Nazorat uchun savollar: 1. Kavkazorti sivilizatsiyalari qanday o’xshash va o’ziga xos xususiyatlarga ega?
2. Kavkazorti sivilizatsiyalari taraqqiyotida antik dunyo ta’siriga baho bering.
3. Kavkazorti sivilizatsiyalarining yutuqlari qadimgi Sharq madaniy taraqqiyotida qanday rol o’ynadi?
8-mavzu: Qadimgi va ilk o’rta asrda Eron Reja: 1. M.a. IV-I ming yilliklarda Qadimgi Eron sivilizatsiyalarining shakllanishi va taraqqiyoti
2. Ahamoniylar sulolasi va Parfiya davrida Eron.
Mаvzugа oid tаyanch tushunchа vа iborаlаr: Elаmliklаr, kаssitlаr, lullubeylаr, xurritlаr, Elаm, Suzа, chiziqli bo’g’inli yozuv, midiya vа fors qаbilаlаri, Midiya, Аhаmoniylаr, Pаsаrgаd, Persepol, Bexistun, Pаrfiya, Sosoniylаr, fors mixxаti, Аvesto, zаrdo’shtiylik, zаrdo’shtiylаr tаqvimi, zo’rvon, mаzdаk tа’limoti, Moniy tа’limoti.
M.a. IV-I ming yilliklarda Qadimgi Eron sivilizatsiyalarining shakllanishi va taraqqiyoti Qadimgi Eron tarixida quyidagi bosqichlarni ajratish mumkin: Elam sivilizatsiyasining vujudga kelishi va gullab-yashnashi (m.a. IV ming yillik oxiridan m.a. VII asr oxirigacha); Midiya davri (m.a. VIII- VI asr o’rtalari); Ahamoniylar davri ( m.a. VI asr o’rtasidan 330 yilgacha); Parfiya davri ( m.a. III asr o’rtasidan – taxminan 224 yilgacha).
Eron janubi-g’arbiy qismining tub aholisi elamliklar bo’lgan. Zagrosning g’arbiy tog’oldi hududlarida va shimoliy-g’arbiy Eronda kelib chiqishi hind-yevropalik bo’lmagan qabilalar, jumladan xurritlar, manneylar, lullubeylar va boshqalar istiqomat qilishgan. M.a. XII-XI asr chegaralarida G’arbiy Eronga midiya va fors qabilalari kirib kelgan, ular keyinchalik butun Eron tog’ligini egallab, avtoxton aholini assimilyatsiya qilgan.
Eronning hozirgi Xuziston viloyatini egallagan Elamda ishlab chiqarish kuchlarining jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit mavjud edi. Eng qadimgi dehqonchilik madaniyati shaklangan hududlardan biri bo’lgan tekislik qismida qishloq xo’jaligi, hunarmandchilik, jumladan kulolchilik ravnaq topdi. Elamning tog’li qismi esa qurilish xom-ashyosiga, qazilma boyliklarga boy bo’lib, aholi asosan chorvachilik bilan shug’ullangan. M.a. III ming yillik boshlarida bu hududda qabilalarning ilk davlatchilik birlashmalari vujudga keldi.
Shunday birlashmalardan birining poytaxti bo’lgan Suza Elamni Ikkidaryo oralig’i va Sharqiy Eron bilan bog’lab turuvchi muhim savdo yo’llarining chorrahasida joylashgan edi. Bundan tashqari Elamda Avan, Anshan, Kimash va Simash davlatlari mavjud edi.
Asta-sekin davlat boshqaruvining o’ziga xos tizimi shakllandi. Sukkalmax (buyuk vakil) unvoni bilan Suzada hukmronlik qilgan oliy hukmdordan tashqari uning o’rinbosari, odatda kichik uka va bo’lajak merosxo’r katta rol o’ynagan. U Simash sukkali (vakili) deb atalgan. Davlat iyerarxiyasida uchinchi o’rinni Suziana viloyatining noibi, podshoning katta o’g’li turgan. Kichikroq viloyatlarni esa mahalliy shaxslar - «otalar» («adda») boshqargan, ularning vafotidan so’ng hokimiyat jiyanlarga (singillarning o’g’illari) o’tgan. M.a. XIII asrdan podsho taxti ota tomonidan meros qoladigan bo’ldi, ya’ni otadan o’g’ilga o’ta boshlagan.
M.a. III ming yillikda Elamdagi iqtisodiy va ijtimoiy tashkilotning asosiy shakli barcha erkin shaxslar kirgan va oqsoqollar tomonidan boshqarilgan qishloq jamolari edi. Ammo m.a. II ming yillikdan boshlab qul mehnatidan foydalaniladigan xususiy xo’jaliklar jadal rivojlana boshladi. Qishloq jamolarining o’rniga paydo bo’lgan qarindoshlardan tashkil topgan uy jamoalari ham mulkiy tengsizlikning kuchayib borishi tufayli bora-bora o’z ahamiyatini yo’qotdi.
Elamning siyosiy tarixi Mesopotamiya tarixi bilan chambarchas bog’liq bo’lgan. Ikki davlat bir-birlari bilan urushlar olib borgan, tinchlik shartnomalarini tuzgan hamda qizg’in savdo va madaniy aloqalariga ega bo’lgan. M.a. XXIV-XXIII asrlarda Elam Akkad davlati tarkibida bo’lgan. M.a. XXII-XXI asrlarda Urning III sulolasi davrida ham Elam Ikkidaryo oralig’ining hukmronligi ostida bo’lgan, biroq XXI asrning ikkinchi yarmida mustaqillikka erishgan. M.a. XIV asrdan m.a. XII asrgacha Elam bobilliklarga qaram bo’ladi. M.a.XII asrda Elam mustaqilligini qo’lga kiritib, hatto Bobilning ko’plab shaharlarini bosib olgan. Eronning o’zida Elam janubda Fors ko’rfazidan shimolda hozirgi Hamadon shahrigacha bo’lgan hududlarda hukmronlik qilgan.
M.a. VIII asrda uzoq davom etgan Ossuriya – Bobil urushlarida Elam bobilliklarning ittifoqchisi bo’lgan. Urush so’ngida Elamning mag’lubiyati va Suzaning ssuriyaliklar tomonidan bosib olinishi bilan yakun topdi. M.a. 549 yilda urushlar tufayli zaiflashib qolgan Elam forslar tomonidan bosib olindi va o’z mustaqilligini yo’qotdi.
Elam sivilizatsiyasi Qadimgi Eronning ma’naviy va madaniy hayotiga ulkan ta’sir ko’rsatdi. Elamliklar m.a. III ming yillikda piktografik yozuvni kashf etishdi. Hozirgacha o’qishga muvaffaq bo’linmagan protoelam yozuvida tushunchalar va so’zlarni anglatuvchi 150 ga yaqin asosiy belgilar mavjud edi. Protoelam yozuvida bitilgan sopol taxtachalar nafaqat Elam hududida (Suza, Anshan va h.k.), hatto Markaziy Erondagi Sialkda, Eronning janubi-sharqida (Tepa-Yahyo) ham topilgan.
M.a. III ming yillikning ikkinchi yarmida Elamda chiziqli-bo’g’inli yozuv ixtiro qilindi. 80 ga yaqin belgilar yordamida turli mazmundagi matnlarni yozish imkoni bo’lgan. III ming yillik oxiridan to m.a. V asrgacha elamliklar shumer-akkad mixxatidan foydalanganlar.
Elam dini ham Mesopotamiya dini ta’sirida bo’lgan bo’lsada, o’ziga xos jihatlarga ega bo’lgan. Mamlakatning diniy markazi Suza bo’lgan. Elam xudolar panteoniga xudolar onasi hisoblangan Pinekir, Suza homiysi Inshushinaka, Xumban, quyosh xudosi Naxxunt kabi 37 ga yaqin ilohalar kirgan.
Elamliklar m.a. IV ming yillikdayoq o’ziga xos san’at yaratishgan. M.a. II ming yillikda uning rivojiga Bobil san’ati katta ta’sir ko’rsatgan. Malika Napirasuning bronza haykali Elam san’atining nodir namunasidir. Elam me’morchiligining eng yirik yodgorligi m.a. XIII asrda Dur-Untash (hozirgi Choga-Zambil) yaqinida barpo etilgan, umumiy balandligi 42 metrni tashkil etgan zikkurat sanaladi.
Midiyalik va fors qabilalari m.a. I ming yillikning boshlarida Eronga kirib kelishgan. Ular eron tilining turli lahjalarida so’zlashgan va ko’pchiligi ko’chmanchi chorvachilik, shuningdek dehqonchilik bilan shug’ullanishgan. Ossuriya manbalarida ular haqidagi ilk ma’lumotlar m.a. IX asrga oid.
Midiyaliklar shimoliy–g’arbiy Eronda joylashishgan. M.a. IX asrda bu yerda midiyaliklar va avtoxton aholini birlashtirgan o’nlab mayda knyazliklar mavjud edi. Forslar Ossuriya manbalarida parsua deb atalgan Markaziy Zagros tog’larida joylashgan viloyatda ko’plab mayda qabilalarga bo’linib istiqomat qilishgan.
Tax. m.a. 800 yillarda forslar midiya qabilalaridan ajralib, Eronning janubi-g’arbiga yo’l olishgan va vaqt o’tishi bilan Elam hududlarini egallab olishgan. Bu hudud ularning nomi bilan Parsa (hozirgi Fors viloyati) deb atalgan. M.a. VII asrning 40-yillariga qadar forslar Elam podsholariga, so’ngra qisqa muddat ossuriyaliklarga qaram bo’lishgan. Shu davrlardayoq forslar Ahamoniylar sulolasi tomonidan boshqarilgan qabila ittifoqiga birlashgan. Fors qabila ittifoqi 6 ta dehqonchilik qabilasi va 4 ta ko’chmanchi-chorvador qabilalardan iborat bo’lgan.
Ossuriyaliklarga qarshi kurashish zaruriyati midiyaliklarning birlashish jarayonini kuchaytirgan. M.a. VII asr o’rtalarida Midiya qadimgi sharqda kuchli davlatga aylanadi. M.a. 624 yilda Kiaksar skiflarning bosqinini bartaraf qilib, barcha midiya qabilalarini birlashuvini to’liq tugallaydi va poytaxti Ekbatana (hozirgi Hamadon) bo’lgan yagona davlat tuzadi.
Shundan so’ng, Midiya raqibi Osuriyaga qarshi dastlab o’zi, keyin Bobil bilan ittifoq bo’lib kurash boshlaydi. M.a. 614 yilda Midiya va Bobil qo’shinlari Ossuriyaning qadimgi poytaxti Ashshurni, 612 yilda Nineviyani yer bilan yakson qiladilar. M.a. 609-yilda ular Xarran shahrida ossur qo’shinlari qoldiqlarini tor-mor qilganlar.
Midiya shimoliy Mesopotamiya va Xarran viloyatini, janubda Fors, Kaspiy dengizining janubi-sharqidagi Parfiya va Girkaniyani, Urartu, skif davlatlari Sakasena va Mannani o’ziga qo’shib oladi. M.a. 585-550 yillarda podsholik qilgan Astiag davrida Midiya katta va qudratli davlatga aylanadi. Bu vaqtda Elam ham qo’shib olinadi. M.a. 550-yilda forslar Midiyaga qarshi qo’zg’olon ko’tarib, uni bosib oladilar.
M.a. VII va VI asrning birinchi yarmida Midiya Eronning moddiy va ma’naviy madaniyati markazi edi. Keyinchalik ularning yutuqlari forslar tomonidan qabul qilib olindi. Midiya hududida aniqlangan yodgorliklarni tadqiq qilish ularning ularning tarixiga oid boy arxeologik ma’lumot berdi. Sakkiz shahridan topilgan xazina, Xasanlu tepaligidan mustahkamlangan inshoot qoldiqlari, G’ilon viloyatidagi Marlik qabristoni shular jumlasidandir.