Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash - tarbiya tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tamoyillardan biridir. Shaxsni shakllantirishda jamoaning etakchi rol o‘ynashi to‘g‘risidagi fikrlar pedagogika fanining ilk rivojlanish davrlaridayoq bildirilgan. Jamoada uning a’zolari o‘rtasidagi munosabatning alohida shakli yuzaga keladi, bu esa shaxsning jamoa bilan birgalikda rivojlanshini ta’minlaydi. Lekin har qanday guruhni ham jamoa deb hisoblab bo‘lmaydi. Jamoa bir qator belgilarga egadirki, mazkur belgilar jamoani kishilarning etarli darajada uyushgan har qanday guruhdan ajratib turadi.
1. Ijtimoiy ahamiyatga ega yagona maqsadning mavjudligi. Jamoaning maqsadi albatta ijtimoiy maqsadlar bilan mos kelishi, jamiyat va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, Davlat konstitutsisi va qonunlariga, jamiyat mafkurasiga qarama-qarshi bo‘lmasligi zarur.
2. Umumiy birgalikdagi faoliyat. Kishilar aniq maqsadga birgalikda tez erishish uchun jamoaga birlashadilar. Buning uchun jamoaning har bir a’zosi birgalikdagi faoliyatda faol ishtirok etishi zarur, faoliyat Umumiy tashkil eitilishi kerak. Jamoa a’zolari birgalikdagi faoliyat natijalari uchun yuqori shaxsiy javobgarlikni his qilishlari bilan ajralib turishadi.
3. Majburiy mas’uliyatli munosabatning yo‘lga qo‘yilishi. Jamoa a’zolar orasida faqatgina yagona maqsad va faoliyat emas, ularning g‘am-qayg‘ularining aloqador birligi aks etuvchi maxsus munosabatlar yuzaga keladi.
4. Saylangan umumiy rahbariy organga egalik. Jamoada demokratik munosabatlar o‘rnatiladi. Jamoani boshqarish organlari jamoaning obro‘li a’zolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq saylab olish asosida shakllantiriladi.
Mazkur aytilgan belgilaridan tashqari jamoa boshqa muhim o‘ziga xos-liklari bilan ham farqlanadi. Bu jamoa ichki muhitida aks etuvchi o‘ziga xoslik, psixologik iqlim, jamoa a’zolari orasidagi munosabatlarda ko‘rinadi.
Maktab jamoasi tarkibida eng barqaror bo‘g‘in - bu muayyan sinflar negizida shakllangan jamoalar sanaladi. Sinf jamoasi tarkibida o‘quvchilar tomonidan amalga oshiriluvchi asosiy faoliyat o‘qish faoliyati sanaladi. Aynan sinf jamoasida shaxslararo aloqa va munosabatlar tarkib topadi. SHuningdek, sinflar jamoalari negizida maktab jamoasi shakllanadi.
Yuqoridagi jamoaning o‘ziga xos belgilaridan kelib chiqib, shunday xulosa chiqarish mumkin. O‘quvchilar jamoasi – bu ijtimoiy ahamiyatga ega yagona maqsadni ko‘zda tutuvchi, birgalikdagi faoliyatni tashkil etuvchi, umumiy saylab qo‘yilgan organiga ega bo‘lgan, mustahkamlik, umumiy javobgarlik bilan ajralib turuvchi, barcha a’zolarining huquq va majburiyatlarda tengligi sharoitida majburiy aloqadorlikka ega bo‘lgan o‘quvchilar guruhidir.
3. Jamoaning tarkib topishi va rivojlanish bosqichlari Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli murakkab jarayondir.
Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi.
Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, chunki jamoaning bosqichlari chegara yoki oraliqqa ega emas. Shunga qaramay, pedagogik nuqtai nazardan jamoaning shakllanish bosqichlariga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasi rivojlanishning birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat pedagoglar tomonidan qoʻyiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlangʻich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jamoa hali tarbiyalovchi jamoa boʻlmay, balki tashkil etuvchi birlik (sinf, guruh)dir. Tarbiyalanuvchilar talablarning qoʻyilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqali jamoa qaror topadi. Tarbiyalanuvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta-sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinadigan ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat birligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo boʻlishiga tarbiyalanuvchilardan jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishning paydo boʻlishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasidagi tajribalarga ega emasliklari bois, mazkur bosqichda pedagogning asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat boʻladi.
Ushbu bosqichda pedagogning talabchanligi qat’iyligi, izchilligi, murosasizligi va jamoaning barcha a’zolariga talabni birday qoʻya olishi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu vaziyatda oʻqituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligini, aks holda bir qarashdan intizomning vujudga kelganligi ma’lum boʻlsada, guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun sharoitning mavjud emasligini hisobga olish zarur. Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faollarining paydo boʻlishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridandirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar va pedagog faoliyati va talablariga nisbatan hayrixohlik bilan munosabatda boʻladilar. Faollar pedagogning yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.