardan biri m.a. 350 yilda Sin podsholigida oliy amaldor Shan Yan tomonidan o’tkaziladi. Mamlakat uyezdlarga bo’linadi, yer sotib olishga ruxsat beriladi, o’lchov birliklari unifikatsiya qilinadi, urug’ zodagonlarning ayrim imtiyozlari bekor qilinadi. Ushbu islohotlardan so’ng Sin qudratli davlatga aylandi. Ichki ziddiyatlardan foydalangan Sin vanlari butun Xitoyni birlashtirdilar. M.a. 221 yilda Sin so’nggi mustaqil podsholik- Shandun orolidagi Si podsholigini bosib oldi. Sin vani In Chjen yangi “xuandi” - imperator unvonini oldi va tarixga Sin Shixuandi – “Sinning birinchi imperatori” sifatida kirdi. Tsin poytaxti Syayan imperiya poytaxtiga aylandi.
Sin Shixuandi shimoliy chegaralarning xavfsizligini ta’minlash uchun misli ko’rilmagan qurilish: minglab kilometr uzunlikdagi Buyuk Xitoy devorni bunyod qilishga kirishdi. Janubiy Koreya va Shimoliy Vyetnamga borsqinchilik yurishlari uyushtirildi. Sin Shixuandi yakka hukmdor boshchiligidagi harbiy-ma’muriy imperiyani barpo etdi. Sinliklar unda imtiyozli o’rin egalladi. Qonun bilan teng huquqli erkin fuqarolar uchun yagona bo’lgan “qora boshlar” nomi joriy etildi.
M.a. 210 yilda Sin Shixuandi vafotidan so’ng boshlangan xalq qo’zg’oloni Sin sulolasini agdarib tashladi. Qo’zg’alon boshliqlaridan biri mayda amaldor Lyu Ban m.a 202 yilda “Xan imperatori” unvonini qabul qilib, Xan imperiyasiga asos soladi. Bu sulola Xitoyda eramizning III asrigacha hukmronlik qiladi. Xan imperiyasi tarixi ikki davrga bo’linadi: To’ng’ich Xan (m.a.202 yildan – milodiy 8 yilgacha) va Kichik Xan (milodiy 25-220 yillar) imperiyasi.
Imperator U-Di (m.a. 140-87 yy) boshqaruvi yillari Xan imperiyasining eng gullab - yashanagan davri edi. U-Di markazlashtirish siyosatini olib boradi. Konfutsiylik davlatning yagona mafkurasi sifatida qabul qilingan. U-Di faol istilochilik siyosatini olib boradi. Xitoy Hindistonga boradigan yo’lda Yuanyan va Sichuanni, m.a. 108 yilda Koreya yarim orolidagi Choson davlatini bosib oladi.
U-Di shimolda ko’chmanchi xunnlar hududini bosib olishga harakat qiladi. Xunnlar bilan urush yillarida Xitoy O’rta Osiyo bilan birinchi aloqalarni o’rnatadi. U-di m.a 139 yilda o’z elchisi Chjan Syanni O’rta Osiyo (“G’arbiy o’lka”)ga yuborgan, elchi o’n yildan keyin Xitoyga qaytib keladi. Xitoyliklar Farg’ona (Dovon), Baqtriya (Dasya) va Parfiya (Ansi) to’g’risida bilimga ega bo’ladilar va bu mamlakatlar bilan aloqa o’rnatadilar. Ana shu vaqtda Xitoy O’rta Osiyodan uzum, loviya, beda, anor va yong’oq daraxti, musiqa asboblari, idish-tovoqlarni o’zlashtirib oladi. Keyinchalik Xitoy O’rta Osiyodan budda dinini qabul qiladi.
Imperator U–Dining hukmdorlik yillari qadimgi Xitoy tarixida “oltin davr” deb hisoblandi. Xan davrida qullarning soni oshdi. Xususiy, davlat qullari, qarz uchun qul qilingan qullar mavjud edi. M.a. II-I asrlarda xalqning iqtisodiy ahvoli yana og’irlashadi, yer va boshqa boyliklar oldi-sotdisi keng tus oladi.
Milodiy asr boshlarida yillarida yirik amaldor Van Man (9-23 yy) imperator hokimiyatiga ega bo’lib, yer egaligi va quldorlik munosabatlarida islohot o’tkazadi. Bu vaqtda dehqonlarning yersizlanishi kuchayib, katta-katta yer maydonlari alohida qullarda to’planib qolgan edi. Van Man barcha yerlarni imperator mulki deb e’lon qilib, yerni sotishni ta’qiqlaydi. Qul savdosi ham ta’qiqlanadi, ammo bu islohotlar amalga oshmaydi. Mamlakatning ijtimoiy–iqtisodiy hayoti tobora tushkunlikka yuz tuta boradi. 18 yilda boshlangan “Qizil qoshlilar” qo’zg’aloni tufayli Van Man halok bo’ldi.
Kichik Xan imperiyasi davridagi taraqqiyot zamirida chuqur ziddiyatlar yashirin edi. Imperiyadagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz sharoitida 184 yilda Qadimgi Xitoy tarixidagi eng yirik qo’zg’alon – “Sariq ro’molliklar” qo’zg’aloni boshlanib ketdi. Qo’zg’alon bostirildi, ammo ichki ziddiyatlar tufayli zaiflashgan Xitoy 220 yilda uch mustaqil davlat Vey, Shu va U ga bo’linib ketadi.